Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli 1-2 Jenoa
28/12 19:00 Parma 2-1 Monsa
28/12 22:00 Kalyari 0-3 Inter
29/12 00:45 Lasio 1-1 Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul
30/12 00:45 Milan - Roma
30/12 22:30 Komo - Lechche

Muvaffaqiyatning mustahkam poydevori

Muvaffaqiyatning mustahkam poydevori

Baho:
+ | -

Ehtimol shu kunlarda «Ayaks» «Manchester Siti» yoshlar jamoasining portugaliyalik hujumchisi Karlos Borxes Forbsni 14 mln. yevroga xarid qilgani haqidagi xabar sizga yetib bormagandir.

 Ha, «shaharliklar» bonus sifatida yana 5 «limon»ni ham qurtdek sanab oladilar. Vaholanki, Borxes asosiy tarkibda biror marta maydonga tushmagan, ammo Premyer-liga 2 safida u yoshlar chempionatini 21ta gol bilan yakunladi. Eng yaqin ta’qibchisi undan 5ta golga ortda qoldi. Bundan tashqari, Karlos turnirda 11ta assist bilan uchinchi bo‘ldi, «Siti» esa shohsupaga ko‘tarildi.

Nimaga shama qilayotganimizni payqadingizmi? Yoshlar jamoasi so‘nggi transfer darchasida o‘z o‘yinchilari sotuvidan 45 mln. yevro daromad oldi. Umuman, «Manchester Siti»da akademiya tarbiyalanuvchilarini sotish bo‘yicha potok tizimi joriy etilgan. «Siti»ni tark etayotgan o‘yinchi hujjatiga uni qaytadan xarid qilish imkoniyati va bo‘lajak oldi-sotdidan oladigan foizi yozib qo‘yiladi. Bunga Romeo Lavia transferi yaqqol misol bo‘la oladi. Belgiyalik tayanch yarim himoyachisi o‘tgan yili 14 mln. yevroga «Sautgempton»ga sotib yuborilgandi. «Avliyolar» Chempionshipga tushib ketgan bo‘lsalarda, Romeoning o‘yinlari top-klublar e’tiborini tortdi. «Siti» uni 40 mln. yevro evaziga 1 yildan keyin qaytarib olishi mumkin. «Liverpul» va «Chelsi» esa hozirning o‘zida 50 mln.ni sanashga tayyor. Kelishuv amalga oshsa, «Siti» 10 millionga ega bo‘ladi. Qisqasi, akademiya so‘nggi yillarda klubning sermahsul daromad manbaiga aylandi.

«Manchester Siti» akademiyasi Angliyada gegemonlik qilmoqda: uy musobaqalarida g‘olib chiqib, superyulduzlarni tarbiyalamoqda

Nima uchun «shaharliklar» talabalariga talab kuchli? Chunki ularning yoshlar jamoalari ingliz futbolida yetakchilik qilishmoqda. Oxirgi 3 yil mobaynida «Siti» yoshlari APL-2 va APL U-18da shohsupadan tushganlari yo‘q. Undan avval Angliya Kubogini ham qo‘lga kiritgan edilar. Hozircha UYEFA o‘smirlar ligasidagi natijalar talab darajasida emas, lekin tez orada ularga ham g‘alabalar kelishi aniq.

Akademiyadagi shiddatli taraqqiyotga uning bitiruvchilari yaqqol misol bo‘la oladi. Fil Foden - «Manchester Siti» yetakchilaridan biri. Koul Palmer va Riko Lyuislar o‘tgan mavsumda treblga erishgan jamoaning muhim ahzolari edilar. Gevin Bazuni va Samuel Edozining muvaffaqiyatlari o‘ta yorqin bo‘lmasada, muntazam ravishda maydonga tushdilar. Romeo Lavia «surgun»da porlagani haqida aytib o‘tdik. Himoyachi Teylor Xarvud,Bellis Vensan Kompanining «Byornli»siga APLga qaytishida sezilarli yordam berdi. Jeyms MakEyti va Tommi Doyllar «Sheffild»dagi samarali o‘yinlari tufayli elitaga yo‘l oldilar.

