Ronaldu futbol dunyosining afsonasiga aylanib ulgurgan. Shu bilan birga u ancha injiq va arazchi hamdir. Biz bugun portugaliyalikning faoliyati davomida ro‘y bergan ayrim "g‘alati" voqealar va bunga futbolchining javobi haqida gaplashamiz.
Stadionni erta tark etish
"MYU" kecha "Tottenxem"ga qarshi bahs yuritdi. Unda qariyb 90 daqiqa o‘z navbatini kutgan Ronaldu maydonga tushirilmadi. Shu sababli, u o‘yin yakunlanmasdan, jahl bilan kiyinish xonasiga yo‘l olgan. U jamoadoshlari bilan g‘alabani birga nishonlashni istamaydi. Ten Xag esa bu voqeaga o‘z munosabatini bildirib, "Ronaldu masalasini ertaga qoldiramiz" degandi. Bunday voqea ilk bor bo‘layotgani yo‘q. Ronaldu mavsum avvalida "Rayo Valyekano" bilan bahsni ham oxirigacha yetkazib qo‘ymay, stadionni tark etgan.
Ueyn Runi voqeasi
Runi va Ronaldu bir paytlar "MYU"da birga harakat qilgan. Ular katta ishlarni amalga oshira olgan va besh yil davomida katta sovrinlarga ega chiqqan. Runi 2022 yilning aprel oyida Ronaldu haqida fikr bildiradi va shunday deydi: "Ronalduni hozirgi holati haqida biror nima deya olmayman. Ha, u mavsumda muhim gollar urdi. "Tottenxem"ga qarshi xet-trik qayd etdi. Ammo kelajak yoshlar bilan. Menimcha, klub bundan keyin yoshlarga ko‘proq imkoniyat beraverishi kerak".
Ushbu fikrlardan keyin Ronaldu Runiga qarshi ijtimoiy tarmoqlarda "Rashkchi" deya post qoldirgan edi.
Antonio Kassano voqeasi
Kassano "Real"ning sobiq futbolchisi, ayni damda esa, Ronalduning eng ashaddiy tanqidchisi ham hisoblanadi. U o‘z nutqlaridan birida dunyodagi eng buyuk besh futbolchi haqida gapiradi. Ammo bu ro‘yxatga Krishtianu Ronalduni kiritmaydi. Shundan keyin Ronaldu Kassanoga "WhatsApp"dan yozadi va o‘ziga nisbatan nohaqlik va behurmatlik qilmaslikni talab qiladi. Bu haqida Kassanoning o‘zi shunday deydi: "U menga yozdi va shuncha sovrin yutgani uchun unga behurmatlik qilmasligimni so‘radi. Ammo men haqiqatni aytishdan qo‘rqmayman. Men Ronalduni yomon demadim. Shunchaki, undan ko‘ra Messi ancha yaxshiroq ekanini bildirdim. Haqiqatni tan olish kerak".
"Transfermarkt"
2020 yilning mart oyida "Transfermarkt" portali Xorxe Mendesh tomonidan agentlik qilinadigan 11 futbolchi ro‘yxatini e’lon qiladi. Garchand Ronaldu ham ro‘yxatda keltirilgan bo‘lsa ham, u o‘zining bor-yo‘g‘i 75 million funtga baholanganidan jahli chiqadi. Shu sababli "Transfermarkt"ning Instagram'dagi profilini o‘zi uchun bloklab qo‘yadi. Bu yerda Ronalduning jahlini chiqargan eng katta narsa, bu Ronaldu hamda undan teparoqda turgan futbolchining bozor narxida 30-50 million funtlik farq borligida edi. Ayni damda esa aynan o‘sha portal tomonidan Ronalduga 18 million funt narx belgilangan.
"France Football" bilan jang
Ronaldu har jabhada Messi bilan bellashib kelgan. Ammo "Oltin to‘p" borasida "France Football" nashri sababli Messiga imkoniyatni boy berib qo‘yadi. Kamiga nashr muharriri Paskal Ferre Ronaldu haqida shunday deydi: "Ronalduning birdan-bir maqsadi Messidan ko‘p "Oltin to‘p" olib, futbolni tark etish. Uning o‘zi menga shunday degan".
Oradan ko‘p o‘tmay esa Ronaldu bu fikrga o‘zining Instagram sahifasida shunday munosabat bildiradi: "Paskal hammani aldadi. U mening nomimdan o‘zi va o‘zi ishlaydigan muassasaning ommaviyligini oshirish uchun foydalandi. Bunday ish "France Football"ga yarashmaydi. Ular menga nisbatan nohaqlik qilishdi. Mening eng katta maqsadim klubim va mamlakatim uchun iloji boricha yordam berish va sovrin yutishdir. O‘z nomimni tarixga oltin harflar bilan yozib ketsam, bas".
Mana shunday voqealar sababli Ronaldu ayrim paytlarda o‘z g‘azabini izhor etib turadi. Hozirga kelib, uning "MYU"dagi kelajagi noma’lum bo‘lib qoldi. Oldinda uni nima kutayotganini esa kuzatishda davom etamiz.
ISMATOV J.