Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Nike kompaniyasiga zo‘r javob

Nike kompaniyasiga zo‘r javob

Baho:
+ | -

36 yillik tanaffusdan keyin JCH yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan Kanada milliy jamoasi hozirda mundial o‘yinlariga astoydil hozirlik ko‘rmoqda.

KONKAKAF vakilining texnik homiysi Nike esa ushbu tarixiy voqeani vaqtida qadrlamadi - AQSH kompaniyasi yaqinda JCH-2022ga chiqqan barcha hamkor jamoalarga yangi liboslarni taqdim etdi, ammo kanadaliklar eski dizaynda ishlangan forma bilan qolishdi...

Nike buni Kanada futbol federasiyasi milliy jamoa ekipirovkasi bo‘yicha bosh­qacha reja tuzayotgani bilan izohladi. Aftidan, Kanada termasining JCH-2022 yo‘llanmasini yutishiga milliy federasiya ham, kompaniya ham ishonmagan, chog‘i. Oxir-oqibat, faqat kanadaliklar Qatar mundialiga o‘tgan yilgi liboslarda boradigan bo‘lishdi. Diqqatga sazovor tomoni, Kanada termasi yetakchilaridan biri Jonatan Devid bunga vaqtida jiddiy javob berdi. «Lill» hujumchisi Qatar termasiga qarshi kechgan «o‘rtoqlik» (2:0)da golni nishonlash chog‘i shunchaki, libosidagi Nike logotipini qo‘li bilan yashirdi. O‘z o‘rnida Devid Kanada termasidagi 30-o‘yinida 20-golini rasmiylashtirganini ham aytish joiz. Darvoqe, Jonatan Nike kompaniyasining asosiy raqobatchisi Adidas bilan shaxsiy shartnomaga ega. Hujumchi aynan Germaniya brendi tomonidan tayyorlangan butsalarda to‘p tepadi. 

Umuman, Devid Nike ishiga oshkora norozilik bildirgan kanadalik yagona futbolchi emas. «Ochig‘i, nima deyishga ham hayronman, bundan qoyil qolganim yo‘q, - dedi Turkiyada o‘ynayotgan Sem Adekugbe. - Shun-chaki, har bir jamoa JCH uchun yangi forma olishi kerakligini bilaman, axir bu ramziy ma’noga ega voqea. Yo‘q, ortiqcha g‘azablanmadim, faqat jamoa­ga yangi dizayn asosida ishlangan futbolka berilishini xohlayman. Zero, mundialga chiqqanimizni qadrlashimiz shart». Kanada futbol federasiyasi bosh kotibi Erl Kokrayn esa xuddi Nike vakillari kabi barchasini vaqt tig‘izligiga yo‘ymoqda: «Tushunish kerakki, ekipirovkaga jiddiy o‘zgarishlar kiritish ko‘p yillik jarayon hisoblanadi».

Savol: Kanada termasining JCHga yo‘l olishiga chindan ham, hech kim ishonmaganmi? Ehtimol. Harqalay, Kanada bosh jamoasining shunchalik keskin ko‘tarilishga yuz tutishi mumkinligini ko‘pchilik xayoliga ham keltirgan emasdi. Raqamlarda aytsak, mamlakat futbol federasiyasi 2018 yilning dekabr oyida Nike bilan shartnoma tuzgan payt milliy jamoa FIFA reytingida atigi 78-qatorda bo‘lib, «mitti» Kyurasao termasidan atigi 2 pog‘ona yuqorida edi. Endi esa kanadaliklar 43-o‘ringa ko‘tarildilar. Nike firmasining yangi forma loyihalashi va yaratishi uchun esa chamasi 18 oy ketadi. Har holda, ma’lumotlarga qaraganda, kompaniya boshqa jamoa­larga yangi to‘plam tayyorlash jarayonini 2021 yilning mart oyida boshlagan ekan. Kanada termasi esa ayni o‘sha vaqt JCH saralashiga kirishgandi. «Bu gaplarning hammasi bizga hech kimning ishonmaganidan dalolat, - dedi Adekugbe The Athletic nashriga bergan intervyusida. - Menimcha, Kanadaning o‘zida ham jamoamizga ishonishmagan. Muvaffaqiyatga chin yurakdan ishongan yagona inson - bu terma jamoa bosh murabbiyi Jon Xerman. Uning atrofiga yig‘ilgan jamoa vakillari ham».

Aytgancha, azaldan kuchli sanalgan Kanada ayollar terma jamoasi hozirda chinor barg­lari naqshi tushirilgan va individual dizayn asosida ishlangan formaga ega. Erkaklar jamoasi esa mamlakat uchun tarixiy JCHda eski shablon bo‘yicha tayyorlanadigan kamtarona futbolkada qatnashadi. Ekipirovkalar bo‘­yicha britaniyalik ekspert Fil Delvs kanadaliklar katta imkoniyatni qo‘ldan chiqarishganini ta’kidlamoqda. Uning fikricha, Nike loaqal Kanada termasining 1986 yilgi to‘plami (Adidas brendi) shabloni asosida yangi forma taqdim etsa bo‘lardi. Eslatma, kanadaliklar o‘shanda birinchi marta mundialda qatnashishgandi. «Bu - sharmandalik. JCH o‘yinlarida kiyiladigan libos dizayni millionlar odamlar yodida qoladi. Kanada termasiga qaragan aksariyat muxlislar esa «Buncha zerikarli...», deb o‘ylashadi. Vaholanki, kanadaliklarda 2018 yilgi Nigeriya termasi kabi o‘zlarini o‘zgacha tanitish imkoniyati yuzaga kelgandi. Unutmaslik kerak, jamoalarni kiygan formasiga qarab qo‘llab-quvvatlaydigan odamlarning butun bir guruhi yo‘q emas. Qolaversa, jahon chempionati - bunday taqdimot uchun eng zo‘r imkoniyat» - Fil Delvsning xulosasi shunday.

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:00, 25.10.2022.
O'qildi: 2352 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.