So‘nggi yillarda futbol qoidalari faol rivojlanmoqda, biroq asosiy qoidalar juda ham mayda detallarga to‘lib ketdi. FIFA ofsaydni aniqlash borasida bir qancha yangi usullarni tatbiq etdi. "O‘yindan tashqari holat" tushunchasi 19-asrda paydo bo‘lgan, ikki marta o‘zgargan. Amaldagi qoidalarga ko‘ra ofsayd nima? Bu to‘p uzatilayotgan paytda hujumkor jamoaning o‘yinchisi raqibning o‘sha tomondagi oxirgi vakilidan ko‘ra darvozaga yaqinroq bo‘ladi. Ko‘pchilik hozirgi talqinni yoqtirmaydi, chunki VAR paydo bo‘lishi bilan chizmalar orqali butsaning santimetrlarda oldinda qolib ketgani ham aniqlanmoqda. Bundan norozi bo‘lganlarning talabi qondirilib, bu borada yangi qadam tashlaganga o‘xshaydi.
Endi radikal o‘zgartirishlar kiritiladi. FIFA va IFAB (Xalqaro futbol assosiasiyasi kengashi - futbol qoidalarini tartibga soluvchi tashkilot) tomonidan o‘ylab topilgan nazariyaga ko‘ra, to‘p uzatilayotgan vaqtda hujum qilayotgan o‘yinchining butun tanasi (qo‘lidan tashqari) himoyachidan ko‘ra raqib darvozasiga yaqinroq bo‘lgandagina ofsayd hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, hujum qilayotgan futbolchi tanasining ma’lum qismi oxirgi himoyachiga to‘g‘ri kelsa, o‘yindan tashqari holat hisoblanmaydi. Aynan shu holatga avval e’tibor berilmagani uchun bir qator muhim gollar bekor qilingan. Aniqlik uchun biz bir nechta misollarni eslashimiz mumkin. "Manchester Siti"ning 2018/2019 yilgi mavsumda "Tottenxem" bilan Chempionlar ligasi chorak finali javob o‘yinidagi beshinchi golini eslang. U katta ehtimol bilan, ishlab chiqilayotgan yangi talqinga ko‘ra, qonuniy deb hisoblanadi. O‘shanda Maurisio Pochettino emas, balki Pep Gvardiola jamoasi yarim finalga chiqqan bo‘lardi.
Qatarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida, 2019 yildagidan farqli o‘laroq, ofsaydlar video orqali aniqlashtirildi. 1-turda Argentina aynan ofsayd sabab uchta goldan mahrum bo‘ldi va ulardan biri amaldagi qoidalar uchun noroziliklarni keltirib chiqardi. O‘shanda Lautaro Martinesning yelkasining cheti Saudiya Arabistoni himoyachisining tanasidan millimetrlarga oldinga chiqib qolgandi. Lekin bu FIFAning yangi g‘oyasiga ko‘ra "toza" gol sifatida hisoblanilar edi.
"FIFAning yangi g‘oyalari futbolni yanada ajoyib qilishni bosh maqsad sifatida oladi", deb tushuntiradi sobiq shved hakami Jonas Eriksson, – "menimcha, o‘zgarishlar hujumchilarga foyda keltiradi, hamma buni xohlaydi. Shu tarzda yaxshiroq intriga bo‘ladi. Ko‘proq gollar bo‘ladi, demak, futbolni tomosha qilish qiziqarliroq bo‘ladi. Bu qoidani sinovdan o‘tkazish va rivojlanishiga turtki berish biz uchun ajoyib jarayon", – dedi sobiq hakam. Erikssonning so‘zlariga ko‘ra, FIFA yangi ofsayd qoidasi qo‘llanilgan barcha o‘yinlarni tahlil qiladi, shuningdek, o‘yinlar ishtirokchilaridan intervyu olib, to‘liq o‘zgarish uchun ideal formulani ishlab chiqadi.
Lekin qoidadagi o‘zgarish FIFA kutayotgan natijaga olib kelishi aniqmi? Shubhalar bor. Misol uchun, tahlilchi Nikita Vasyuxin o‘zining Telegram-kanalida yangi ofsaydlar qoidasi kiritilgandan so‘ng bu himoyachilarga yuqori himoya chizig‘ini ushlab turish foyda keltirmasligi haqida yozdi. Endi hujumda ustunlik raqib hujumchilari tomonida bo‘ladi va teskari ta’sirni ko‘rishimiz mumkin - eng chuqur himoya chizig‘i yuzaga keladi va gollar sonining kamayishi sodir bo‘ladi.
Yangi qoidalar qachon kuchga kiradi?
Barcha yangi qoidalarda bo‘lgani kabi, bu birinchi navbatda kichik ligalarda sinovdan o‘tkaziladi, shunda rasmiylar yangilanish qanday ishlayotganligini ko‘rishlari mumkin. Tez orada Italiya, Shvesiya va Gollandiyada yangi ofsayd qoidalari sinovdan o‘tadi. Bu, albatta, yuqori divizionlar haqida emas. Ma’lumki, shvedlar bu g‘oyani 21 yoshgacha bo‘lgan erkaklar o‘rtasidagi chempionatda sinab ko‘radi. "Avvaliga biz biroz ikkilanib qoldik, lekin bu yaxshi fikr va biz bu ishda ishtirok etishimiz kerak deb o‘yladik", - dedi Shvesiya futbol assosiasiyasi vakili Pyer Vayden. “Bundan tashqari, biz tajriba haqida gapiryapmiz - bunday o‘zgarishlarning boshida bo‘lish juda yaxshi. Shuni tan olish kerakki, FIFA bu g‘oyani bizga a’lo darajada "sotdi". Biz o‘z futbolimizga ishonamiz va ular bizning yuqori darajadagi tashkilotchilik tizimiga ega ekanligimizni bilishadi", – dedi u.
"Arsenal"ning afsonaviy murabbiyi Arsen Venger 2019 yildan beri FIFAda Jahon futbolini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i sifatida ishlab kelmoqda. Bunday pozisiyada Venger tez-tez o‘yinga yangi narsa qo‘shish yoki uni qandaydir tarzda o‘zgartirishni taklif qilishi mantiqan to‘g‘ri. To‘g‘ri, Arsenning aksariyat g‘oyalari futbol jamoatchiligida kutilganidek aks-sado bermaydi. Yangicha ofsayd g‘oyasi boshqa ko‘pchilik singari, Venger tomonidan 2020 yilda ilgari surilgan.