Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/05 23:45 Kalyari 2-3 Fiorentina
24/05 23:45 Jenoa - Bolonya
25/05 00:00 Jirona - Granada
25/05 17:00 Osasuna - Vilyarreal
25/05 19:15 Real Sosyedad - Atletiko
25/05 21:00 Yuventus - Monsa
25/05 21:30 Almeriya - Kadis
25/05 21:30 Rayo Valyekano - Atletik Bilbao
25/05 23:45 Milan - Salernitana
26/05 00:00 Real Madrid - Betis

Vasilis Xadzipanagis - yaxshilar aro eng yaxshisi!

Vasilis Xadzipanagis - yaxshilar aro eng yaxshisi!

Baho:
+ | -
Bo'lim: O'ZBEK FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

Gresiyaning eng yirik sport nashri - Gazzeta.gr mamlakatda o‘ynagan tarixdagi eng yaxshi futbolchini aniqlash uchun alohida so‘rov o‘tkazdi.

 Xalqaro miqyosdagi ushbu jarayon natijasiga muvofiq, o‘zbek futboli afsonasi Vasilis Xadzipanagis «YAXSHILARNING ENG YAXSHISI» sifatida tan olindi. Yuksak e’tirof!

Vasilis Xadzipanagis - bu ism-familiya Gresiya va O‘zbekistonda o‘zini futbol muxlisi deb hisoblaydiganlarga yaxshi tanish, albatta. Uni ko‘pchilik haligacha buyuk futbolchi sifatida ulug‘laydi. Gresiyaning eng nufuzli sport nashri so‘roviga kelsak, u 1980-2022 yillar oralig‘ida mamlakat milliy chempionatida qatnashgan va yunonistonlik muxlislar qalbidan joy olgan futbolchilar orasida eng yaxshisini aniqlash uchun tashkil etildi. Ushbu xalqaro so‘rovda xorijlik yulduzlardan biri yoki mahalliy futbolchi g‘olib chiqishi taxmin qilingandi. Binobarin, o‘tgan asrning 80-yillaridan e’tiboran Gresiya chempionatida dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan ko‘plab buyuk legionerlar ham faoliyat yuritishgan. Misol tariqasida, Braziliya terma jamoasi bilan jahon chempionatida g‘alaba nashidasini surishgan Rivaldo va Jilberto Silva, Ispaniya­ning «Barselona» klubi tarixida chuqur iz qoldigan braziliyalik yana bir yulduz Jovanni, Fransiya futbolining yorqin namoyandalari Kristian Karambyo va hamda Jibril Sisseni tilga olish mumkin. Bundaylar juda ko‘p - «Atletiko»ning chempionlik mavsumida eng yaxshi futbolchi maqomini olgan yugoslaviyalik Milinko Pantich, Argentina, Polsha, Norvegiya, Portugaliya, Vengriya va boshqa ko‘plab mamlakatlar terma jamoalari vakillari...

Umuman, ko‘plab yetuk ijrochilar nomzodi munosib ko‘rilgani bois, so‘rov tashkiliy qo‘mitasi birinchi bosqichda muxlislar yordami bilan 50 nafar eng yaxshi futbolchi ro‘yxatini shakllantirdi. Shu tariqa so‘rovning ikkinchi raundida muxlislar hukmiga «YAXSHILARNING ENG YAXSHISI»ni tanlab olish havola etildi. Aytish o‘rinli, bunda internet tarmog‘i orqali ochiq ovoz berish tamoyiliga amal qilindi. Oddiy aytganda, so‘rov keng qamrovli tus olib, nafaqat Gresiya fuqarolari, balki xorij mamlakatlarida yashovchi greklar ham ovoz berish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. E’tiborlisi, barcha 50 nafar nomzod futbolchi portreti va ularning qisqacha biografik ma’lumotlari ham internetga joylashtirildi. So‘rov materiallari (https:||www.gazzet-ta.gr|top-greek-football-players-poll)ni ko‘rib chiqish asnosida da’vogarlar qatorida eng yoshi katta futbolchilardan biri Vasilis Xadzipanagis ekanligini payqash mumkin. Bundan tash­qari, yana shunisi ham e’tiborga molikki, o‘zbek futboli tarbiyalanuvchisi Gresiyada muxlislari uncha ko‘p sanalmagan klubda o‘ynagan. Oxirgi «noqulay» holat shuki, 50 nafar da’vogar ro‘yxati ovoz berish uchun yunon alifbosi tartibida taqdim etildi. Shunga muvofiq, Vasilis Xadzipanagis 49-qatorda ko‘rsatildi.

