Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Afrika futboliga xos yozilmagan qonun

Afrika futboliga xos yozilmagan qonun

Baho:
+ | -

O‘tgan yili mart oyining oxirida OAV sahifalari o‘ta yovvoyi kadrlarga to‘lib ketgandi.

Nigeriya terma jamoasining muxlislari Ganaga qarshi JCH-2022ning saralash uchrashuvidan keyin yo‘llarida duch kelgan narsalarni yakson qilishga kirishdilar.

60 000 kishilik olomon g‘azabini junbishga keltirgan sabab - 1:1 hisobidagi durang tufayli Nigeriyaning Qatar mundialidan chetda qolganligi. 2006 yildan boshlab qatorasiga 4ta JCHda qatnashgan jamoa bu gal yo‘llanmani qo‘lga kirita olmadi. Oqibatda ommaviy mushtlashuvlar, ur-yiqitlar yuzaga keldi. Xavotirga tushib qolgan futbolchilar kiyinish xonalarida jon saqladilar, polisiya olomonni tarqatish maqsadidako‘zni yoshlantiruvchi gazdan foydalanishga majbur bo‘ldi. FIFA Nigeriya FFni jarima va bitta uchrashuvni bo‘sh tribunalarda o‘tkazish sharti bilan jazoladi.

Chetdan qaraganda, dahshatli voqea, ammo Nigeriya uchun kam uchraydigan hodisa emas. Bu mamlakat uchun mahalliy tashvish maqomidagi «yovvoyi» fanatlar oxir-oqibat, zamonaviy futboldagi yozilmagan qonunni joriy etdilar - ichki chempionatning safar o‘yinlarida g‘alaba qozonishning iloji yo‘q. Mana shu jihat bizni Nigeriya futboli bilan yaqindan tanishishga majbur etdi. Bu yurtda hamma narsa - davlat klublari ham, sotilga hakamlik ham, fanatlarning «o‘zi xon, ko‘lankasi maydon» ekanliklari va korrupsiya ham yetarli.

Avvalo, Nigeriya xususida muhim ma’lumot

Nigeriya - Afrikaning aholisi o‘ta zich davlati. U neftni qazib olishda yetakchi davlatlar qatorida bo‘lsada, qarzlari tobora ortib bormoqda, inflyasiya va ishsizlik kuchaymoqda. 216 millionli aholining 90 millioni qashshoqlik maqomida. O‘tgan yili o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, fuqarolarning 70 foizi ularga imkoniyat berilsa, mamlakatni tark etishga rozi ekanligini ma’lum qilgan. Musulmonlar istiqomat qiladigan shimolda isyonchilik harakatlari kuzatilayotgan bo‘lsa, janubi-sharqda tartibsizlik, qotillik va odam o‘g‘irlash kabi jinoyatlar avjiga chiqmoqda.

Mamlakat futboli uchun eng ommaviy sport turi ta’rifi yaqqol kamlik qilishiga shak-shubha yo‘q. U mahalliy aholining yakkayu-yagona quvonchi. AMK turnirining ko‘p karra g‘olibi, 1996 yildagi Olimpia­da chempioni va JCHlarining 6 karra ishtirokchisi bo‘lgan «Superburgutlar»ni eshitmagan muxlis bo‘lmasa kerak. Va albatta, yaqin o‘tmish afsonalari - Jey-Jey Okocha, Daniel Amokachi, Finidi Jorj, Nvankvo Kanu, Selestin Babayaro va Tijani Babangidularni ham. Hozir esa Kelechi Ixeanacho, Viktor Osimxen kabi yulduzlar javlon urmoqdalar. Lekin mahalliy chempionat haqida hech narsa bilmaymiz.

10 mavsumda atigi 1 marta, 2013 yilda o‘z uyida mag‘lub bo‘lgandi

Nigeriya chempionati 20ta jamoadan iborat. Faqat 2019 yilda musobaqada 12ta jamoali 2ta guruh tashkil etilgandi. Turnir odatiy tartibda o‘tkaziladi: 38ta o‘yin, 19tadan uyda va mehmonda. Uyda va mehmonda qayd etilgan g‘alabalar sonini inobatga olmasak, hammasi barcha mamlakatlardagidek. Lekin ayrim jihatlarga aniqlik kiritish lozim:

• 2016 yilda 18-turdan keyin qatorasiga 3ta uy uchrashuvini o‘tkaza olmagan «Giva» klubi musobaqadan chetlatilgan, u bilan qayd etilgan barcha natijalar bekor qilingandi;

• 2018 yilda chempionat 24-turdan keyin ma’muriy muammolar tufayli muddatidan avval yakunlangandi;

• 2019/2020 yillar mavsumida avvaliga musobaqa to‘xtatildi, keyin pandemiya tufayli barvaqt yakunlandi. Bu turnirda ikkita jamoa uy uchrashuvlarida 7ta mag‘lubiyatni qayd etgan, lekin raqiblarini neytral maydonda qabul qilgandi;

• 2021/2022 yillar mavsumida ham ikkita jamoa neytral maydonda mehmon jamoalarga 3 marta imkoniyatni boy bergandi.

