FIFA Portugaliya — Xorvatiya (2:1) uchrashuvida xorvatlarning 90+13-daqiqada urgan goli nega bekor qilinganiga izoh berdi.
Uchrashuvning ikkinchi bo‘limiga qo‘shib berilgan 13-daqiqasida Xorvatiya hisobni tenglashtirgan edi. Biroq bosh hakam Espen Eskos VAR yordamida vaziyatni ko‘rib chiqqach, Mario Pashalich ofsayd holatida bo‘lgani sababli golni inobatga olmadi.
FIFAning ta’kidlashicha, "Trionda" rasmiy to‘piga o‘rnatilgan "Connected Ball Technology" texnologiyasi ma’lumotlari to‘p Igor Matanovichning boshiga tekkanini tasdiqlagan.
«Connected Ball Technology texnologiyasi bilan jihozlangan rasmiy "Trionda" to‘pi ma’lumotlariga ko‘ra, Xorvatiya terma jamoasining 20-raqamli futbolchisi Igor Matanovich goldan avval to‘pga tekkani tasdiqlandi. Bu hakamga ofsayd holatini to‘g‘ri aniqlash va golni bekor qilish imkonini berdi.
"Trionda" to‘pi ichiga joylashtirilgan IMU sensorlari to‘pga bo‘lgan eng kichik teginishni ham qayd eta oladi. Bu esa hakamlarga tez va aniq qaror qabul qilish uchun qo‘shimcha ma’lumot taqdim etadi», — deyiladi FIFA bayonotida.
Mag‘lubiyatdan keyin Xorvatiya terma jamoasi musobaqa bilan 1/16 final bosqichida xayrlashdi. Eslatib o‘tamiz, jamoa 2022 yil Qatarda o‘tgan jahon chempionatida yarim finalgacha, 2018 yilgi mundialda esa finalgacha yetib borgan edi.













