Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Grinvud «qora chiziq»dan o‘tib bo‘ldimi?

Grinvud «qora chiziq»dan o‘tib bo‘ldimi?

Baho:
+ | -

Daily Mail nashrida yozilishicha, «quvg‘indi» Meyson Grinvudni «MYU»dan ijara kelishuvi asosida olgan «Xetafe» uning familiyasi tushirilgan futbolkalar sotuvi bo‘yicha rekord o‘rnatdi

Aytish kerak, Ispaniya klubi muxlislari 21 yoshli angliyalikni juda iliq qarshi olishdi. Deylik, Meysonning tanishtiruv marosimi bahona stadionda 4 ming fanat yig‘ildi. E’tiborli tomoni, tadbirda Grinvudning futboldan nega chetlatilgani haqida savol berish taqiqlandi. Qolaversa, «Xetafe» tomonidan iyul oyida «Tvitter» tarmog‘ida ochilgan va ingliz tilida yuritiladigan sahifaga 46,5 ming obunachi qo‘shildi. Asosiy fakt: klub tarixida boshqa biror futbolchining libosi bu qadar ko‘p sotilmagan ekan (to‘g‘ri, savdo hajmi haqida aniq ma’lumot yo‘q). Eslatma, «MYU» tarbiyalanuvchisining ijara kelishuvi joriy mavsum oxirigacha mo‘ljallangan. Aytish o‘rinli, oldinroq Grinvud zo‘rlash jinoyati bo‘yicha ayblov ortidan hibsga olingan va 18 oy davomida futboldan chetda qolgandi. Uning Angliya klubi bilan shartnomasi esa 2025 yilning iyunigacha amalda bo‘ladi.

GRINVUD BILAN VIDEO UCHUN HARAKAT

«Xetafe» o‘z muxlislariga Meyson Grinvud bilan videoga tushish huquqi uchun 2 ming marta layk bosishni taklif etdi. Ular esa buni 15 baravar ortig‘i bilan bajarishdi. Ya’ni klubning ijtimoiy tarmoqlardagi foydalanuvchilari bu ishga shu qadar qiziqib ketishdiki, qisqa vaqtda 31 ming layk to‘plandi. Muxlislar shunga muvofiq, yakunda Grinvuddan o‘zlariga tegishli otashin salomni qabul qilib olishdi: «Xush ko‘rdik, men Meysonman! Bu yerda bo‘lib turganimdan xursandman. Ishga kirishish onlarini kutishga sabrim chidamayapti». Angliyalik hujumchi sharafiga «Koliseum Alfonso Peres» arenasida tashkillashtirilgan tanishtiruv marosimi ham zo‘r o‘tdi. Tribunalar Grinvudni baland va jo‘r ovozda iliq qarshi oldi, futbolchi esa muxlislarni to‘p bilan siyladi.

Eslatma, Meyson 2022 yili o‘z qallig‘i - Xerriyet Robsonga jinsiy va jismoniy zo‘ravonlik ishlatganlikda ayblangan edi. Oqibatda «Yunayted» iqtidorli futbolchini mashg‘ulotlardan chetlatishga majbur bo‘ldi. Keyinchalik Meyson garov puli evaziga hibsdan ozod etildi, ammo ko‘p o‘tmay, shikoyatchi bilan uchrashmaslik shartini buzganlikda qayta ayblandi. Eng qizig‘i, futbolchi shundan so‘ng Xerriyet Robson bilan turmush qurdi va yaqinda farzandli ham bo‘ldi. Xullas, joriy yilning fevralida Xerriyet guvohlik berishdan bosh tortgach, zo‘ravonlik ishi yopildi. Lekin futbolchiga nisbatan qo‘yilgan ayblov bekor qilinmadi, ya’ni u hali to‘liq oqlanmagan. Shunchaki, «Grinvud ishi» asosiy guvohning chetga chiqib olgani tufayli parchalanib ketdi.

XERRIYET HAM O‘ZGARDI

E’tiborli tomoni, kechagina Grinvudni qamoqqa tiqishni o‘ylagan Xerriyet mutlaqo o‘zgargan ko‘rinadi. U ham ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga futbolchining tanishtiruv marosimidan olingan suratlarni joylashtirdi. Qolaversa, shaxsiy sahifasida Meyson futbolkasining kichikroq nusxasi ham paydo bo‘ldi - bunisi chaqaloq sharafiga, albatta. Vaholanki, Xerriyet 2022 yilning yanvar oyida «Instagram»dagi sahifasini qo‘rqinchli suratlar bilan to‘ldirib tashlagandi. Qisqasi, Robson futbolchi tomonidan ayovsiz kaltaklanganini ommaga ko‘rsatgan va bunga qisqacha izoh ham qo‘shib qo‘­ygandi: «Mana, Meyson Grinvud meni qay ahvolga solganini bilishni xohlovchilar uchun yoqimsiz suratlar».

Yakunda sevishganlar yarashib olishdi. «Yunayted» bunga qadar futbolchining o‘z sevgilisini qiynagani masalasida ichki tekshiruv olib borgan va uning aybsiz ekanligi haqida xulosa chiqargandi. Ammo klub yakunda Meyson bilan xayrlashishga qaror qildi, baribir. Ma’lumot uchun, Grinvud APLning 80tadan ko‘p o‘yinida ishtirok etib, 22ta gol urgan. U Angliya­da oxirgi marta 2022 yilning yanvarida maydonga tushgandi.

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:28, 08.10.2023.
O'qildi: 3030 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.