Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

O‘zgarayotgan «Andijon», Arveladzening e’tirofi yoxud viloyat hokimi klubning istiqbolli rejasi bilan tanishdi

O‘zgarayotgan «Andijon», Arveladzening e’tirofi yoxud viloyat hokimi klubning istiqbolli rejasi bilan tanishdi

Baho:
+ | -

“Andijon” futbol klubi yangi mavsum uchun allaqachon tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborgan. Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov “Andijon”ni yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ishlarni shaxsan o‘z nazoratiga olgan.

Jamoa mavqeini, imidjini oshirish hamda klubni yangicha qiyofaga olib chiqish, Superligada raqobatbardosh darajaga aylantirish va ayniqsa har jihatdan rivojlantirish bugungi kundagi muhim masala hisoblanadi.

Baribir xohlaymizmi-yo‘qmi, viloyat hokimining yordami bilan jamoa a’zolari oldidagi barcha qarzdorliklarning bartaraf etilgani hech kimni befarq qoldirgani yo‘q. Ayniqsa, xorijda ishlayotgan mutaxassislar ham bu yangilikdan xabardor bo‘lishdi va yuqori baho berdilar.

Masalan, “Paxtakor” klubining sobiq bosh murabbiyi, yevropalik taniqli mutaxassis, oxirgi bor Angliya chempionship vakili – “Xall Siti” klubini boshqargan Shota Arveladze ham jamoadagi o‘zgarishlardan xabardor bo‘lib turibdi.

Jumladan, Shota Yustinovich “Andijon” matbuot xizmatiga shunday dedi: “Birinchi navbatda “Andijon” futbol klubini yana Superligaga qaytgani bilan tabriklayman. To‘planib qolgan ish haqlarini birdaniga berilgani yaxshi bo‘libdi. Normal tizim shunday bo‘lishi kerakki, maoshlar o‘z vaqtida to‘lanishi lozim. Yangi mavsumda ham “Andijon” jamoasiga Superligada omad tilab qolaman”, - deya o‘zining samimiy tilaklarini bildirdi.

Aytmoqchimizki, “Andijon” jamoamizning yangi mavsum uchun harakat boshlagani va rivojlanish strategiyasi ishlab chiqilgani ayni muddao. E’tiborlisi, viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov “Bobur Arena”dagi ishlar bilan yaqindan tanishish va klub kelajagini muhokama qilish uchun stadionga tashrif buyurdi.

Viloyat rahbari avvaliga stadion maydonining chimini almashtirish bo‘yicha qilinayotgan ishlarni diqqat bilan ko‘zdan kechirdi. Mutasaddilarga kerakli topshiriqlarni bergan holda hammasi o‘z vaqtida, kechikmasdan bajarilishi muhimligini eslatdi.

Shundan so‘ng, stadion binosida viloyat hokimi uchun “Andijon” jamoasining yangi mavsumga tayyorgarlik jarayoni va bir necha yillik rivojlanish rejasi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Klub bosh direktori Ulug‘bek Mirzayev kelasi yil uchun xarajatlar smetasi tuzilganini va uni qaysi yo‘sinda ishlatish bo‘yicha asoslangan holda qanday rejalar ishlab chiqilgani haqida ma’lumot berdi.

Masalan, 2023 yilda oyma-oy davomida mablag‘larning taqsimlangan holati ham namoyish etildi. PFL talablariga ko‘ra, Superliga jamoasining xarajatlar smetasi asosiy tarkib, U-21, U-19 jamoalari, shuningdek, futzal hamda ayollar jamoalari, qolaversa, klub administrasiyasi hamda xizmat ko‘rsatuvchi personallar kabi bo‘limlardan iborat. Taqdimotda ushbu vaziyatga ham e’tibor qaratildi.   

Shu bilan birga moliyalashtirish manbalari hisoblangan homiylar masalalari ham ko‘rib chiqildi. Bundan buyon viloyatdagi barcha futbol maktablari faqat “Andijon” futbol klubi uchun xizmat qilishi va buning uchun viloyat futbolida yaxlit tizim yaratilishi alohida e’tiborga olindi. Bu masala bo‘yicha keyinroq yana batafsil ma’lumot beramiz.

Eng muhimi, yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish, seleksiya ishlarini faol tarzda olib borish, jamoani kuchaytirish bo‘yicha moliyaviy tomondan barqarorlikni ta’minlash masalasiga viloyat hokimi alohida e’tibor qaratayotgani ahamiyatlidir.

Bundan tashqari, yana qo‘shimcha mablag‘lar ishlab topish bo‘yicha ham mutasaddi rahbarlar viloyat hokimiga yangi ishlab chiqilgan rejalar yuzasidan ma’lumotlar berdi.

“Andijon” Superligada o‘z o‘rniga ega bo‘lishi, elitada vaqtinchalik jamoaga aylanib qolmasligi uchun amaliy ishlarning boshlab yuborilgani albatta quvonarli. Bu borada viloyat rahbari Shuhratbek Abdurahmonov jamoani har jihatdan qo‘llab-quvvatlamoqda.  

"Andijon" matbuot xizmati.

Manba: https://t.me/andijonpfc
Kiritildi: 10:15, 01.12.2022.
O'qildi: 3951 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.