O‘zbekiston chempionati elit ligasining hisob bo‘yicha 31-mavsumi ham «Paxtakor»ga ataldi. Masofa davomida o‘z mavqeini nisbatan yo‘qotgandek tasavvur uyg‘otgan poytaxt jamoasi finish marrasiga yaqin «Nasaf» va «Navbahor»ning ochko yo‘qotishlari hisobiga yana «oltin»ga burkandi. Xo‘sh, O‘zbekiston chempionati tarixidagi medallar taqsimoti qanday ko‘rinishga keldi?
OLTIN MEDAL
Hamma biladi, milliy chempionatimiz hisobotida oltin medallar miqdori mavsumlar soniga mutanosib emas. Zero, 1992 yili o‘tkazilgan birinchi mavsum yakunida «Neftchi» va «Paxtakor» teng miqdorda ochko to‘plagach, futbolimizning o‘sha vaqtdagi rahbariyati qarori bo‘yicha har ikki klub chempion sifatida tan olingan. Shuning hisobiga kumush medal egasiz qolgan. Umuman olganda, 31 yilda atigi 7ta jamoaga liga shohsupasining eng yuqorisiga chiqish nasib etdi. Bu borada «Paxtakor» rekordi mutlaqo daxlsiz. Har holda, «sherlar» bu yil 15-marta «oltin»ga ega chiqishdi. «Neftchi» va «Bunyodkor»da 5tadan oliy probali medal bor - ikkinchi yaxshi natija. «Lokomotiv» qatorasiga 3 marta chempionlikka erishgan bo‘lsa, yo‘qlik sari yuz tutgan «Do‘stlik» bu ishni 2 bora amalga oshirgan. Yana bir sobiq jamoa - MHSKda 1ta chempionlik rutbasi bor, «Navbahor»da ham.
Fakt. Chempionlik seriyasi bo‘yicha rekord natija ham «Paxtakor»ga tegishli. «Sherlar» 2002-2007 yillar oralig‘ida qatorasiga 6 mavsum taxtdan tushishmagan. Shuningdek, yana uch holatda muayyan klub ketma-ket 4 marta chempion bo‘lgan - «Neftchi (1992-1995 yillar), «Bunyodkor» (2008-2011 yillar) va «Paxtakor» (2019-2022 yillar).
KUMUSH MEDAL
«Kumush poyga»da «Neftchi» yaqqol peshqadam. Farg‘ona jamoasi 5 marta chempionlik sharobini ichishdan tashqari, 9 mavsum yakunida turnir jadvalining 2-pog‘onasidan joy olgan. «Paxtakor» kolleksiyasida esa 6ta ikkinchi probali medal bor. Bu borada chempionatning 3-yaxshi natijasi «Lokomotiv»ga tegishli - «temiryo‘lchilar» 4 karra vise-chempion hisoblanishadi. «Bunyodkor» va «Nasaf» esa 3 martadan mavsumni 2-o‘rinda yakunlagan. Shuningdek, «Buxoro» («Nurafshon»), MHSK, «Mash’al», «So‘g‘diyona» va «Navbahor»ning sovrinlar kolleksiyasida 1tadan «kumush» yarqirab turibdi. Demak, chempionat tarixida ikkinchi probali medalga ega chiqqan klublar soni roppa-rosa 10ta.
Fakt. «Neftchi» 1996-2000 yillar oralig‘ida qatorasiga 5 marta chempionatning 2-raqamli jamoasi bo‘lgan - bu eng uzun «kumush seriya»dir. Farg‘onaliklar yana bir marta (2002-2004 yillar) 3 mavsum davomida 2-o‘rinni band etishgan. Keyinchalik «Paxtakor» (2008-2010 yillar) va «Lokomotiv» (2013-2015 yillar) ham kumush medal olish borasida shunday seriya qayd etdi. Oxirgi ikki mavsum esa bizga «kumush»ning yangi sohiblarini taqdim etdi - «So‘g‘diyona» va «Navbahor».
BRONZA MEDALI
«Nasaf» O‘zbekiston chempionatining chinakam «bronza» jamoasi. Qarshiliklar bu yil 3-probali medalga 11-marta ega chiqishdi. To‘g‘ri, bu borada «Navbahor» natijasi ham uncha kam emas - 9 karra 3-o‘rin sohibi! Oddiy aytganda, mavjud 31ta «bronza»dan 20tasi (deyarli 65 foizi) 2ta jamoa hisobida. Qolgan 11ta medal 9ta klubga tegishli. Jumladan, «Paxtakor» va AGMK muzeyida 2tadan «bronza» bor. MHSK, «Neftchi», «Bunyodkor», «Lokomotiv», «Mash’al», «So‘g‘diyona» va «Qizilqum» bu klublar O‘zbekiston chempionati elit ligasida 1 martadan 3-o‘rinni egallagan.
