Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Maydonlar masalasida O‘zPFL nimalarga e’tibor beryapti?

Maydonlar masalasida O‘zPFL nimalarga e’tibor beryapti?

Baho:
+ | -

O‘zbekiston Professional futbol ligasi Superliga hamda Pro liga stadionlarini talab darajasiga olib chiqish ustida ishlayapti. 2022 yilning o‘zida Toshkent, Farg‘ona, Buxoro va Xorazmdagi katta stadionlar qayta foydalanishga topshirildi. Projektor bilan bog‘liq muammolar sabab chempionatning ikki klubiga o‘z arenasida o‘yin o‘tkazishga ruxsat etilmadi.

Kubok finali haqida jamoatchilik fikri iliq bo‘ldi. «Buxoro» arenasiga 2022 yilgi final ishtirokchilari yetib kelgach, ular rasmiy mashg‘ulotda ishtirok etdi. Har ikki tomon rasmiylari, futbolchilar maydonga nisbatan biror e’tiroz bildirmadi. Bu esa final uchrashuvini ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazishga yordam berdi. Bugun biz mazkur arena maysasini talab darajasiga keltirgan mutaxassis Uchqun Quvonov fikrlari bilan qiziqib ko‘rishni lozim topdik. Mutaxassis 2015 yildan boshlab shu sohada faoliyat olib boradi. U o‘tgan davr mobaynida Qarshi, Namangan, Buxoro va Farg‘onadagi markaziy maydonlarni, shuningdek, Toshkentdagi «Jar» stadioni maydonini talab darajasiga keltirdi. Ayni vaqtda mutaxassis «Bunyodkor» maysasini yaxshilash ishlarini amalga oshirmoqda.

«Futbol maydonlari bilan ishlash juda nozik masala. Chunki bunda tuproqdan tortib, iqlim sharoitiga qadar o‘rganish, futbolning ich-ichiga kirib borish, uni his qilish talab etiladi. Tabiatning qator injiqliklari, parvarish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislarning mayda xatolari ham katta ishni barbod qilishi mumkin. Biz Qarshidagi maydonni foydalanishga topshirish asnosida bunday muammolarning barchasiga duch keldik. Qarshida yoz juda issiq, hudud cho‘l bilan o‘ralgan, toza ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolar bor edi», — deya gap boshladi Uchqun Quvonov.

“Shundan keyin Yevropa va Osiyodagi stadionlarni yaqindan o‘rganishni boshladik. So‘nggi to‘rt yil ichida Turkiyaning «Beshiktosh», «Galatasaray», «Fenerbahche» klublari uy o‘yinlarini o‘tkazadigan arenalarni ipidan ignasiga qadar qarab chiqdik. Keyin Rossiyaning «Lujniki», «Axmat arena», «Krasnodar» kabi stadionlarida bo‘lib, mutaxassislar bilan fikr almashdik. BAA safari davomida Otabek Shukurov to‘p suradigan «Sharja» o‘yingohida bo‘ldik, o‘zimizni qiynayotgan qator savollarga javob oldik. Bular qatoriga Saudiyadagi 4 ta stadion, Gruziyaning Batumi shahridagi katta stadion, Myunxendagi mashhur arenani ham qo‘shish mumkin. Ularning hammasidan nimadir oldik, izlandik. Biz bu bilan 4 xil iqlim sharoitida maysani qanday parvarish qilish mumkinligini o‘rgandik”.

Mutaxassis fikriga ko‘ra, agar stadion drenaj tizimi hamda poydevori yaxshi bo‘lsa, u kamida 20 yil va hatto undan ko‘p vaqt davomida ham normal holatda ishlab berishi mumkin. Agar maysa parvarishiga jiddiy e’tibor bilan yondoshilsa, yil davomida u to‘liq nazorat qilinsa, vitaminlar bilan oziqlantirilsa, bunday maysa 100 yil davomida ham yashnab turadi. Biroq afsuski, ayrim futbol klublarida, stadionlar rahbarlarida bunday tushunchaning o‘zi yo‘q. Ular maydon holatini tabiatning o‘ziga tashlab qo‘ygan. Bunday ahvolda esa sifatli maydon bo‘lmaydi.

«Buxoroga bizni taklif qilishdi. Bizgacha bo‘lgan ishni ko‘zdan kechirdik, kamchiliklarni aniqladik, viloyat rahbariyatiga barchasini tushuntirib berdik. Bu O‘zPFL talabi edi. Biz 8 oy davomida Buxoroga o‘z texnikamiz, mutaxassislarimizni kiritib, jiddiy ish olib bordik. Aprel oyida O‘zPFL rahbarining o‘zi Buxoroga keldi, barcha masala qayta o‘rganildi va stadion futbol o‘yinlari uchun qayta ochiladigan bo‘ldi», — deydi mutaxassis.

Mutaxassis respublikadagi boshqa maydonlar haqida ham fikr bildirdi: «Paxtakor» klubi uzoq vaqt davomida maydonga jiddiy e’tibor berdi va hamkasblarimiz u erda katta hajmdagi ishni bajarishdi. «Lokomotiv» klubi ham tajribali mutaxassislar bilan ishlagan, uning maydoni ham uzoq yillar yaxshi holatda turdi. «Turon» klubini ham shundaylar qatoriga kiritish mumkin. Rahbariyat yaxshi maydon qilish uchun hech narsani ayamadi, ular o‘zlari izlanib, o‘rganib, Yaypanda ajoyib maydon barpo qilishdi. Agar qolgan klublar yoki viloyatlar rahbariyati ham bir yilda bitta maydon uchun kamida 500-600 million so‘m harajat qilish shart ekanligini ongli ravishda tushunib etsa, bizda yaxshi maydonlar ko‘payadi. Qaytaraman, so‘nggi 2 yilda maydonlar masalasida yaxshi o‘zgarishlar bor. Biroq to‘xtab qolmaslik kerak. Chunki kimlarningdir umuman ishlamasligi oqibatida AGMK, «Turon», «Jar», «Lokomotiv», «Paxtakor» kabi klublar to‘p suradigan maydonlarga juda katta zo‘riqish to‘g‘ri kelyapti. Bir joyni to‘g‘irlasangu, boshqasi shu joyni barbod qilib tursa, bu adolatdan emas”, — deydi Uchqun Quvonov.

