“Andijon” – “Turon” (2:1) o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin dastlab mehmonlar bosh murabbiyi Denis Bushuyev jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
— Denis Dmitriyevich, o‘yin haqida munosabatingiz?
— Salbiy fikrdaman. Qizil kartochka bo‘lgunga qadar o‘yinimiz yaxshi chiqayotgandi va chiroyli harakat qilayotgandik. Qizil kartochka rostdan bormidi yoki yo‘qmidi, hozir biror fikr bildira olmayman. Shundan so‘ng barchasi o‘zgarib ketdi va darvozamiz daxlsizligini saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi. Raqib oxirgi daqiqalarda yaxshi harakat qildi. O‘ylangan reja asosida o‘ynagani bois avvaliga hisobni tenglashtirib, so‘ngra ikkinchi golni ham urishdi.
— “Turon” bosh murabbiyi sifatida 5 ta o‘yin o‘tkazib faqat 1 ochko olindi xolos. G‘alabasiz seriya davom etyapti...
— Bugungi uchrashuv haqida gaplashsak maqsadga muvofiq bo‘lardi. Boshqa o‘yinlar to‘g‘risida gapirish hozir mavridi emas, deb o‘ylayman. Aytyapman-ku, biz qizil kartochkagacha yaxshi o‘ynayotgandik. Yana bitta gol urish imkoniyati ham bor edi. Jamoamiz yomon o‘ynamayapti, harakat qilyapti va jon kuydirishyapti. Qayerdadir nimadir yetishmay qolyapti va shuning evaziga g‘alaba qozona olmayapmiz. Kelajakka ishonch bilan qarash kerak. Bizda tajribali va shu bilan birga yosh iqtidor egalari yetishib chiqyapti. Yoshlarimiz yaxshi harakat qilishyapti va ularning kelajagi porloq deb o‘ylayman.
— “Andijon” haqida qanday fikrdasiz? Raqib siz kutgandek o‘yin namoyish etdimi?
— Hozir har bir jamoa bilan o‘ynash ancha murakkab. Har qanday raqibga yaxshi tayyorgarlik ko‘rib maydonga tushmasangiz kerakli natijaga erisha olmaysiz. Yuqoridagi yoki pastdagi beshtalik bo‘ladimi, qaysi jamoa bo‘lishidan qat’iy nazar yaxshi o‘yin ko‘rsatish zarur. Chempionatdagi barcha klublarda yaxshi jamoa shakllangan va barchasi kuchli o‘yin ko‘rsatishyapti. Lekin biz baribir bugun yana mag‘lubiyatga uchradik.
— Bilishimcha, “Andijon” bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov bilan tanishsiz-a?
— Biz bir-birimizni yaxshi taniymiz. Murabbiylik o‘quv kursida birga tahsil olganmiz. Ko‘rmaganimga ancha bo‘lgandi. Uni g‘alaba bilan tabriklayman va keyingi ishlariga omad tilayman.
“Andijon” matbuot xizmati.