Bunga ishonish qiyin, lekin Xavi Simons hozirning o‘zida professionallarga dars bera oladi.
Yaqinda «Barselona» akademiyasida chopib yurgan qo‘ng‘iroqsoch yigitcha shu yilning yozida PSVga o‘tdiyu, dastlabki turlardayoq Eredivizionning bosh qahramonlaridan biriga aylandi. Shu qadar sermahsul debyutni o‘zgacha ta’riflashning iloji yo‘q. Startdagi 3ta o‘yinda 4ta gol va 2ta samarali uzatma (hozirgi kungacha 10ta o‘yinda 8ta gol va 3ta assist qayd etgan)ni rasmiylashtirish hammaga nasib etavermaydi. Ayniqsa, debyutant o‘yinchiga. Optaning ma’lumotiga ko‘ra, 21-asrda Niderlandiya chempionatida hech qaysi futbolchi musobaqani Simonschalik shiddatli boshlay olmagan. Vaholanki, Xavi endigina 19ga chiqdi.
«PSJ» Simonsni rad etgandi
Yigitcha 15 yoshida Mino Rayolaning agentligi bilan shartnoma imzolagandi. «Barselona» Xavining tanlovini kinoya bilan kutib oldi. Biroq ijtimoiy tarmoqlar yulduzi klubning maslahatiga e’tibor bermadi. 2019 yilda Rayola «Barselona» mutasaddilarini futbolchi uchun ko‘pmillionli ish haqi, o‘zi uchun kamtarin vositachilik to‘loviga ko‘ndirishga urinib ko‘rgandi. Lekin rad javobini olgach, mijozini «PSJ»dan olib ketdi - parijliklar rozi bo‘lishdi.
Maurisio Pochettino o‘tgan mavsumda asosiy tarkibdan joy bergan bo‘lsada, Parijda Xavining o‘yinlari qovushmadi. Simons ichki chempionatda hammasi bo‘lib 6 marta maydonga tushdi, Fransiya Kubogi doirasidagi «Nissa»ga qarshi uchrashuvda hal qiluvchi penaltini amalga oshirishga jur’at etdi. Yuiroq L~Equipe gazetasida yozishlaricha, boshqa futbolchilar mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishni istamaganliklari sababli, Xavi 11 metrli jarima zarbasini tepishga majbur bo‘lgan.
El Nacional ma’lumotiga ko‘ra, qishda «Barsa» Joan Laporta va Xavining istaklariga binoan Simonsni qaytarishni mo‘ljallagandi. Lekin Lionel Messi ularni fikridan qaytardi. Oxir-oqibat, Leoning maslahati niderlandiyalik futbolchining Kataloniyaga qaytmaganligi sabablaridan biriga aylandi. Yana bir sabab - o‘yinchi uchun asosiy tarkib a’zolari darajasidagi maosh. Parijdagilar ham Mbappe bilan yangi shartnomani imzolaganlaridan keyin, aynan shu sababga ko‘ra Simonsdan voz kechishdi. Shundan keyin Simonsni kelajagi porloq Rud van Nistelroyning PSVsi o‘z tarkibiga qo‘shib oldi.
Van Nistelroy - sovrin sohibi. «Real» kuzatmoqda
Mabodo bexabar qolgan bo‘lsangiz, Rud van Nistelroy mustaqil ravishda top-klubni boshqarmoqda. U Eyndxoven klubini qabul qilib oldi. Bungacha Rud akademiyaning turli lavozimlarida ishladi, U-18 va U-21 jamoalarini boshqardi. Qo‘shimchasiga, Niderlandiya terma jamoasi bosh murabbiyiga assistentlik vazifasini bajardi.
SODIQ SOBIR tayyorladi