Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Jaloliddin Masharipov: «Buyuklar ko‘proq qiynalgan oilalardan chiqishadi...»

Jaloliddin Masharipov: «Buyuklar ko‘proq qiynalgan oilalardan chiqishadi...»

Baho:
+ | -

JALOLIDDIN MASHARIPOVDAN QIYINCHILIKLARGA TO‘LA BOLALIGI VA HOZIRGI HASHAMATLI HAYOTI HAQIDA OSHKORA INTERVYU.

Bu yigit zamonaviy o‘zbek futboli yetakchilaridan biridir, shubhasiz. YouTube tarmog‘idagi IntervyuTV kanali muallifi, bloger Feruz Muhammad boshchiligida ijodkorlar Krishtianu Ronaldu bilan bitta jamoa - «An-Nasr»da faoliyat yuritayotgan «O‘zbek Messisi»ning Saudiya poytaxti Ar-Riyodda joylashgan muhtasham uyida mehmon bo‘lib, undan katta intervyu olishdi. Alohida aytish kerak, o‘zbek futboli tevaragida bunday oshkora suhbatlar kamdan-kam bo‘ladi. Harqalay, O‘zbekiston milliy jamoasi yulduzi barchani qiziqtiradigan mavzular - turmush tarzi, qiyinchiliklarga to‘la bolaligi, shaxsiy rivojlanish yo‘li, biznes olamidagi hozirgi ishlari, Saudiyadagi hayoti va faoliyati xususida ochiq-oydin gapirib berdi. Jurnalistlar 3 qavatli muhtasham villaga kirib borar ekanlar ochiq garajda turgan bahaybat avtomobilni ko‘rishdi va oshkora suhbat shu mavzu yuzasidan boshlandi.

- Jaloliddin ushbu avtomobilning bahosini ayta olasizmi?

- Bu - Nissan Patrol. Arablar juda yaxshi ko‘rishadi, menga ham ma’qul keldi: katta, ichi keng, bahosi esa 100 ming dollardan balandroq.

- Villa ham ancha katta ekan. Uning hajmi, narxi qancha?

- Uyning hajmi 790 kv./metr­ga teng, narxiga kelsak, 3 million dollardan qimmatroq.

- Uyga kiraverishda devorda O‘zbekiston bayrog‘i turibdi...

- Ha, qayerga bormayin, mamlakatimiz bayrog‘i men bilan birga. Buni o‘zim uchun odatga aylantirganman, yashash uyimda O‘zbekiston bayrog‘i hilpirab turishini xohlayman.

- Hozir ko‘plab yurtdoshlarimiz Rossiyada ishlab, tirikchilik qilishmoqda. Eshitishimcha, siz ham vaqtida ota-onangiz bilan birga  o‘sha tomonlarga borgan ekansiz. Ishlash uchun...

- Ha, Xorazmda tug‘ilib-ul­g‘aydim. Tabiiyki, barcha ota-onalar farzandlarini to‘liq ta’minlash, ularga yaxshi sharoitlar yaratishni xohlashadi. Ota-onam ham shu maqsadda Rossiyada ishlab qaytganlar: otam qurilishda ter to‘kkan, onam esa arava bilan ko‘chama-ko‘cha kezib, kiyim-kechak sotgan. Qisqasi, 7-8 yoshda ozgina yordam berish uchun onamga qarashganman, faqat ta’til payti. Ko‘chaga akam bilan galma-gal, bir kundan chiqardik. Umuman, ota-otamning 13 yillik umrlari Rossiya tomonlarda o‘tgan.

- Ota-onangiz 5-6 oyga uzoqqa ketishganida, sizlar kimning qarovida qolardinglar?

- O‘sha vaqtlar buvim bilan yashaganmiz, undan tarbiya olganmiz.

- Bolalikda hamma ham to‘p tepgan. Hayotga qarasak, moddiy tomondan barcha sharoitlarga ega ko‘plab bolalar negadir «tepa»ga chiqiloshmaydi. Siz esa nisbatan og‘ir sharoitda ulg‘ayib, bugungi darajaga ko‘tarildingiz...

- Buyuk odamlar ko‘proq qiynalgan oilalardan chiqishadi - bu ayni haqiqat. Yoshligimdayoq ota-onam ish qidirib Rossiyaga borish tashvishidan qutulishlari uchun kuchli futbolchi bo‘lishim kerakligini anglab, shunga yarasha harakat qildim. Oddiy maktabda tahsil oldim, keyin Yangibozor futbol-internatiga kirdim. U yerda 3-4 oy shug‘ullangach, Jizzaxda tashkillashtirilgan turnirga bordik. Xullas, u yerda «Paxtakor» skautlari o‘yinimni ko‘rib, meni Toshkent­ga olib ketishdi. Qolganini ko‘pchilik yaxshi bilsa kerak. Umuman, bugungi darajaga chiqishim avvalo, Allohdan. O‘ylaymanki, bu - ota-onamning bizni hamisha halol yedirib-ichirganlari samarasi.

- Sezilib turibdiki, bolalik yillari sizda moddiy tomonlama imkoniyatlar ancha past bo‘lgan, shundaymi?

- Ha, «Paxtakor»ga yetguncha oyog‘imga butsa kiymaganman. Oddiy kedada shug‘ullanardim. Hattoki, bitta kedani qayta-qayta tiktirib kiyishimga to‘g‘ri kelardi. «Paxtakor»da esa hammasi o‘zgardi: sekin-sekin bizga kerakli atributlarni berishdi va shundan so‘ng faqat futbol haqida o‘ylay boshladim.

- Demak, «Paxtakor»ga o‘tganingizdan keyin ota-onangizni ham uzoqqa borib ishlashdan qaytargansiz.

