Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Rudi Garsiya: «Napoli» ulkan dovonlarni ko‘zlashi shart»

Rudi Garsiya: «Napoli» ulkan dovonlarni ko‘zlashi shart»

Baho:
+ | -

- Neapolda sizlar bilan birga bo‘lish men uchun sharaf. Avvalo, iliq qabul uchun muxlislarga minnatdorchilik bildirishim kerak.

Ochig‘i, «Napoli» tiffozilari guruhi ilk kundayoq meni chuqur hayratga soldi. Umidvormanki, bunday munosabat uzoq davom etadi - Rudi Garsiya Salone delle Feste del Museo e Real Bosco di Capodimonte saroyida «Napoli» bosh murabbiyi sifatida tanishtirilganidan so‘ng gapni mahalliy fanatlarga qaratilgan maqtov bilan boshladi. Saudiya futbolidagi tajribadan keyin yevrofutbolga qaytgan fransiyalik mutaxassis shu tariqa o‘z g‘oyalari va keyingi mavsum uchun shaxsiy ambisiyalarini ham bayon etdi.

- Janob Rudi, Neapolga qanday loyiha va g‘oyalar bilan keldingiz?

- Shaxsiy ambisiyalarim haqida gapirsam, bu borada klub prezidenti bilan o‘rtamizda mukammal sinxronlik bor. Xususan, YECHL uchun maqsadni juda baland qo‘ydik - turnirda g‘alaba qozonish niya-tidamiz. Asosiy mushtarak vazifamiz - Italiya chempionatida zafarli yurishni davom ettirish. Axir   klub buyuk Diyego Maradona davridan naq 33 yil o‘tibgina skudetto yutdi va endi Neapolni chempionlikka bunchalik ilhaq qilish yaramaydi. Asosiysi, «Napoli» Yevropa futbolining bosh stolidan o‘z ulushini olishi kerak. Ya’ni muntazam ravishda CHLda o‘ynashi, shuningdek, yakuniy g‘alaba sari intilishi shart. Har holda, klub shunday katta dovonlarni ko‘zlashga mutlaqo munosibdir.

- Luchano Spalletti izidan borish qo‘rqinchli emasmi?

- Tabiatan nimadandir cho‘chish odatim yo‘q. Birgina istisno - salomatlikni yo‘qotish qo‘rquvi. Qisqasi, bor e’tiborni ixtiyorimdagi futbolchilar bilan quvnoq o‘yin tuzishga qarataman. Binobarin, o‘tgan mavsum klub hayotida naqadar muhim bosqich bo‘lganiga qaramay, hammasi ortda qoldi. Endi yangi yurish noldan boshlanadi. Demak, jamoa tarkibida qolgan yigitlar hozirgacha nimaga erishganliklarini unutishlari kerak. Shuning barobarida ishonchni mustahkamlash uchun to‘plangan tajribadan unumli foydalanish talab etiladi.

- Umuman, «Napoli»-2022|2023 qanday taassurot qoldirdi, jamoaning qaysi jihati ko‘proq yoqdi?

- Tan olish kerak, «Napoli» o‘tgan mavsum hujumda ham, mudofaada ham birdek sifatli o‘ynadi. Klub prezidenti ambisiyalarga to‘la va g‘alabali yurishni davom ettirish yo‘lida menga kerakli vositalarni taqdim etishiga ishonaman. Faoliyatim davomida har bir jamoamda hamisha hujumga kuchli e’tibor bilan yondashganman, Shuningdek, tartibli himoya muvaffaqiyat asoslaridan biri ekanligini ham yaxshi tushunaman.

- Mana, 7 yillik tanaffusdan keyin Italiyaga qaytdingiz. Xo‘sh, hozir Rudi Garsiya bisotida qanday yangiliklar bor?

- Tabiiyki, ortda qolgan vaqtda yetarlicha tajriba to‘pladim. Italiyaga qaytganimdan mamnunman, hozir ishga kirishish onlarini sabrsizlik bilan kutyapman. Neapolda hech kimni ranjitmoqchi emasman.

- Faoliyatingizda eng katta missiyaga kirishyapsiz, shundaymi?

- «Napoli»ni boshqaradigan har qanday murabbiy zimmasiga murakkab va hayajonli vazifa tushganini biladi. Ayniqsa, o‘tgan mavsumdagi chempionlikni o‘ylasak, shunday. Yo‘q, bu yerda velosiped ixtiro qilmoqchi emasman, lekin ixtiyorimdagi yigitlar salohiyatidan kelib chiqib, jarayonga shaxsiy yondashuvimni olib kiraman, albatta. O‘yin formasiyaga kelsak, mavjud tarkibga moslashaman. 4-3-3 chizmasi «Napoli»da yaxshi ishladi, o‘zim ham bu tizimdan tez-tez foydalanganman, ammo murabbiy vaqtida nimalarnidir o‘zgartira olishi kerak. Faqat «A» rejasiga tayanadigan va o‘zgacha o‘yin sur’atiga moslashishda qiynaladigan jamoalarni yoqtirmayman. Futbolchilarning taktik tashabbus ko‘rsatishlari va raqiblarni hayratda qoldiradigan darajada aqlli to‘p surishlarini yuksak qadrlayman.

