Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/12 01:30 Vilyarreal 1-1 Rayo Valyekano
19/12 01:30 Espanyol 1-1 Valensiya

Kaka, Ronaldinyo va Ronaldo. «Oltin to‘p» sohiblari faoliyatini qayerda yakunlagan?

Kaka, Ronaldinyo va Ronaldo. «Oltin to‘p» sohiblari faoliyatini qayerda yakunlagan?

Baho:
+ | -

“Oltin to‘p” sohiblaridan faqat Messi va Ronaldu kuchsizroq ligalarga ketmagan. XXI asrdagi “Oltin to‘p” sohiblari faoliyatlarini qayerda yakunlagan?

Yaqindagina Lionel Messi faoliyatidagi sakkizinchi “Oltin to‘p” sohibiga aylandi. Katta ehtimol bilan bu u uchun oxirgisi.

“O‘ylashimcha, bu mening so‘nggi “Oltin to‘p”im. Men faoliyatim davomida erishgan barcha narsalar va sakkiz bor bu sovrinni qo‘lga kiritganimdan xursandman”, — deydi argentinalik.

Afsuski, endi Ronaldu va Messi davri tugadi. Ikkisi ham faoliyatlari so‘nggida “Oltin to‘p” sovrinini yutish imkoniyati kam bo‘lgan ligalarga ketdi. 36 yoshli Messi — MLS’da bo‘lsa, 38 yoshli Ronaldu Saudiya Arabistonida to‘p surmoqda. Ronaldu bilan bir chempionatda 2022 yilgi “Oltin to‘p” sohibi bo‘lgan, Karim Benzema ham faoliyatini shu yerda davom ettirmoqda.

XXI asrda “Oltin to‘p” sohibi bo‘lgan yulduzlar faoliyatlarini qayerda yakunlagan? Ulardan qaysilari katta pul evaziga Osiyo yoki Amerika davlatlariga ketdi? Qaysilari faoliyatining so‘nggigacha Yevropada qoldi?

Kaka

Braziliyalik futbolchi 2007 yilda yosh Ronaldu (ikkinchi o‘rin) va Messini (uchinchi o‘rin) ortda qoldirib “Oltin to‘p”ga ega chiqqan. Sovrinni qo‘lga kiritgan paytida u 25 yoshda edi. Hujumkor yarim himoyachi Yevropadagi 11 yillik faoliyati davomida “Real” va “Milan” jamoalarida to‘p surgan. Aynan “Milan”dagi ajoyib harakatlari evaziga bu sovrin sohibiga aylangan.

“Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritganidan 7 yil o‘tib, Kaka AQSH chempionatiga ko‘chib o‘tib, “Orlando Siti” jamoasi bilan shartnoma imzoladi. Braziliyalik yiliga 7,2 million dollarlik maosh bilan Amerikaning eng ko‘p haq to‘lanadigan futbolchisiga aylandi.

Kaka “Orlando Siti”da 3 mavsumda 78 ta o‘yinda maydonga tushib, 25 ta gol urdi va 19 ta golli uzatmani amalga oshirdi. U Amerikadagi faoliyati davomida hech qanday sovrin yutmadi va bundan hech afsuslanmasa ham kerak.

“Menda har doim AQSH chempionatida o‘ynash xohishi bo‘lgan. Birinchi qiziqishlarim 2012 yilda “Orlando Siti” prezidenti Flavio Augusto menga David Bekham singari franchayzing sotib olish taklifini berganida boshlangan. Endi mening orzuyim ro‘yobga chiqdi”,— degan edi Kaka MSL’ga ko‘chib o‘tganidan keyin.

Fabio Kannavaro

Afsonaviy markaziy himoyachi ham faoliyatini Yevropada yakunlamadi. Ko‘hna qit’adagi 18 yillik faoliyati davomida “Napoli”, “Parma”, “Inter”, “Yuventus” va “Real” jamoalarida o‘ynashga muvaffaq bo‘lgan.

Kannavaro 2006 yilgi jahon chempionatida Italiya terma jamoasi bilan g‘olib bo‘lgani hisobiga “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan. O‘sha paytda Fabio 33 yoshda edi. Shundan 4 yil o‘tib, u Osiyoni kashf qilishga qaror qildi va Birlashgan Arab Amirliklarining “Al-Ahli” klubi taklifini qabul qiladi.

