O‘zbekiston futbol assosiasiyasining (O‘FA) navbatdagi Hisobot kongressi 26 dekabr kuni bo‘lib o‘tdi. Tadbirning ikkinchi qismida joriy yilgi futbol mavsumining eng yaxshilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Abbosbek Fayzullayev – O‘zbekistonning 2023 yildagi eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. Abbos ayni vaqtda terma jamoa bilan BAAdagi yig‘inda ishtirok etayotgani uchun sovrinni uning otasi qabul qilib oldi.
O‘zbekiston ayollar terma jamoasi hamda “Sevinch” klubi yetakchisi Lyudmila Karachik “Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi” sovrinini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston mezbonlik qilgan U-20 Osiyo Kubogida jamoasi bilan birgalikda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan mutaxassis Ravshan Haydarov — “Yilning eng yaxshi murabbiyi” sovriniga loyiq deb topildi.
20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi sohibi, yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionati ishtirokchisi, O‘zbekiston U-20, U-23 va milliy terma jamoalarida ishonchli o‘yin ko‘rsatib kelayotgan iqtidor egasi — Abduqodir Husanov “Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi” sovriniga loyiq deb topildi.
“So‘g‘diyona” yetakchisi Diyora Habibullayeva ketma-ket uchinchi mavsum Oliy liganing eng yaxshi to‘purariga aylanmoqda. Joriy yilga kelib Diyora chempionat doirasida raqiblari darvozasiga 61 ta to‘p kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
“Sevinch” klubi vakilasi Umida Zoirova “Ayollar Oliy ligasida yilning eng yaxshi futbolchisi” sovrinini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston futzal milliy terma jamoasi yetakchilaridan biri, o‘tgan mavsum chempioni Husniddin Nishonov “Yilning eng yaxshi futzalchisi” sovrinini qo‘lga kiritdi.
O‘tgan mavsumda “BMB” futzal jamoasi bilan birgalikda mavsum chempionligini qo‘lga kiritgan mutaxassis — Nodir Eliboyev mazkur sovriniga loyiq deb topildi.
O‘zbekistonda 2023 yilning eng yaxshi hakami Ahrol Risqullayev, O‘zbekistonda 2023 yilning eng yaxshi ayol hakami — Gulshoda Saitqulova deb tan olindi.
Tadbir davomida Indoneziyada o‘tkazilgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatida munosib ishtirok etgan, dunyoning eng kuchli 8 jamoasi qatoridan o‘rin olgan O‘zbekiston U-17 terma jamoasi ham taqdirlandi.
O‘zbekiston futbol assosiasiyasi Osiyo futbol kofederasiyasi tomonidan 2023 yilning “Eng yaxshi assosiasiyasi” deb topildi. Shuningdek, O‘zbekistondagi sport tashkilotlari orasida esa “Yilning eng yaxshi sport federasiyasi” deya e’tirof etilgandi.
Shu munosabat bilan mazkur sovrinlar O‘FA prezidenti Abdusalom Azizovga topshirildi.