Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Endi «millat» tushunchasi shartlimi?

Endi «millat» tushunchasi shartlimi?

Baho:
+ | -

Futbol olamida «millat» tushunchasi yil sayin shunchaki, shartli va ahamiyatsiz iboraga aylanib borayotgandek, go‘yo.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, oxirgi JCHga borgan jami 832 nafar futbolchidan 137 nafari o‘zi tug‘ilgan mamlakat termasi emas, boshqa yurt jamoasi tarkibidan joy oldi. Ular orasida hattoki, milliy jamoa libosini ilk marta mundial boshlanishidan 1 oycha oldin kiyib ko‘rgan «superdebyutantlar» ham bor. Championat.com sayti ma’lumotlari asosida tayyorlangan quyidagi hikoya shunday eng ajabtovur personajlar haqida.

Inyaki UILYAMS (Gana) va Niko UILYAMS (Ispaniya)

Muqobil variantlar: Ispaniya va Gana

O‘ta og‘ir ish sharoiti, ocharchilik va harbiy mojarolar o‘tgan asrning 90-yillari Feliks va Mariya Uilyamslar oilasini Ganadan chiqib ketishga majbur etgandi. O‘shanda hatto Mariyaning homilador ekanligi ham uzoq safarga to‘siq bo‘lmagan - oilaning bo‘lajak farzandi Inyaki tug‘ilishiga atigi 2 oy qolgandi. Juftlik bor mablag‘ini yuk mashinasi haydovchisiga bergan, u er-xotinni Yevropaga eltib qo‘yish majburiyatini o‘z zimmasiga olgandi. Biroq haydovchi Feliks va Mariyani yarim yo‘lda tashlab ketadi. Oqibatda juftlik 4000 kilometrga cho‘zilgan Sahroi Kabirni bosib o‘tish azobiga duchor bo‘ladi. Safar davomida Feliksning oyoq kaftlari karaxt bo‘lib qolganiga qaramay, juftlik bir amallab O‘rtayer dengiziga yetib oladi. Keyin paromda Ispaniyaning Melilya shaharchasiga boradi. 1994 yilning aprelida esa Uilyamslar Melilyadan Bilbaoga yo‘l olishadi. U yerda ruhoniy Inyaki Mardonesning ko‘magi bilan turar-joy topishadi. Keyin aynan ruhoniy tavsiya etgan klinikada to‘ng‘ich farzandlari dunyoga keladi. Chaqaloqqa shu olijanob insonga hurmat o‘laroq, ism tanlashadi - Inya­ki. Chamasi 2 yilcha oldin Inyaki Uilyams Ispaniya milliy jamoasidan joy olish umidini batamom uzdi va tarixiy vatani sharafini himoya qilishga qaror qildi. Uning «Atletik»da to‘p suradigan ukasi Niko esa Luis Enrike chorlovini qabul qilib, Qatar mundia­liga Ispaniya termasi safida yo‘l oldi.

Timoti VEA (AQSH)                   

Muqobil variant: Liberiya

Timoti Qatar mundiali guruh raundidan o‘rin olgan Uels termasiga qarshi bahs (1:1)da hisobni ochgach, nafaqat amerikalik muxlislar, balki «notanish» Liberiyadagi futbol ixlosmandlari ham quvonishdi. Har holda, Afrikaning ushbu mamlakati poytaxti - Monroviyadagi demokratik o‘zgarishlar Kongressi qarorgohida ulkan ekran o‘rnatildi, juda ko‘p fuqarolar kichik Vea o‘yinini tomosha qilishdi. Binobarin, u hozirda Liberiya prezidenti lavozimida ishlayotgan afsonaviy Jorj Veaning o‘g‘lidir. «Oltin to‘p» sovriniga sazovor bo‘lgan afrikalik yagona hujumchining har ikki o‘g‘li ota izidan borishni ixtiyor etganini aytish o‘rinli. Kichik Jorjning faoliyati Shveysariyaning o‘rtamiyona klublarida o‘tdi. 22 yoshli Timoti esa akasidan iqtidorliroq chiqdi. U AQSH futbolni rivojlantirish akademiyasida tahsil olgach, «Lill» tarkibida Fransiya chempioni bo‘ldi, mamlakat kubogi sohibiga aylandi. Xalqaro futbolga kelganda, Timoti AQSH terma jamoasini tanladi. Prezident Veaning siyosiy raqobatchilari o‘g‘lining bu qaroridan ham foydalanishga urinib ko‘rishdi. Biroq Liberiyaning oddiy xalqi Timaning tanlovini to‘g‘ri qabul qildi - vaqtida Jorjning YECHLdagi hayratomuz o‘yinlaridan o‘zgacha zavqlangan muxlislar endi uning o‘g‘li Uels termasi darvozasini zabt etganini boshqacha nishonlashdi.