Kannavaro o‘zining bu tanlovini shunday izohlagan:

“Gap pulda emas, oilamning farovonligi haqida qayg‘urdim. BAAda chempionat tinch bu yerda hech kim sizga bosim o‘tkazmaydi. O‘ylaymanki, professional faoliyatim davomida to‘plagan boy tajribam “Al-Ahli”ning yosh futbolchilariga katta natijalarga erishishda yordam beradi”.

Fabio bilan imzolangan shartnoma ikki yilga mo‘ljallangan edi. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra uning maoshi yiliga 5 million dollarni tashkil qilgan. Lekin tizzasidan olingan jarohatlar bezovta qilganligi tufayli faqat bir mavsumgina o‘ynay oldi. Shundan so‘ng butsalarini mixga ildi.

Ronaldinyo

Braziliyalik sehrgar 2005 yilgi “Oltin to‘p” sohibi bo‘lgan. O‘sha paytda 25 yoshda edi, “Barselona” safidagi ajoyib harakatlari sabab bu sovringa loyiq ko‘rilgan. Uning Yevropadagi faoliyati to‘qqiz yarim mavsum davom etdi. 2001 yilning yozidan 2010 yilning qishiga qadar. Hujumkor yarim himoyachi Yevropadagi faoliyati davomida “PSJ”, “Barselona” va “Milan”da harakat qilgan.

“Oltin to‘p” sohibi bo‘lganidan 5 yil o‘tib, Ronaldinyo vatani Braziliyaga qaytadi. Keyinchalik 2014 yilda Meksikaning “Keretaro” jamoasi bilan 2 yillik shartnoma imzolaydi. Uning shartnomadagi maoshi yiliga 1,8 million dollarni tashkil qilgan. Mahalliy muxlisdan biri undan nima uchun Meksika ligasini tanlaganligini so‘raganida u shunday javob bergan edi: “Men Meksikaga sovrinlar va qizlarni yutish uchun keldim”.

Amalda Ronaldinyoning Meksikadagi faoliyati unchalik ham yorqin kechmadi. U hech qanday sovringa ega chiqmadi. Braziliyalik “Keretaro” safida 29 uchrashuvda maydonga tushib, 8 ta gol urgan va shuncha golli uzatmani amalga oshirgan. Shundan so‘ng u Braziliyaga bir muddatga qaytdi va keyin faoliyatini yakunladi.

Andrey Shevchenko

2004 yilda 28 yoshli Shevchenko “Milan” safida “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan. U bu sovringa erishish uchun uzoq yo‘lni bosib o‘tishga majbur bo‘lgan. 1999 va 2000 yillarda uchinchi o‘rin bilangina kifoyalangan.

Lekin 2003/2004 yilgi mavzum Sheva uchun yorqin kechdi. U jamoasi bilan Italiya chempionligini qo‘lga kiritdi va 32 ta o‘yinda 24 gol utib, A seriyaning to‘purari bo‘ldi. Shundan so‘ng, yana ikki mavsum “Milan” uchun o‘ynadi.

Keyin faoliyatini Angliyaning “Chelsi” klubida davom ettirdi. Orada yana ijara asosida “Milan”ga qaytdi, lekin bu oldingisi kabi muvaffaqiyatli chiqmadi. Shundan keyin Yevropadagi faoliyatini yakunlab, vataniga Kiyevning “Dinamo”siga qaytdi. Shevchenko Osiyo yoki Amerika ligalarida o‘ynamadi.

2007 yilda Sports Illustrated’ga bergan intervyusida Amerika ligasida to‘p surishni xohlashi haqida shunday degan edi: “Men u yerda o‘ynashni juda ham xohlayman. AQSHda futbol juda tez rivojlanmoqda va men bu jarayonga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman. Men milliy terma jamoa safida MSL’ning yulduzlari bilan to‘qnash kelganman va ularning qanchalik mahoratli ekanligini bilaman”.

Shunga qaramay, bu ish amalga oshmadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Shevchenko “Di Si Yunayted”ning yillik 5 million dollarlik taklifini rad etgan.

