Karim Benzema 5 aprel kuni «Kamp Nou»dagi «xet-trik» evaziga birdan 2023 yilning eng sermahsul futbolchisiga aylanib oldi.
Fransiyalik hujumchisi qandaydir 4 kun oralig‘ida Erling Xoland («Manchester Siti»), Markus Reshford («MYU») va Viktor Osimxen («Napoli»)dan o‘zib ketdi. Ramazonda uch hatlab sakrash shunaqa bo‘ladi. Karlo Anchelotti endi Karim yana bir «Oltin to‘p» yutishiga ishonmoqda.
Karim Benzema o‘tgan chorshanba oqshomi ehtimolki, joriy mavsum hisobidan eng yaxshi o‘yinini o‘tkazdi - «Qirol kubogi» tamg‘asi ostidagi «El-klasiko»da «xet-trik», kamiga Visinius Junior goliga assistentlik. «Real» goleadori bunga qadar 2 aprel kuni «Valyadolid»ni ham 3 bora ranjitgandi, boz ustiga, o‘yinning qandaydir 7 daqiqasida. Xullas, 4 kun oralig‘ida 6ta gol urgan Karim 5 aprel holati bo‘yicha yevromavsum-2023ning eng sermahsul futbolchilari reytingida 1-o‘ringa chiqib oldi. Vaholanki, u 21 fevral kuni shovqinli «Enfild»da kechgan CHL o‘yinida «dubl» qayd etganidan so‘ng naq 1 oy davomida «soya»da qoldi: 5ta uchrashuvda atigi 1ta gol (yana «Liverpul» darvozasiga). Oddiy aytganda, Benz naq 442 daqiqada 1ta gol bilan kifoyalandi.
Fransiyalik hujumchi braziliyalik Vinisius Junior ko‘magisiz bunday mahsuldorlik ko‘rsatolmasdi, albatta. Raqamlarda aytsak, Benzema 2023 yilgi gollaridan 7tasini aynan Vini uzatmalari vositasida nishonladi. Jumladan, oxirgi 2ta «xet-trik»ka qarasak, Vinisius bunga 3ta uzatma bilan salmoqli hissa qo‘shdi. Ushbu bog‘lam qarama-qarshi yo‘nalishda ham juda samarali. Har holda, Benzema ijrosidagi 5ta assist (2023 yil hisobidan)dan 4tasi Vinisiusga to‘g‘ri kelmoqda. Benzning aqldan ozdiruvchi samaradorligi va formasi Ramazon oyi fonida yanada ta’sirchanroq ko‘rinmoqda. Binobarin, Karim ro‘za amaliga qat’iy rioya qiladi. Hujumchi o‘tgan yili Ramazon oyiga to‘g‘ri kelgan 8ta o‘yinda 10ta gol urgan, jumladan, CHLda «Chelsi»ga qarshi kechgan bahsda «xet-trik» qayd etgadi. Joriy yil esa hozirga qadar 3ta o‘yinda 6ta gol hosil qilib ulgurdi. Ixtiyorida esa yana 5ta «ro‘za» o‘yini bor (Ramazon oyi 22 aprelgacha).
«Real» bosh murabbiyi Karlo Anchelotti fransiyalik shogirdi muvaffaqiyatini qisqacha ifodalamoqda: «Karim shunchak, yoqish tugmachasini bosdi. Unga xalqaro tanaffusdagi mashg‘ulotlar katta yordam berdi. Shu ketishda Benzema yana bitta «Oltin to‘p» yutishi hech gap emas. Gap hamon dunyoning eng yaxshi hujumchilaridan biri ekanligini isbotlayotgan megaijrochi haqida ketmoqda». Kuchli bayonot. Lekin tan olaylik, bunday gol urish rejimidagi Benzema uchun imkonsiz ishning o‘zi yo‘qdek. Umuman, statistika Karim Ramazon oyi chinakamiga yayrashini ko‘rsatmoqda - oxirgi 2 yildagi 11ta o‘yinda 16ta gol! Buning natijasida «tvitter» olamini «Karim Ramazonda» fenomeni qoplamoqda. «Ro‘zaning menga hech qanday salbiy ta’siri yo‘q, - degandi fransiyalik goleador 1 yilcha oldin. - Ramazon hayotimning bir qismi, diniy farz! Bu oy men uchun juda muhim, qancha g‘alati eshitilmasin, kun bo‘yi taom yemasam, o‘zimni tetikroq va baquvvatroq his qilaman. Salomatligimda muammo yo‘qligi uchun O‘ziga shukrona keltiraman, albatta». O‘shanda Karim ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga sut va xurmo bilan iftorlik vaqtini kutayotgani aks etgan suratini joylagandi.
To‘g‘ri, «Valyadolid»ga qarshi o‘yindan so‘ng Karim Benzema ro‘zasini vaqtli ochgani ham muhokama qilindi. Chunki 65-daqiqada o‘z o‘rnini Eden azarga bo‘shatib bergan hujumchi qo‘lida suv idishi bilan kamera nigohiga tushdi. Oqibatda ayrimlar bundan foydalanib, Karimni ro‘za qoidasini buzganlikda ayblashga tushishdi, lekin ko‘pchilik uni o‘z joyida himoya ostiga oldi. Ya’ni futbolchi shunchaki, og‘zini chayqa olgani aytildi. Qiziq, Benzema bu yilgi Ramozonni nechta gol bilan bezaydikan? Eslatma, «Real» 22 aprelga qadar «Kadis», «Selta» va «Chelsi» (CHLda ikki marta)ga qarsh maydonga tushadi.
Karim Benzema Yevropa klublari uchun milliy va xalqaro musobaqalarda eng ko‘p gol urgan fransiyalik futbolchidir. «Real» hujumchisi bu borada afsonaviy Tyerri Anrini naq 120ta gol darajasida ortda qoldirmoqda.