Asosiysi, Gresiyadagi haqiqiy futbol muxlislari (butun dunyodagi greklar ham) Vasilis Xadzipanagisni «YAXSHILARNING ENG YAXSHISI» sifatida tanladilar. Qolaversa, sobiq «paxtakorchi» so‘rovda eng yaqin ta’qibchisi - polshalik Vazexni katta farq bilan ortda qoldirdi. So‘rovda 3-o‘rin braziliyalik jahon chempioni va «Oltin to‘p» sohibi Rivaldoga berilganini ham aytish kerak. Taqdirlash marosimida g‘olibga maxsus sov­rin topshirilganidan so‘ng Gazzeta.gr tahririyati nashr­ning YouTube kanali «Intervyu» sahifasida Vasilis Xadzipanagis va yunon jurnalistlari o‘rtasidagi videomuloqotni havola qildi. OAV vakillari afsona bilan suhbat chog‘i so‘rov natijalari ular uchun «syurpriz» emasligi, aksincha, kutilgan holat ekanligini alohida ta’kidlashdi. Suhbat yakunida Vasilisga bitta qiziqarli savol bilan murojaat qilishdi: «Iste’dod o‘z yo‘liga, buningsiz iloji yo‘q. Aytingchi, sizni futbolchi sifatida qayerda ko‘proq shakllantirishdi - bu yer (Gresiya)dami yoki u yerda (sobiq ittifoq - O‘zbekiston - Toshkent)da?» Xadzipanagis esa o‘ylab o‘tirmay, darhol javob berdi: «Albatta, sobiq ittifoq - O‘zbekiston - Toshkentda».

Vasilis Xadzipanagis 1954 yilning oktyabr oyida Toshkentda tug‘ilgan. Uning otasi kiprlik, onasi esa gresiyalik. Ular ikkinchi jahon urushi tugaganidan bir necha oy o‘tib, Gresiyada boshlangan qonli fuqarolar urushidan qochib, emigrantlar sifatida Toshkentga ko‘chib kelishga majbur bo‘lishgandi. Vasilis yoshligidanoq futbolda katta umid uyg‘ota boshladi. Fantastik tezlik va dribling salohiyatiga ega bolakay to‘pni ohanrabodek o‘ziga tortardi, go‘yo. Shu tariqa Toshkent hovlilarida do‘stlari bilan o‘ynab yurgan yosh bolakay darhol qator jamoalarning seleksioner murabbiylari e’tiboriga tushdi. Toshkent «Dinamo»si hammadan ildamroq harakat qildi, ammo Vasilis bu jamoada uzoq qolmadi. Xullas, 1972 yili 17 yoshli Xadzipanagis «Paxtakor» safiga qo‘shildi, ammo bunga qadar ittifoq fuqaroligini qabul qilishiga to‘g‘ri keldi. Chunki bu professional futbolga kirishning asosiy sharti edi. Yakunda «Paxtakor»da shakllangan Xadzipanagis - An - Fyodorov hujum triosi raqiblarga chinakam boshog‘rig‘i bo‘ldi. Vasilis Toshkent jamoasida deyarli 4 yil o‘ynadi. U shu vaqt davomida jami 96ta uchrashuvda maydonga tushib, 22ta gol urdi. Xadzipanagis va uning jamoasining eng yaxshi lahzalari 1975 yilning kuziga to‘g‘ri keldi. O‘shanda «Paxtakor» sobiq ittifoq chempionati doirasida bir necha oy oldin Yevropa Kubok egalari kubogini qo‘lga kiritgan Kiyev «Dinamo»sini qabul qilib, 5:0 hisobida g‘alaba qozongandi. Aytishlaricha, «Oltin to‘p» sovrini ta’sischisi - nufuzli France Football jurnali vakillari o‘sha o‘yinni stadionda ko‘rishgan va sobiq ittifoqning eng yaxshi futbolchilari ro‘yxatida Oleg Bloxindan keyin ikkinchi o‘rinda Xadzipanagis turishini e’tirof etishgan. Eslatma, 1975 yili «Oltin to‘p» aynan Bloxinga topshirilgandi. 

1975 yilning oxirida Xadzipanagis Gresiyaga ko‘chib ketdi. U Gresiyaga futbolchi emas, vatanga qaytgan emigrantlar oilasi vakili sifatida yo‘l olgandi. 22 noyabr kuni esa qahramonimiz «Iraklis» klubi bilan shartnoma tuzdi, 1 yildan keyin mamlakat kubogini boshi uzra baland ko‘tardi. 1985 yili esa o‘sha paytda o‘tkazilgan Bolqon kubogi turniri g‘olibiga aylandi. 

2003 yili UYEFAning 50 yilligi munosabati bilan Yevropadagi har bir milliy assosiasiyadan mamlakat tarixidagi eng yaxshi futbolchini aniqlash so‘raldi. Gresiya futbol federasiyasi esa aynan Vasilis Xadzipanagisni tanladi. Shu tariqa o‘zbek futboli tarbiyalanuvchisi Bobbi Mur, Alfredo di Stefano, Yozef Masopust, Eysebio va boshqa afsonalar qatoridan joy oldi. Oddiy aytganda, Vasilis Xadzipanagis 2003 yili Gresiyaning 50 yillikdagi eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olindi! Umuman, Xadzipanagisning futboldagi xizmatlari ancha kech, u butsalarini mixga ilganidan keyin tan olindi. Bu ham  Vasilisning butun faoliyatidagi o‘ziga xos aks-sadodir...

Mavlon SHUKURZODA

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 10:00, 05.01.2023.
O'qildi: 1214 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.