Pavel Nedved

2003 yilda Nedved “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritganida 31 yoshda edi. U bu sovrinni “Yuventus”dagi ikkinchi mavsumida qo‘lga kiritdi. Bunga qadar u “Lasio” safida 5 yil to‘p surgan. Pavelning butun faoliyati Italiya bilan bog‘liq. 2002/2003 yilgi mavsumda “Yuventus” bilan A seriya chempionligini qo‘lga kiritgan va chempionatning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan. Shu bilan birgalikda Chempionlar Ligasida jamoasi bilan finalga qadar yetib borib, “Milan”ga penaltilar seriyasidagina mag‘lub bo‘lgan. O‘zining eng yaxshi mavsumini o‘tkazgan Pavel yana 6 yil “keksa senyora” safida qoldi. Ya’ni faoliyati yakunigacha.

Nima uchun Pavel faoliyati so‘nggida Osiyo yoki Amerikaga bormaganligini agenti Mino Rayola shunday izohlagan:

“Menga Nedved bo‘yicha ko‘p qo‘ng‘iroqlar qilishgan, lekin bu haqida u bilan gaplashish vaqtni behuda sarflash ekanligini bilardim. Hech qanday katta summadagi shartnomalar uni oilasining farovonligidan voz kechishga majbur qila olmasdi. Takliflardan biri Yaponiyadan bo‘lgan edi. Bunday katta summa hech kimga taklif qilinmagan. Hatto Zidanga ham”.

Ronaldo

Faoliyatidagi ikkinchi “Oltin to‘p”ni Ronaldo 2002 yilda qo‘lga kiritdi. Bu hodisa o‘sha yili Braziliya terma jamoasi Jahon Chempioni bo‘lganidan keyin sodir bo‘ldi. O‘shanda forvard faoliyatining eng cho‘qqisida edi. Endigina “Inter”dan “Real”ga o‘tgandi. U birinchi “Oltin to‘p”ini “Barselona”dan “Inter”ga ko‘chib o‘tganda qo‘lga kiritgan.

Umumiy hisobda “so‘yloq tish” Yevropada 14 mavsum o‘tkazdi. Shulardan ikkitasini Niderlandiyaning “PSV”sida, bir mavsumni “Barselona”da, beshtasini “Inter”da, to‘rt yarim yilni “Real”da va bir yarim yilni “Milan”da o‘tkazgan. 2008 yilga kelib, Ronaldo klubsiz qoldi. Chap tizzasidan olingan jarohat sabab, faoliyatini davom ettirishi so‘roq ostida qolgandi. Lekin futbolga bo‘lgan ishtiyoq kuchlilik qildi. Vataniga qaytib, “Korintians” safida yana bir necha mavsum o‘ynadi.

Maykl Ouen

2001 yilgi “Oltin to‘p” sohibi bo‘lgan Maykl o‘sha yili endigina 22 yoshda edi. Shaxsiy sovrinni qo‘lga kiritish bilan birgalikda, “Liverpul” safida UYEFA Kubogi, UYEFA Superkubogi, Angliya Kubogi, Liga Kubogi va Angliya Superkubogini qo‘lga kiritgan. Umuman olgan, o‘sha mavsum “Liverpul” va hujumchi uchun juda omadli bo‘lgan.

Ouenning butun faoliyati Yevropa futboli bilan bog‘liq. “Liverpul”dan “Real Madrid”ga o‘tgan Maykl bir mavsumdan keyin yana Angliyaga qayib, “Nyukasl”, “Manchester Yunayted”, “Stok Siti”da o‘ynadi. 2012 yilning yozida “Manchester Yunayted”ni tark etib, klubsiz qolishiga qaramay boshqa kuchsizroq ligalardan takliflar bo‘lsa, ham qabul qilmadi.

“Men bilan shartnoma imzolashni xohlayotgan klublardagi asosiy to‘siq bu — mening jarohatlarim. Umuman olganda, menga dunyoning turli burchaklaridan jamoalar qiziqish bildirmoqda. Lekin mening tanlovim bu — APL”, — degan edi Maykl.

Mirjalol Norqobilov tarjimasi.

Manba: daryo.uz
Kiritildi: 23:49, 08.11.2023.
O'qildi: 2211 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.