Boshqa bir bitiruvchi Feliks Nmecha yozda 30 mln. yevro evaziga «Volfsburg»dan «Borussiya Dortmund»ga o‘tdi. Uning ukasi Lukas hozir jarohatini davolamoqda, lekin sog‘lomlik davrida «bo‘rilar» sharafini munosib himoya qilmoqda.

Jeremi Frimpong («Bayer»), Anxelinyo («Galatasaroy»), Braim Dias («Real»), Erik Garsiya («Barselona») - bularning barchasi hech bo‘lmaganda 2 yil Angliya chempionlari akademiyasida tahsil olishgan.

Shu yilning iyunida Angliya yoshlar terma jamoasi Yevro-U-21 turnirida g‘olib chiqdi. Ispaniyaga qarshi hal qiluvchi bahsda inglizlar tarkibida «Siti»ning 4 nafar vakili, darvozabon Trafford, himoyachi Xarvud,Bellis, yarim himoyachilar Palmer va Doyl maydonga tushdilar. Ispanlar safida esa «Siti» o‘yinchisi Serxio Gomes va akademiya vakili Adrian Bernabelar to‘p surishdi.

«Shaharliklar»ning ulkan skautlar tarmog‘i ko‘p hollarda noyob iqtidorlarni faqat mo‘may daromad ilinjida izlab topishadi. Masalan, himoyachi Pedro Porroni «Jirona» va boshqa jamoalarga ijaraga berishdi, «Sporting»ga 9 mln. yevroga sotib yuborishdi. Keyin lissabonliklarning takroriy sotuvidan 10 mln.ga yaqin daromad olishdi. Ibrat olishga arziydigan ishbilarmonlik. Boz ustiga, MFP qoidalarini buzmagan holda topilgan mo‘may daromad.

«Siti» akademiyasi 200 mln. funtga baholangandi. Hozir u Pep uslubida faoliyat yuritmoqda

Shayx Mansur «Manchester Siti» tasarrufini o‘z ixtiyoriga olganidan keyin jumladan, shunday degandi: «Biz shunchaki, yulduzlar jamoasini emas, balki kelajak uchun asqotadigan ilg‘or tizimni yaratamiz». Hozir bu hikmatli shior akademiya mashg‘ulotlar majmuasining devoriga yozib qo‘yilgan.

Akademiya qurilishi 2011 yilda boshlangandi, 2014 yilda uni foydalanishga topshirishdi. Buning uchun 200 mln. funt sarflandi - o‘ta yirik xarajat. Akademiyada 7000ga yaqin (qizlar jamoalari bilan birgalikda) shug‘ullanishlari mumkin. Yangi ochilgan paytida akademiyada 16ta futbol maydonlari bor edi. Ke­yinchalik ular klub afsonalari nomlarini oladilar. Masalan, Jo Xart, Yaya Ture...

«Shaharliklar» loyihasidan «Chelsi»dagilar nusxa ko‘chirishdi - qudratli akademiya Roman Abramovich jamoasiga yulduzlarni tarbiyalash, butun dunyo yoshlari e’tiborini jalb etish va transferlarda daromad olish imkoniyatini berdi. «Manchester Siti»ni qabul qilgan Xosep Gvardiola rahbariyat oldiga akademiyadagi barcha jamoalar yagona uslubda tahsil olishi talabini qo‘ydi. Shu sababli Fil Foden kabi bitiruvchilarning asosiy jamoaga moslashuvi o‘ta muvaffaqiyatli chiqdi. Darvoqe, Fil aynan manchesterlik yigit, akademiya bilan birgalikda ulg‘aygan. Akademiya foydalanishga topshirilgan pallada Pablo Sabaleta endi klub yaqin yillar ichida nafaqat Angliya, balki Yevropada ham gegemon klub maqomiga ko‘tarila olmasa, o‘zini oqlash uchun bahona topa olmasligiga shama qilgandi. «Siti» o‘zini oqlash uchun bahona qidirish zaruratiga ehtiyoj sezmadi - klub futbolidagi barcha mavjud sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Akademiya esa muvaffaqiyatga ulkan hissa qo‘shdi. Hech bo‘lmaganda, moliyaviy jihatdan.

 Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:59, 20.08.2023.
O'qildi: 1105 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.