Transfermarkt internet portali futbolchilarning yangilangan transfer narxlari haqida ma’lumotlar taqdim etishda davom etmoqda. Bugun biz La Liga peshqadami "Barselona"ning ayrim narxi pastlagan yulduzlari haqida to‘xtalib o‘tishga harakat qilamiz.
Erik Garsiya - 18 million yevrodan 12 million yevroga
Mavsumning dastlabki yarmida nisbatan asosiy tarkibda ko‘proq maydonga tushgan Erik Garsiya Ispaniya termasi bilan JCH-2022'dagi ishtirokidan so‘ng deyarli boshlang‘ich tarkibda ko‘rinmay qoldi. Bu albatta uning narxi pastlashiga olib keladi. 22 yoshli himoyachining statistikasiga e’tibor beradigan bo‘lsak, u joriy mavsumda jami 21 ta o‘yinda 1 ta gol urib, 2 ta golli uzatma berdi. Transfermarkt uning narxini naqd 6 millionga pasaytirib, 18 dan 12 million yevroga tushirdi.
Markos Alonso - 9 million yevrodan 7 million yevroga tushdi
Markosning narxining tushishiga asosiy sabab yosh bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Har holda 32 yoshli chap qanot himoyachisi kataloniyaliklar safiga kelib qo‘shilganidan so‘ng markaziy himoyada ham qanot himoyasida ham o‘ynay olishini ko‘rsatdi. To‘g‘ri, u ko‘pincha zaxiradan o‘yinni boshlaydi, ammo favqulodda vaziyatlarda maydonga tushib Ter Shtegen qo‘riqlayotgan darvoza oldidagi xavflarni bartaraf etishga tayyor. Transfermarkt portaliga 9 million yevrodan 7 millionga narxi tushirilgan Alonso bu mavsumda 27 ta o‘yinda 3 ta gol urishga erishdi.
Frank Kessie - 35 million yevrodan 28 million yevroga tushdi
O‘tgan yozda "Milan"ni erkin agent maqomida tark etib, "Barselona"ga o‘tgan Kessie "ko‘k-anorranglilar"ning asosiy tarkibida muntazam o‘rin egallay olmayapti. U asosan "o‘t o‘chiruvchi" vazifasida harakat qilmoqda. Ayniqsa, Pedrining jarohati Kessiega o‘zini ko‘rsatish uchun katta imkoniyatlar ochdi. U so‘nggi "klasiko"da "Real" darvozasiga gol urib, kataloniyalik muxlislarga quvonch bahsh etdi. Transfermarkt tomonidan 28 million yevroga narxi tushirilgan (avval - 35) Kessie yozda moliyaviy muammolar sabab "Barsa"ni tark etishi mumkin.
Robert Levandovski - 45 million yevrodan 40 million yevroga tushdi
Polshalik forvard mavsum avvalida muhim gollar kiritib, jamoaning g‘alabalarini ta’minlayotgan edi. Ammo Jahon chempionatidan so‘ng Levandovskida biroq charchoq alomatlari sezilmoqda. U ayni vaqtda maydonda aldamchi to‘qqizlik pozisiyasida sheriklariga gol urish uchun imkoniyatlar yaratib berish bilan band. 34 yoshli hujumchining yangi narxi 5 million yevroga arzonlab, 40 millionni ko‘rsatmoqda.
Ansu Fati - 50 million yevrodan 35 million yevroga tushdi
Kataloniyalik muxlislar uchun Messining vorisi bo‘lishga umid uchqunlarini yoqqan Fati bugungi kunda zaxira o‘rindig‘ining asosiy futbolchilaridan biri hisoblanadi. U ketma-ket jarohatlar sabab biroz tushkunlikka tushib qoldi va bu o‘z-o‘zidan uning o‘yini va statistikasiga ham ta’sir qildi. 20 yoshli Ansu bu mavsumda 38ta o‘yinda 6 ta gol urib, 3 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Transfermarkt uning narxini naq 15 millionga pastlatib, 35 million yevro qilib belgiladi.
Ferran Torres - 35 million yevrodan 30 million yevroga tushdi
"Manchester Siti"dan 55 million yevroga sotib olingan Ferran bu narxni to‘liq oqladi deyish mushkul. U ham hozirda asosiy tarkibda muntazam o‘yin amaliyotiga ega emas, Dembele jarohat olganiga qaramay u raqobatda Rafinyaga yutqazmoqda. Bu esa kutilganidek ispan vingerining narxining pastlashiga sabab bo‘ldi. Hozirda Ferran 30 million yevroga baholangan (avvalgi narx - 35 million yevro).