"Arsenal" o‘zining boy tarixi davomida ko‘plab sakkizinchi raqam futbolchilariga makon bo‘lgan. Ular ichida dunyo futbolida muhim o‘rin tutgan mashhur o‘yinchilar ham bor. Quyida ularning ayrimlarini klubda tutgan o‘rniga qarab baholab chiqamiz. Tarix esa 1993-94 yildan boshlanadi.
8. Lassana Diarra
Fransuz futbolchisi 2007 yilda "Chelsi"dan sotib olinadi. Ammo u "Arsenal"ning ko‘p o‘yinlarda yordam bera olmagan. Garchand 8 raqamda harakat qilgan bo‘lsada, Diarra yarim mavsum davomida sakkizta o‘yinda maydonga tushgan xolos. U yanvar oyida "Portsmut"ga ijaraga beriladi. Barcha musobaqalarda 13 ta bahsda qatnashib, birorta gol urmagan futbolchi, "Arsenal" turnir jadvalining yuqorisida bo‘lgan payt jamoadan ketgandi.
7. Dani Sebalyos
"Real"da asosiy tarkibga kiravermagach, Sebalyos 2019 yilda ijaraga ketishga qaror qiladi. Uni "Arsenal" qabul qilgan. Ispaniya terma jamoasi a’zosi 2020 yilda "Arsenal" bilan Angliya kubogida zafar quchgandi. Keyingi mavsumda ham yarim himoyachi londonliklar bilan qoladi. Ammo omadsiz o‘tgan mavsum, uni yana Madridga qaytishga majbur qildi.
6. Samir Nasri
Nasrining "Arsenal"dagi yillari har-xil kechadi. Dastlab, ajoyib o‘yinlari bilan muxlislarni xursand qilgan futbolchi, keyinchalik muammolar girdobida qolgandi. 8 raqam ostida Nasri "Arsenal" uchun bir nechta fantastik o‘yinlar o‘tkazadi. Xususan, fransuzning "Portu" darvozasiga urgan goli haliyam yodimizda turibdi.
5. Mikel Arteta
"Barselona" akademiyasidan chiqqan futbolchi, jamoaga og‘ir paytda keladi. O‘shanda "Arsenal" "MYU"dan 8-2 hisobida qaqshatqich mag‘lubiyatni qabul qilib olgandi. "Everton"dan sotib olingan Arteta, o‘z tajribasi va darajasi bilan "Arsenal"ni bir necha yil kuchli to‘rttalikdan tushib ketmasligini ta’minlab turdi. Ma’lum vaqt jamoa sardori bo‘lgan yarim himoyachi, 2016 yilda to‘pchilar safidan ketgan edi. Artetaning so‘nggi yillari jarohatlar sababli o‘ta murakkab kechadi.
4. Aaron Remzi
Bu ro‘yxatda Remzini qayerga joylashtirishga ancha qiynaldik. Uelslik futbolchi katta talant egasi, ammo o‘z qobiliyatini natijalarda aks ettira olmagan futbolchidir. "Arsenal" muxlislari uni baribir sog‘inishadi. Negaki, sobiq sakkizinchi raqam egasi o‘ta fantastik darajada chiroyli o‘yin ko‘rsatardi. Afsuski, Remzining "Arsenal"dagi davri jarohatlar sabab muammoga to‘la bo‘ldi. Shunga qaramay, u jamoani uch marta Angliya kubogida g‘olib bo‘lishida yordam beradi.
3. Martin Edegor
24 yoshli futbolchi haligacha "Arsenal"da sovrin yuta olgani yo‘q. Balki bu mavsumda yuta olmas. Shunga qaramay, Edegor sakkizinchi raqamlar ichida Arteta va Remzidan oldinda turibdi. Negaki, u "Arsenal"ning so‘nggi 20 yil ichidagi eng yaxshi ko‘rinishiga sardorlik qilmoqda. Edegorda sardor sifatida APL chempioni bo‘lish imkoni bor. U bunga bor kuchi bilan harakat qilmoqda.
2. Fredrik Yungberg
Yungberg "Arsenal"dagi ilk golini "MYU"ga qarshi bahsda kiritgan edi. O‘shanda u 21 yosh bo‘lgan. Tyerri Anri ga Patrik Viyeyra bilan Yungberg ajoyib trio hosil qilgandi. Shvesiyalik futbolchi to‘pchilarni Angliyada chempion qilish va kubok yutishida katta yordam bergan.
1. Ian Rayt
"Arsenal" dunyo futbolida o‘z brendiga ega bo‘lmasdan oldin, Rayt bu jamoaning yulduziga aylanib ulgurgan edi. U APLning dastlabki besh yilida to‘purar bo‘ladi. Oltinchi yili esa "Arsenal"ni chempionga aylantiradi. Angliya terma jamoasining sobiq a’zosi "Arsenal"ni o‘rtamiyona klubdan top darajaga olib chiqishda fidokorona mehnat qilgandi. U to‘pchilar bilan 3 marta sardor sifatida chempionlikka erishadi. Arsen Venger va Rayt 1990 yillar oxiri va 2000 yillar boshidagi afsonaga aylanib ulgurgan.
ISMATOV J.