O‘zPFL kelasi yildan boshlab bu kabi mavzularda qator ishlarni amalga oshiradi va agronomlar bilan boshqa suhbatlarni ham havola qiladi. Hozircha esa futbol muxlislari biror xulosaga kelishlari uchun yuqoridagilarni bayon qilishni lozim topdik.

«Qoidaga ko‘ra, stadion rahbariyati maydonni qabul qilib olgach, unda 1 ta rasmiy uchrashuv o‘tkaziladi va maydon sifati borasida hech qanday e’tiroz bo‘lmasa, biz ishimizni yakunlagan bo‘lamiz hamda ishni topshirib, stadiondan chiqib ketamiz. Biroq Buxoroda havo juda issiq. Biz Qarshida bunday muammolarga duch kelganimiz uchun ishdan qochmadik va rahbariyat iltimosiga ko‘ra butun yoz davomida ham maydon parvarishi bilan shug‘ullandik. Uning holati talab etilgan darajada saqlanib turdi. Shundan keyin O‘zPFL iltimosi bilan final o‘yiniga qadar maydondan texnika va mutaxassislarni olib chiqmadik. Final ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Bizning Buxoroda qiladigan ishimiz qolmadi. Biroq muammo endi boshlanishi mumkin. Chunki stadionning o‘zi bizdan keyin uni parvarish qilishga tayyor bo‘lmasligi mumkin. Odatda har qanday kompaniya maydonda ish boshlagach, unga mahalliy mutaxassislar biriktirilishi, ular oylab ishni o‘rganishi kerak. Chunki kompaniya o‘z ishini yakunlagach, mahalliy mutaxassislar shu ishni davom ettirishi shart. Maydon maysasi nozik va injiq. U tunu kun e’tibor talab qiladi. Agar ozuqani me’yoridan ko‘p yoki kam bersangiz, suvni noto‘g‘ri taqsimlasangiz, biror noto‘g‘ri parvarish qilsangiz, maydon uch kunda ham holatini o‘zgartirishi mumkin. Qolaversa, maydon keyinchalik ham yaxshi holatda saqlanishi uchun zarur texnika vositalari kerak. Afsuski, Buxoroda bunday texnika yo‘q. Menga ma’lum bo‘lishicha, O‘zPFL rahbari Buxoro viloyati hokimi va BNQIZ rahbari bilan uchrashuvda bu masalani ko‘targan va ular qishga qadar texnika sotib olishga va’da berishgan. Agar shunday qilinmasa, maydon kelasi mavsumda O‘zPFL qo‘yayotgan talab darajasidan chiqishi mumkin».

O‘zPFL maydon texnikasi masalasida ham ikki yildan buyon bosh qotiradi. Bunday texnika bugunga kelib qator stadionlarda mavjud emas. Biz Andijon, Bekobod, Samarqand, Jizzax, Surxondaryo maydonlarini o‘rganish jarayonida ham texnika talabini qo‘yganmiz. Mazkur talab 2023 yilgi mavsum oldidan klublar smetasidan o‘rin olishi ko‘zda tutilgan.

Afsuski, xalqaro o‘yinlardan keyin «Nasaf», «Paxtakor», «Lokomotiv» kabi stadionlar maysasida ham toliqish bor. Endilikda mazkur stadionlar maysa masalasida jiddiy bosh qotirmoqda. AGMK maysani almashtirishi lozim, Namangandagi stadionda esa yangi mutaxassislar ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yib, sal qolsa maydon holatini buzib qo‘yishi mumkin edi. Jizzaxdagi arena maysasi 2023 yil uchun qabul qilinmaydi. Muammolarni to‘liq hal qilish esa vaqt talab etadi.

«Biz Diyor bilan 2017 yilda tanishgandik. Maydon masalasida suhbatlashish uchun u Qarshiga keldi. O‘tgan vaqt davomida hamkorlikda ishlab keldik. So‘nggi 5 yil bilan solishtirsa, maydonlar keskin yaxshilandi. O‘zPFL viloyatlar rahbarlarining stadionlarga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish uchun tinimsiz harakat qilayotganidan doim xursand bo‘laman. Albatta birdaniga katta talab qo‘yib bo‘lmaydi. Yo‘qsa, O‘zbekistonda 4-5 ta stadiondan boshqasi qolmaydi. Hammasi bosqichma-bosqich ketyapti. Agar klublar o‘z chiqimlari qatoriga maysa parvarishini ham qo‘shishni odatga aylantirishsa, hammasi yanada yaxshiroq bo‘ladi. O‘zPFL hozir shuning harakatida ekani kishini quvontiradi. Chunki agar siz sifatli futbol ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, buning uchun birinchi navbatda sifatli maydon kerak bo‘ladi».

Manba: pfl.uz
Kiritildi: 13:10, 29.11.2022.
O'qildi: 2294 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.