- Xo‘sh, yangi kampaniyani to‘g‘ri boshlashning kaliti nima?

- Avvalo, ruhiy metinlik ko‘rsatishimiz talab etiladi, chunki jamoa chempionlikdan keyin ko‘pincha tezlik pedalini qo‘yib yuborish xavfi ostida qoladi. Oddiy ayt­ganda, futbolchilarni yutuqlardan sarxush bo‘lib qolishlaridan olib qochish zarur. Bilaman, jamoada yanada jiddiy ishlarga qodir yoshlar bor. Asosiysi, tarkib raqobatbardosh. Bosh maqsadim - yigitlarning yangi qirralarini ochish asnosida o‘yinni yanada yaxshilash.

- Bu yerda eski shogirdlaringizdan biri Frenk Angissa ham bor...

- «Marsel»ni boshqarganimda, Frenkka debyut qilish imkonini bergandim. Bu yigitni yaxshi bilaman va yo‘llarimiz yana tutashganidan xursandman. Angissa oxirgi yillar chindan ham, ancha tezlik oldi va «Napoli»da muhim detalga aylanganini isbotladi. Unga yanada talabchanroq qarayman, chunki nimalarga qodirligi menga ma’lum.

- Aurelio de Laurentis bilan ilk uchrashuv taassurotlarini ham bayon etsangiz...

- Uning futbolcha ambisiyalari mislsiz darajada katta. «Napoli» savdo belgisi - bu hali to‘liq ishlov berilmagan olmos. Shunday ekan, an’analarni davom ettirish yo‘lida birga olg‘a intilamiz, jamoani kuchaytirish uchun yangi iste’dodlar qidiramiz.

- Spalletti ketadi, siz kelasiz - bu yozib qo‘yilgan ssenariydek...

- Ha, taqdirimiz shunday ekan. «Roma»da ham Spalletti o‘rnini egallagandim, endi «Napoli»da shunday bo‘ldi. Qaytaraman, jamoa tarkibi keskin o‘zgarib ketmasa, jiddiy o‘zgarishlarga qo‘l urmayman. Maqsad - mamlakat ichida standartlarni saqlagan holda, Yevropada ham muvaffaqiyat qozonish. «Napoli»ning hayratga soladigan fazilatlaridan biri - yigitlarning aql bovar qilmas darajada ko‘p yugurishlari. Jamoa sifatida rivojlanish uchun shu xislatni saqlab qolish muhim. Umuman, «Napoli» nafaqat o‘yin qobiliyati, balki ruhiyat va hamjihatlik nuqtai nazaridan ham kuchayishga qodir. Jamoa ruhi — futbolchilar va murabbiylarga yuksak tog‘larga chiqish imkonini beruvchi element.

- O‘z jamoangiz uchun qandaydir shior o‘ylab qo‘ydingizmi?

- Ha, yigitlarga ba’zi qadriyatlarni singdirishim kerak. Deylik, kamtarlik va mehnatsevarliksiz hech qayerga borolmaysiz. Iste’dod yordam beradi, lekin eng muhimi — birlik! Yulduzlarga katta e’tibor qaratiladi, bu zamonaviy futbolning bir qismi ekanligini tushunaman, lekin hammasi birlik, jamoaviy uyg‘unlikdan kelib chiqishini unutmaslik lozim.

- Muxlislarga aytadigan so‘zingiz bormi?

- «Napoli» muxlislari va klub stadioni haqida hammasini bilaman. Buni «Roma» murabbiyi sifatida ko‘rganman. Endi shunday muhitni jamoa ichida boshdan kechirish va fantastik holatdan boricha zavqlanishni istayman. Muxlislarni quvontirish yo‘lida bor bilim va salohiyatimni ishga solishim muqarrar.

- Skudetto siz uchun tramplin sifatida xizmat qiladimi yoki qo‘shimcha bosim bo‘ladi?

- O‘ylaymanki, amaldagi chempion maqomi bizga yoqilg‘i va ishtiyoq beradi. Axir chempion sifatida butun mamlakat bo‘ylab sayr qilish juda yoqimli. Ikkinchi tomondan, har bir raqib chempionga o‘zgacha «tish qayraydi», qolaversa, bosim ham yo‘q emas. Demak, o‘z shtabim bilan avvalo, skudettoni yutgan jamoa standartlarini saqlab qolish ustida bosh qotirishim zarur.

 MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:44, 03.07.2023.
O'qildi: 1337 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.