 

Ansu FATI (Ispaniya) 

Muqobil variantlar: Gvineya-Bisau, Portugaliya

JCH-2022 Fati uchun barqarorlik va o‘z salohiyatiga ishonch hosil qilish imkoniyati edi. U Qatarga hayotidagi barcha qiyinchiliklar o‘tmishga aylanishidan umidvor holda yo‘l oldi. Ansu 6 yoshli payti jonajon vatani - Gvineya-Bisauda ocharchilikni boshdan kechirgan. Chinakam futbol to‘pini esa faqat Ispaniyada ko‘rdi. Bundan 3 yil muqaddam Portugaliya futbol federasiyasi ham Fatini o‘z tomoniga og‘dirishni o‘yladi, biroq iqtidorli yigit taklifga rad javobi berdi: «Otajon, portugal tilini bilmagan holda, bu mamlakat terma jamoasida qanday o‘ynayman? Siz meni Ispaniyaga olib keldingiz, do‘stlarim shu yerdalar, hayotim ham shu mamlakatda o‘tmoqda. Xullas, faqat Ispaniya», - deya o‘z qarorini tushuntirgandi Fati otasiga. 

 

Pedru KORREYA yoxud RO-RO (Qatar)

Muqobil variantlar: Portugaliya, Kabo-Verde

JCH-2022da antiqa laqab ostida maydonga tushgan futbolchining asl ism-sharifi ancha uzun - Pedru Migel Karvalyu Deush Korreya. Unga bu laqabni braziliyalik ikki afsona - Romario va Ronaldoning ashaddiy muxlisi bo‘lgani uchun «yopishtirishgan». 32 yoshli Ro-Ro esini taniganidan buyon o‘z kumirlariga oid foto va videomateriallarni to‘plash bilan ovora. Albatta, ularning fintlarini o‘zlashtirishga ham vaqt ajratadi. Ro-Ro Portugaliyaning Sintra shahrida, Kabo-verdelik muhojirlar oilasida dunyoga kelgan, hatto 21 yoshlilar terma jamoasida o‘ynashga ham ulgurgan. Lekin «Benfika»ning asosiy tarkibiga qo‘shilolmagach, birdan Qatar Yulduzlar ligasiga yo‘l oldi. Shu tariqa Xavi boshqargan «Al-Sadd» bilan 3 marta chempionlikka erishgach, mamlakat terma jamoasiga jalb etildi. Darvoqe, Ro-Ro 2019 yili Qatar termasi safida Osiyo kubogini qo‘lga kiritdi.

 

Ike UGBO (Kanada)

Muqobil variantlar: Nigeriya, Angliya

Ikening otasi neft kompaniyasida ishlagan va ko‘p vaqtini xizmat safarlarida o‘tkazgan. Xususan, kichik Ugbo Angliyada tug‘ilgan, Kanadada ulg‘aygan. Bolakay 4 yoshga to‘lganida, oilasi Shimoliy Amerikaga ko‘chib o‘tadi. «Parvozlar payti otam ko‘pincha Nigeriya milliy jamoa­sining JCH-94da ajoyib ishtirok etgani haqida gapirib berardi», - degandi Ike o‘z intervyularidan birida. 6 yildan keyin nigeriyaliklar Angliyaga qaytishadi va Ike «Chelsi» akademiyasiga qabul qilinadi. U 2015 va 2016 yillar UYEFA tasnifidagi o‘smirlar turnirida sermahsul o‘yin ko‘rsatib, yosh «aristokratlar» g‘olib chiqishlarini ta’minlagandi. Biroq futbolchiga jamoaning asosiy tarkibidan joy olish nasib etmadi. Shuningdek, uning Nigeriya terma jamoasi safiga qo‘shilish bo‘yicha urinishlari ham natija bermadi. Kichik Ugbo shu tariqa 2021 yili Kanada milliy termasiga murojaat qildi va maqsadiga erishdi. E’tiborlisi, u mundial startiga atigi 1 oy qolgan vaqt Kanada termasida o‘ynash uchun ruxsat oldi va Qatarga parvoz qildi.

