Ha, bu aynan kinoga xos voqea.
2017 yil. Omsk. Qor uyumlari orasidan chiqib kelgan notanish mashinadan jilmayib turgan ajnabiy yigit tushdi. Juda kam kuzatiladigan manzara. Yigit bir paytlar Ispaniya terma jamoasi va dunyoning top-klublarida to‘p surganligini aytganida, voqelik tushga aylangandek tuyuldi.
Biroq buning ajablanarli jihati yo‘q. 2009 yilda ispaniyalik Albert Riyera rossiyalik Yuliya Kovalyova bilan turmush qurdi. Shundan keyin u vaqti-vaqti bilan rafiqasi bilan Rossiyaga kelib turadigan bo‘ldi. 2017 yilda esa professional faoliyatini yakunlab, turmush o‘rtog‘ining yurtiga ko‘chib o‘tdi. Ha, «Liverpul», «Manchester Siti», «Espanyol» va «Bordo» klublarining sobiq futbolchisi Omskdagi xonadonlardan birida istiqomat qila boshladi. Uning huzuriga kelgan kasbdoshlarimiz futbolchilik faoliyati va kundalik hayoti bilan tanishib oldilar. Tez orada Albert Omskda futbol akademiyasini ochdi va uni rivojlantirish ustida ishladi. Lekin qisqa vaqt ichida jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi, Riyera - futbol murabbiyi. 2020 yilda tegishli lisenziyaga ega bo‘lgan mutaxassisni Fotih Terim «Galatasaroy»ga yordamchi murabbiy lavozimiga taklif etdi. Yosh murabbiy nafaqat Fotih Terim, balki Domenek Torren rahbarligida ham stajirovka muddatini o‘tadi. Malaka oshirish uchun a’lo darajadagi tajriba maktabi: avvaliga hatto «Milan»ga saboq bergan Turkiyaning eng zo‘r mutaxassisi, keyin - Gvardiolaning uzoq yillik assistenti. Riyera mustaqil ish boshlashi uchun 2 yillik hamkorlik yetarli bo‘ldi.
2022 yil yozida yosh murabbiy Sloveniyaning «Olimpiya» klubini qabul qildi. Biroq Riyeraning mustaqil faoliyati shov-shuvli mojaro bilan boshlandi. Hamma gap shundaki, avvalgi bosh murabbiyning iste’fosidan norozi bo‘lgan ayrim muxlislar matbuot anjumani zaliga yopirilib, klub prezidentini savollarga ko‘mib tashladilar. Riyera janjalga aralashishni o‘ziga ep ko‘rmadi va zalni tark etdi. Nimalarga qodir ekanligini u «dahanaki jang»da emas, amalda isbotlashga qaror qilgandi. Yakunda yosh murabbiy debyut mavsumini chempion va kubok sohibi maqomida yakunladi. Munosib javobmi? Undanda a’loroq!
Keyin yanada ajabtovur voqealar yuz berdi. Ya’ni, «Olimpiya»ni chempion va kubok g‘olibiga aylantirgan murabbiyga klub rahbariyati yangi shartnomani taklif etmadi. Balki muxolif muxlislarda mutasaddilarga qandaydir boshqa savollar paydo bo‘lgandir. Xullas, ispaniyalik murabbiy ketdi. Lekin uzoqqa emas - Sloveniya chempionatida 2-o‘rinni egallagan «Sele» klubiga o‘tdi.
Buni qarangki, Riyeraning yangi jamoasi hozir amaldagi chempion - «Olimpiya»dan 6 ochkoga o‘zib ketgan holda, turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Biroq ispaniyalik murabbiy mavsum yakuniga qadar jamoani tark etishi ham mumkin. Fabrisio Romanoning ma’lumotiga ko‘ra, Riyeraga hozirda Fransiyaning 2-ligasida to‘p surayotgan «Bordo»dan taklif kelgan. Taajjubki, bu jamoa 10 yil avval Fransiya Kubogi turnirida g‘olib chiqqan, 2008|09 yillar mavsumida esa chempionlikka erishgandi. Umuman, tezkor yordamga muhtoj bo‘lib qolgan «Bordo» 2003-2005 yillarda o‘z tarkibida to‘p surgan sobiq futbolchisi ko‘magidan umidvor bo‘lib turibdi. Tomonlar kelishuvga erishgan, qandaydir kutilmagan to‘siqlar paydo bo‘lmasa, ispaniyalik mutaxassis tez orada Fransiyaga yo‘l oladi.
Mantiqiy savol: Omskdagi akademiya nima bo‘ldi? Umuman, Riyeraning Rossiya bilan aloqalari qay holatda? Aftidan, avvalgi serqatnovlik tobora kamayib borayotgandek. Omskdagi akademiya yopildi. Chunki Albert keyingi paytlarda u yerga bora olmayapti, usiz akademiyani boshqara olishmadi. Murabbiy o‘z oilasini ham o‘ziga yaqinroq joyga olib ketgan. Sport24. nashriga bergan intervyusida Albert Riyera jumladan, shunday degandi: «Farzandlarim Madridda o‘qiydilar. Lekin biz har yili hech bo‘lmaganda bir marta Omsk va Moskvaga borib kelishga harakat qilamiz. Afsuski, bu yil bunga erisha olmadik - hozir ishlarim ko‘payib ketdi. Rossiyadagi sevimli shaharlarim? Ikkitasini o‘ylab o‘tirmasdan aytaman - Moskva va Omsk, chunki men sovuq iqlimni yaxshi ko‘raman. Ispaniyadagi doimiy jazirama jonimga tekkan. Uchinchi sevimli shahrim - Sochi. Chunki u yerda dengiz bor. Sloveniyada biror marta ham rossiyaliklarga nisbatan yomon munosabatga duch kelmadim. Balki bu yerdagilar Rossiyani qanchalik hurmat qilishimni bilganliklari uchundir. Hazil, albatta. Umuman, hozir men 50 foizga rusman».
Albert Riyera chindan ham Rossiya fuqarosi pasportiga ega, rus tilida risoladagidek gaplasha oladi. Shuningdek, yozda Rossiyadan ikkita taklif olganligini ham aytib o‘tdi. Kelishuv hozircha amalga oshgan emas. Biroq murabbiy RPLda ishlash istagi ham borligini tan oldi. Balki Fransiyadan keyin navbat Rossiyaga kelar? Kutamiz…
Sodiq SOBIR tayyorladi