Chempionlar ligasi keyingi haftada qaytadi. 14 va 15 fevral kunlari 1/8 finalning dastlabki o‘yinlari bo‘lib o‘tadi: "Milan" - "Tottenxem", "PSJ" - "Bavariya", "Borussiya Dortmund" - "Chelsi" va "Bryugge" - "Benfika" bahslarga kirishadi. Sakkizta klubdan oltitasi o‘yinga jarohatlar bilan yaqinlashmoqda. Ba’zi jamoalarda yetti nafargacha futbolchi bahsda ishtirok eta olmaydi.
Xo‘sh Chempionlar ligasi pley-off bosqichining ilk o‘yinlarini kimlar o‘tkazib yuboradi?
"Milan" - "Tottenxem"
"Milan" har bir chiziqda yo‘qotishga ega. Uchrashuvda darvozabon Mayk Menyanning ishtiroki so‘roq ostida. U 22 sentyabrdan beri yo‘q edi, avvaliga boldir suyagi jarohati, keyin boldir mushagi yirtilib ketgani sabab bahslarda ishtirok etmadi. Hozirda "Milan"ning asosiy darvozaboni -CHiprian Teterushanu. 36 yoshli ruminiyalik Menyan kabi ishonchli emas, u joriy mavsum A Seriyada bor-yo‘g‘i ikki marta o‘z darvozasi dahlsizligini saqlab qoldi va liganing 14 o‘yinida 22 gol o‘tkazib yubordi.
Shuningdek, Alessandro Florensi va katta ehtimol bilan Fikayo Tomori “Tottenxem”ga qarshi o‘ynamaydi. Italiyalik futbolchi joriy mavsumda ikkita o‘yinda maydonga tushdi va avgust oyidan buyon son jarohatidan forig‘ bo‘lishga ulgurmadi “Milan”ning himoya yetakchisi esa “Lasio”ga qarshi o‘yinda son qismidan jarohat oldi. 24 yanvardan beri Fikayo Tomori "Sassuolo" va "Inter" bilan o‘yinlarni o‘tkazib yubordi.
Yarim himoyachi Ismoil Bennaserning ham ishtiroki so‘roq ostida. U tizzasidan jarohat oldi va “Inter”ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yubordi. Zlatan Ibragimovich tizzasidagi operasiyadan keyin tuzalib ketdi. Hujumchi, xuddi himoyachi Serjinyo Dest kabi, "Milan"ning Chempionlar ligasi o‘yinlari uchun qaydnomasiga kiritilmagan.
"Tottenxem"da jarohatlanganlar kamroq. Pyer-Emil Xoyberg sariq kartochkalari ko‘pligi sababli o‘yinni o‘tkazib yuboradi, Risharlison 9 dekabrdan beri son jarohatini tiklamoqda, Ugo Loris esa tizzasidan olgan jarohati tufayli kamida 6-8 hafta maydonga tushmaydi. Darvozabon APLning 22-turidan o‘rin olgan "Manchester Siti"ga qarshi o‘yin yakunida jarohat oldi. "Shporlar" uchun bu katta yo‘qotish.
“PSJ” – “Bavariya”
Kilian Mbappe "Bavariya" bilan o‘ynamaydi. U Liga 1'da "Monpyele"ga qarshi o‘yinda jarohat oldi. “Tekshiruvdan so‘ng Mbappening chap sonida jarohati borligi aniqlandi. Tiklanish uchun taxminan uch hafta kerak bo‘ladi”, - deyiladi “PSJ” rasmiy bayonotida. Bundan tashqari, Presnel Kimpembe tarkibda bo‘lmaydi: 14 noyabrdan beri u tovonidagi jarohatidan tiklanmoqda. 4 fevral kuni tizzasidan olgan jarohati sabab safdan chiqqan Renatu Sanchesning ham ishtiroki noma’lum bo‘lib qolmoqda.
Yana bir jiddiy yo‘qotish esa Messi. Payshanba kuni jahon chempionining son suyagi shikastlangani, shu sababli argentinalik futbolchi “PSJ”ning 11 fevral, shanba kuni bo‘lib o‘tadigan “Monako”ga qarshi Liga 1'dagi navbatdagi o‘yinida ishtirok etmasligi haqida xabar berilgan edi. Messi 14 fevral kuni Parijda "Bavariya"ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborishi ehtimoli ham bor. Agar shunday bo‘lsa, Galtye faqat hamdardlik bildirishi mumkin.
Biroq, Yulian Nagelsmannning ham muammolari yetarlicha. Manuel Noyer dekabr oyidan beri mavsumda maydonga tushmaydi. "Bavariya" uning o‘rniga "Borussiya Myunxengladbax"dan Yan Zommerni oldi va u shu paytgacha Bundesliganing barcha o‘yinlarini o‘tkazib yubordi. Himoyada ham dahshatli muammolar mavjud. Katta ehtimol bilan markaziy himoyachi Lukas Ernandes va o‘ng qanot himoyachisi Nusayr Mazraui tarkibda bo‘lmaydi.
Sadio Mane ham "PSJ"ga qarshi birinchi o‘yinni o‘tkazib yuboradi. U jahon chempionatidan oldin olgan jarohatidan tiklanishda davom etmoqda. Erik Chupo-Moting va Rayan Gravenberxlar ham uchrashuvni o‘tkazib yuborish xavfiga ega. Hujumchi grippga chalingan va markaziy yarim himoyachining tizzasi jarohatlangan.
"Borussiya Dortmund" - "Chelsi"
“Sariq-qoralar” bir vaqtning o‘zida himoyada uchta jarohatlangan futbolchiga ega. Sumola Kulibali, Yulian Ruyerson va Toma Myonye jamoaga yordam bera olmasligi kutilyapti.
"Chelsi"da besh nafar jarohatlangan futbolchi bor, ammo qishki transferlar tufayli Grem Potter ularni kimga almashtirish haqida bosh qotirishi shart emas. Eduard Mendi o‘rniga Kepa Arrizabalaga. Yarim himoyachilar N'Golo Kante va Denis Zakariya ham maydonga tushmaydi. Har ikki futbolchining ham tizzasidan jarohati bor. Kristian Pulishich tizzasi bilan bog‘liq muammolardan aziyat chekmoqda, Armando Broya esa oyoq mushaklari yorilishi sababli mavsumning qolgan qismida maydonga tusha olmaydi.
Jarohatlanganlarning ko‘pligi uchrashuvlar shiddatiga qanday ta’sir ko‘rsatishi bir necha kundan so‘ng bilib olamiz.