Ronaldu 2003 yilning yozida "Manchester Yunayted"ga yo‘l oladi. Shundan so‘ng, u dunyoning eng yaxshilaridan biriga aylangandi. Portugaliyalik 2009 yilda "Real"ga 80 million funt evaziga sotilgan. Bu paytga qadar esa Ronaldu uch marta ketma-ket APL chempioniga aylangan. 37 yoshli qahramonimizning 12 yildan keyin qaytishi unchalik ham omadli kechmadi. Shunga qaramay, u allaqachon klub afsonasiga aylanib bo‘lgandi. Quyida Ronaldu bilan 2003 yilda sotib olingan futbolchilar va ularning taqdiriga nazar tashlaymiz.
David Bellyon
Bir paytlar Tyerri Anriga qiyoslangan hujumchi, "Sanderlend"dan olib kelinadi. Bellyon "MYU"ga o‘tish uchun o‘z jamoasi rahbariyati bilan janjallashadi. "Qizil iblislar" rahbariyati futbolchini ham aqlan, ham jismonan o‘ziga qaram qilib qo‘ygandi. "Sanderlend" esa Bellyon evaziga 2 million funt oladi xolos. Afsuski, uning "Old Trafford"dagi sarguzashtlari omadli kechmadi. Futbolchi 24 ta APL bahsida 4 ta gol urib, jamoadan ketgandi. U "Nissa"ga sotiladi.
Erik Jemba-Jemba
Roy Kinning o‘rnini egallaydi deb ishonilgan futbolchi, 2003 yilda "Nant"dan 3.5 million funtga xarid qilinadi. Jemba-Jemba o‘zidan kutilgan narsalarni bera olmagan. Yarim himoyachi 2005 yilning yanvarida jamoani tark etishga majbur bo‘lgan. 2019 yilda u o‘zining "MYU"dagi davrini shunday eslagandi: "Meni Roy Kinga taqqoslashlari o‘ta og‘ir edi. Bu menga katta bosim yuklagan. Shunga qaramay, men qo‘limdan kelganicha jamoaga yordam berdim. Hozir dunyo meni aynan "Manchester Yunayted"dagi o‘yinlarim bilan eslashadi. Men esa Angliyaga kelganimdan afsuslanmayman".
Tim Xovard
Oliver Kanga erisha olmagach, "MYU" o‘z e’tiborini Xovardga qaratadi. Amerikalik posbon jamoada Piter Shmeyxeldan keyin yuzaga kelgan darvozabon muammosini bartaraf etishi kerak edi. U "MYU" bilan Angliya kubogi va liga kubogini yutgan. Ammo 2006 yilda "Everton"ga ijaraga yuboriladi. Xovardning o‘rniga Edvin van der Sar olib kelingan edi. 2007 yilda futbolchini "Everton" butunlay sotib oladi.
Kleberson
Jahon chempioni sifatida "MYU"ga olib kelingan futbolchi, Ronaldu bilan birga omma e’tiboriga namoyish etiladi. Ammo bu juftlikning taqdiri har xil kechdi. Yarim himoyachi ikki mavsumda faqatgina 28 ta o‘yinda maydonga tushadi. U "Beshiktosh"ga 2005 yilda sotib yuborilgan. 2019 yilda braziliyalik futbolchi shunday degandi: "Mening "MYU"dagi davrim o‘ta murakkab edi. Ko‘p jarohatlar meni qiynagan. Agarda "MYU" kabi jamoada o‘z o‘yiningizda o‘sish ko‘rmasangiz, demak, siz jamoada qolishga loyiq emassiz".
ISMATOV J.