Fakt. 3-o‘rin bo‘yicha eng uzun seriya tabiiyki, «Nasaf» tomonidan qayd etilgan - 2013-2016 yillar qatorasiga 4 mavsum. «Navbahor»da esa bu boradagi seriya ikki marta 3 mavsumga cho‘zilgan. 2020-2021 yillar mavsumlarini 3-o‘rinda yakunlagan AGMK O‘zbekiston chempionatining 11-«bronza» jamoasidir.
O‘ZBEKISTON CHEMPIONATI ELIT LIGASINING BARCHA SOVRINDORLARI
1992 yil. Oltin: «Paxtakor», «Neftchi»; kumush: -; bronza: «So‘g‘diyona»
1993 yil. Oltin: «Neftchi»; kumush: «Paxtakor»; bronza: «Navbahor»
1994 yil. Oltin: «Neftchi»; kumush: «Nurafshon» («Buxoro»); bronza: «Navbahor»
1995 yil. Oltin: «Neftchi»; kumush: MHSK; bronza: «Navbahor»
1996 yil. Oltin: «Navbahor»; kumush: «Neftchi»; bronza: MHSK
1997 yil. Oltin: MHSK; kumush: «Neftchi»; bronza: «Navbahor»
1998 yil. Oltin: «Paxtakor»; kumush: «Neftchi»; bronza: «Navbahor»
1999 yil. Oltin: «Do‘stlik»; kumush: «Neftchi»; bronza: «Navbahor»
2000 yil. Oltin: «Do‘stlik»; kumush: «Neftchi»; bronza: «Nasaf»
2001 yil. Oltin: «Neftchi»; kumush: «Paxtakor»; bronza: «Nasaf»
2002 yil. Oltin: «Paxtakor»; kumush: «Neftchi»; bronza: «Qizilqum»
2003 yil. Oltin: «Paxtakor»; kumush: «Neftchi»; bronza: «Navbahor»
2004 yil. Oltin: «Paxtakor»; kumush: «Neftchi»; bronza: «Navbahor»
2005 yil. Oltin: «Paxtakor»; kumush: «Mash’al»; bronza: «Nasaf»
2006 yil. Oltin: «Paxtakor»; kumush: «Neftchi»; bronza: «Nasaf»
2007 yil. Oltin: «Paxtakor»; kumush: «Quruvchi» («Bunyodkor»); bronza: «Mash’al»
2008 yil. Oltin: «Bunyodkor»; kumush: «Paxtakor»; bronza: «Neftchi»
2009 yil. Oltin: «Bunyodkor»: kumush: «Paxtakor»; bronza: «Nasaf»
2010 yil. Oltin: «Bunyodkor»; kumush: «Paxtakor»; bronza: «Nasaf»
2011 yil. Oltin: «Bunyodkor»; kumush: «Nasaf»; bronza: «Paxtakor»
2012 yil. Oltin: «Paxtakor»; kumush: «Bunyodkor»; bronza: «Lokomotiv»
2013 yil. Oltin: «Bunyodkor»; kumush: «Lokomotiv»; bronza: «Nasaf»
2014 yil. Oltin: «Paxtakor»; kumush: «Lokomotiv»; bronza: «Nasaf»
2015 yil. Oltin: «Paxtakor»; kumush: «Lokomotiv»; bronza: «Nasaf»
2016 yil. Oltin: «Lokomotiv»; kumush: «Bunyodkor»; bronza: «Nasaf»
2017 yil. Oltin: «Lokomotiv»; kumush: «Nasaf»; bronza: «Paxtakor»
2018 yil. Oltin: «Lokomotiv»; kumush: «Paxtakor»; bronza: «Navbahor»
2019 yil. Oltin: «Paxtakor»; kumush: «Lokomotiv»; bronza: «Bunyodkor»
2020 yil. Oltin: «Paxtakor»; kumush: «Nasaf»; bronza: AGMK
2021 yil. Oltin: «Paxtakor»; kumush: «So‘g‘diyona»; bronza: AGMK
2022 yil. Oltin: «Paxtakor»; kumush: «Navbahor»; bronza: «Nasaf»
UMUMIY HISOB-KITOB
Medallarni turlarga ajratmay tahlil qilganda, eng ko‘pi «Paxtakor»da. Diqqat qiling, jami 93ta medaldan 23tasi aynan «sherlar»ga tegishli. Demakki, amaldagi chempion atigi 8 mavsum yakunida medalsiz qolgan, xolos. «Neftchi» esa avvalgi natijalari evaziga hamon 2-yaxshi natijaga ega - 15ta medal. «Nasaf» bundan 1ta kam medal yutgan, ammo qarshiliklarda oliy probalisi yo‘q hozircha. Umuman olganda, O‘zbekiston chempionati elit ligasi tarixida jami 13ta klub o‘z hisobiga medal yozib qo‘ygan.
Fakt. 13ta sovrindor jamoadan 6tasi («Paxtakor», «Neftchi», «Bunyodkor», «Lokomotiv», «Navbahor» va MHSK) hisobida har 3 turdagi medal bor. «Do‘stlik» boshqa medal yutmagan yagona chempion jamoadir.