Saman GADDOS (Eron)

Muqobil variant: Shvesiya

«Chelsi»ning amaldagi ustozi Grem Potter murabbiylik san’atiga Shvesiyada sayqal bergan va kamtarin «Estersund»ni YEL 1|8 finaliga olib chiqish vositasida o‘z vatandoshlari e’tiboriga tushgandi. To‘g‘ri, 2016|2017 yillar mavsumidagi o‘sha qarama-qarshilik ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra, «Arsenal» foydasiga hal bo‘lgan, lekin «Estersund» Londonda nomdor raqibini 2:1 hisobida mahv etgandi. Shved klubining shov-shuvli g‘alabasini esa eronliklar sulolasining Shvesiyadagi vakili Saman Gaddos «dubl» bilan ta’minlagandi. O‘sha mavsum Shvesiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Yanne Andersson fors yigitini Kot-d~Ivuar termasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuviga taklif etdi, ammo hamkorlik davom etmadi. Shundan keyin futbolchi Eron variantidan foydalanishga qaror qildi: «Shu paytgacha ota-onamning yurtiga borgan emasdim. Ular talabalik davri Shvesiyaga ko‘chib kelishgan ekan. Karlush Keyrush Eron termasida o‘ynashim uchun barcha kerakli hujjatlarni ta’minlagach, ilk marta buvim va boshqa qarindoshlarimiz bilan ko‘rishdim», - degandi Saman Gaddos.

 

Metti KESH (Polsha)

Muqobil variantlar: Angliya, Ukraina

«Aston Villa» himoyachisining bobosi va buvisi Stanislavov shahri fuqarolari sanalishgan. Bu joy 1939 yilga qadar Polsha tarkibida bo‘lgan. Sobiq ittifoq hukumati keyinchalik shaharni Ukraina tarkibiga o‘tkazib, Ivano-Frankovsk nomini beradi. Rishard va Yanina Tomashevskilar oilasi esa Sibirga surgun qilinadi. Ikkinchi jahon urushidan keyingi amnistiyaga ko‘ra, Keshning ajdodlari avvaliga Eron, so‘ng Hindiston va Tanzaniyada istiqomat qilishadi. O‘tgan asrning 50-yillari esa Tomashevskilar Liverpulga yo‘l olishadi. 1964 yili Mettining onasi Barbara tug‘iladi. Keyinchalik u «Chesterfild» yarim himoyachisi Stbart Kesh bilan oila quradi. Xullas, Metti Angliya termasida o‘ynashi mumkin edi. Biroq u 2021 yilning oktyabrida Polsha fuqaroligini oldi va yangi vatani milliy jamoasi safida Andorra termasiga qarshi saralash uchrashuvida maydonga tushdi.

Daniel SHMIDT (Yaponiya)

Muqobil variant: AQSH

O‘tgan yilning sentyabr oyida yaponiyalik muxlislar ijtimoiy tarmoqlar orqali Shmidt Ekvador termasiga qarshi kechgan o‘rtoqlik uchrashuvi (0:0) 83-daqiqasida penaltini qanday to‘sganini miriqib tomosha qilishdi. Danielning bu boradagi mohirligi ehtimolki, xorvatlarga qarshi bahsda qit’adoshlarimizga asqotishi mumkin edi. Biroq u mundialni zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazdi - murabbiy Syuti Gondaga ishonch bildirdi. Shmidt AQSHda amerikalik yigit va yaponiyalik ayol oilasida dunyoga kelgan. Bolakay 2 yoshga to‘lganida, oila Yaponiyaga ko‘chib o‘tadi. Baland bo‘yli Daniel (jamoaning eng bo‘ydor futbolchisi) voleybolni juda yoqtirar, futbol mashg‘ulotlari orasida bu sport turi bilan ham shug‘ullanib turardi. Darvoqe, u avvaliga tayanch yarim himoyachisi pozisiyasida o‘ynagan, keyinchalik darvoza daxlsizligini saqlashni afzal ko‘rgan. Shmidtga kiper sifatida maydon vakili rolida to‘plagan tajribasi ancha qo‘l kelmoqda - to‘pni 40-50 metr uzoqlikdagi jamoadoshiga bemalol qo‘li bilan yetkazib beradi.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 14:32, 07.01.2023.
O'qildi: 1204 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.