Endi Nigeriya ligasining boshqa o‘ziga xos jihatlariga o‘tamiz

• 10 mavsum davomidagi barcha uy uchrashuvlarida gollar nisbati bo‘yicha faqat bitta jamoa - 2014 yilda quyi ligaga tushib ketgan «Nembe»da salbiy natija qayd etilgandi;

• 2013 yilda 2-o‘rinni egallagan «Enimba» o‘z darvozasidan birorta gol o‘tkazib yubormagan - 28:0. 19 uchrashuvning 17tasida g‘alaba qozongan, bitta g‘alabani safarda qo‘lga kiritgandi;

• Amaldagi chempion va pesh­qadam 10 mavsumda atigi 1 marta (2013 yilda) o‘z maydonida mag‘lubiyatini tan olgandi;

• Ba’zan jamoalar o‘z maydonlarida mag‘lubiyatlarida mag‘lubiyatga uchramagan holda ligani tark etadilar. «Sharks» 2015 yilda, «Sanshayn Star» 2018 yilda shunday omadsizlikni qayd etgandi.

Ishonchimiz komilki, shu payt­gacha biz bu noodatiy statistikani chop etmagan, siz esa tanishmagan edingiz. Nigeriyadagi bukmekerlik idoralari mehmonlar jamoasining g‘alabasi uchun 10 balldan past baho qo‘yishgani deyarli uchramaydi. O‘ylashimizcha, statistik natijalarning fantastik holati u yerdagilar uchun yangilik emas. Deyarli barcha klublar mahalliy shtatlar hukumati tasarrufida bo‘lgani bois, ligada o‘ynash huquqini sotib olish mumkin. Mutasaddilar klub boshqaruviga davlat xizmatchilari orasidan nomzod tanlashadi. Bu rahbarlar jamoaning salbiy natijalari uchun javobgarlar va kuchli bosim ostida bo‘ladilar. Shu sababli o‘z maydonlaridagi ustunlikdan imkoni boricha to‘liq foydalanishga urinadilar. Shtatlar hukumati tomonidan ajratiladigan moliyaviy hamda ma’muriy vositalar asosan ijobiy natija uchun sarflanadi. Klubning muvaffaqiyati o‘sha shtat va uning rahbariyati muvaffaqiyati sifatida baholanadi. O‘z maydonidagi omadsizlik esa o‘ta kuchli zarba o‘rnida qabul qilinadi.

Nigeriyada mablag‘ va hokimiyatning ta’siri kuchli. Shu sababli bu yerda Yevropa mamlakatlarida uchramaydigan kelishuvlar bo‘lib turadi. Masalan, 2019 yil aprelida endigina elitaga chiqqan «Kada Siti» sohibi «murakkab moliyaviy vaziyat» tufayli Delta shtatiga sotib yubordi. Aniqrog‘i, 154 000 dollar evaziga klublar ligalardagi o‘rinlarini almashtirib olishdi. Biroq rasmiy hujjatlarda «Delta Fors» sohiblari «Kada Siti»ni xarid qilganliklari va o‘z jamoalari nomi bilan ataganliklari qayd etildi. Taajjubki, «yangi Delta» elitaga «yutilgan» jamoa natijalari bilan yo‘l oldi. «Kada Siti» esa quyi ligada paydo bo‘ldi. Bu ham hech narsa emas, o‘sha yilning o‘zida, faqat yangi mavsumning 5-turidan keyin «Delta Fors» elitaga qay yo‘sinda chiqqan bo‘lsa, xuddi shunday usulda o‘z o‘rnini «Kvara Yunayted»ga sotib yubordi.

Natijaga erishishning asosiy uslubi 2ta - hakamlarni sotib olish va rasmiy shaxslarga nisbatan ig‘vogarlik

Hakamlar mezbon jamoa vakillaridan kompensasiya oladi. Nigeriyalik hakamlar qit’a­dagi eng malakasiz mutaxassislar hisoblanadilar. Natijalarga oid nayranglarda aynan ularni ayblashadi. Lekin ochig‘i, ularning ish sharoiti o‘ta og‘ir. Hakamlarning ish haqi hatto mamlakat mezonicha ham juda oz - 150-250 dollar. Lekin liga ularning safar xarajatlarini mezbon jamoa zimmasiga yuklagan. Shu tariqa hakamlar moliyaviy qaramlikka mahkum etilganlar.

Uy stadionlaridagi zo‘ravonlik

Afsonaviy «Superburgutlar»ning JCH-94dagi yarim himoyachisi Edema Fuludu hozirgi bezorilikka sabab bo‘layotgan ayrim muammolarga to‘xtalib o‘tdi: «Muxlislarning ko‘pchiligi aslida, fanatlar emas. Ular menejerlar yoki klublar rahbarlaridan pul olish evaziga uchrashuvning rasmiy vakillariga bosim o‘tkazadilar. Chunki g‘alaba ularga mo‘may daromad keltiradi. Shaxsan o‘zim o‘yinlar uchun nafaqat o‘yinchilar, balki o‘sha jamoa muxlislariga ham bonus ajratadigan klub haqida eshitganman».

Liga muntazam ravishda xavfsizlikni ta’minlash borasida tegishli choralar ko‘rilgani haqida xabar bersada, vaziyat o‘zgarmayapti. Ya’ni, qo‘rquv hamon «tirik». Hatto pandemiya davridagi muxlislarsiz o‘tgan o‘yinlarda ham mehmonlar g‘alabalari 10 foizdan oshmadi. Yana bir ishonish qiyin bo‘lgan haqiqat - telekompaniyalar ayrim hududlarda uchrashuvlarni namoyish etishga ham qo‘rqadilar. Nigeriya futboli esa qanchadan-qancha manfaatli shartnomalardan benasib qolmoqda.

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 13:13, 23.05.2023.
O'qildi: 1865 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.