- Shunday. 2013 yili asosiy tarkibda maydonga tusha boshladim, maoshim ham ko‘tarildi. Birinchi yilgi maoshni yig‘ib, «Kaptiva» sotib olgandim, chunki avtomobillar «jinni»siman. Shuning uchun ham avvalo, uy emas, mashina xarid qilganman. To‘g‘ri, orada uyga ham pul jo‘natib turardim, chunki oilamizda yig‘ilib qolgan qarz bor edi. 2016 yilga kelib, ota-onamni Rossiya safaridan qaytardim. Bu vaqtda barcha xarajatlarga yetarli darajada pul topa boshladim.

- Ota-onangiz sizni «Paxtakor»ga olib ketishlariga qanday reaksiya bildirishgandi?

- Esimda, Toshkentga borgandan keyingina xabar bergandim va tabiiyki, yaqinlarim hayron qolishgan. Aslida poytaxtda ham boshida ancha qiynalganman. Deylik, har kuni Chilonzordagi maktab-internatidan «Paxtakor» stadioniga qatnash talab etilardi, menda esa yo‘lkiraga ham pul yo‘q edi. Hattoki, avtobus konduktorlari bizni tanib qolishgan, ko‘pincha pul olishmasdi. Qolaversa, boshida oziq-ovqat ta’minoti ham zo‘r emasdi, hali hammasi asta-sekin yaxshilanganini haqida bejiz gapirmadim. Darvoqe, shunday og‘irliklar ta’sirida uydagilarga ortga qaytishni ham ayt­ganim esimda. Lekin baxtimga, «Paxtakor»dagi birinchi murabbiyim Dmitriy Kim qat’iy turib, meni olib qolgandi.

- Qiziq, o‘sha payt «Paxtakor»ning asosiy futbolchilari sharoiti qanday edi?

- Zo‘r! Qibraydagi bazaga borganimizda, asosiy jamoa futbolchilarini ko‘rardik. Masalan, Anvar Soliyev, umuman, barcha futbolchilar qimmatbaho avtomobillarda kelishardi. Ochig‘i, shularni ko‘rib, menda katta futbolchi bo‘lishga ahd yanada kuchaygan.

- Atigi 1 yosh katta akangiz ham futbol bilan shug‘ullangan, lekin siz uchun professional faoliyatdan voz kechgan ekan. Shu to‘g‘rimi?

- Ha, akam «Nasaf»da shug‘ullanardi va iqtidori bo‘yicha mendan kuchli edi. Lekin men Toshkentda, u Qarshida, Xorazmda esa singlimiz qolgandi. Bilamizki, qiz bola ulg‘aygan sari unga qatiqqo‘lroq bo‘lish talab etiladi. Shuni  o‘ylagan akam menga yo‘l bergandi: «Jalol, senga ishonaman, hali katta futbolchi bo‘lasan. Men esa uyga qaytaman, singlimizga kimdir qarashi kerak». Demak, kelib chiqyaptiki, u men uchun futboldan voz kechgan. Allohga shukr, hozirda akamning hayoti yaxshi, katta biznes bilan shug‘ullanadi.

- Turkiyada o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi JCH startiga 20 kun qolganida jiddiy jarohatlangan, shunga qaramay, ukol yordamida maydonga tushgan ekansiz. Keyingi faoliyatingiz xavf ostida qolishidan cho‘chimaganmidingiz?

- Jahon chempionatidan oldin Ispaniyada o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘ini tashkil etildi. Qaysidir o‘rtoqlik uchrashuvida oyog‘imni sindirib oldim. Buning ortidan dastlab Osiyo kubogini o‘tkazib yubordim. Keyin kichik mundialga borolmaslik xavfi tug‘ildi. Bilamizki, bunday turnirlar yosh futbolchilar uchun o‘ziga xos yarmarka hisoblanadi. Qisqasi, bunday imkoniyatni qo‘ldan boy berishni istamadim va og‘riq bilan bo‘lsada, ukol yordamida o‘yinlarda maydonga tushdim. Lekin bunday yondashuv zararimga ishladi. Chunki jarohat ta’sirida o‘z o‘yinimni ko‘rsatolmadim, aksincha, ko‘pchilikda yomon taassurot qoldirdim. Asosiysi, JCHdagi tajriba keyinchalik juda asqotdi - barchasidan to‘g‘ri xulosa chiqardim. Ya’ni ortga qaytgach, Qibraydagi bazada kuniga ikki mahal qo‘shimcha shug‘ullanishni odatga aylantirdim. Binobarin, o‘sha payt ko‘plab tengqurlarim xalq nazariga tushib ulgurishgandi. Xullas, ulardan ortda qolmaslik uchun o‘z ustimda tinmay ishlashga o‘tdim.

- Uzr, bu savol biroz g‘alati tuyulishi mumkin, lekin beramiz, baribir: oyog‘ingizdagi krossovka, qo‘lingizdagi soat, boshingizdagi kepka hashamatli ko‘rinmoqda. Ularning bahosini ayta olasizmi?

- Bemalol: krossovka - 1500 dollar, soat - 4000-5000 dollar. Kepka esa chamasi 500-600 dollar...

- Shuncha qimmatbaho narsalarni kiyish shartmi?

- Tushuning, Osiyoning eng kuchli klublaridan birida katta futbolchilar bilan birga o‘ynayapman. Agar oddiy kiyinsam, klub reytingi, imidjiga o‘zim xohlamagan holda putur yetkazib qo‘yishim mumkin. Demoqchimanki, klub talabidan kelib chiqib, shunday kiyinishim shart.

Davomi "Interfutbol" gazetasining keyingi sonlarida.

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 19:00, 09.06.2023.
O'qildi: 2419 marta.
Fikrlar: 13 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.