Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Rafael Leau: «Sardorlik bog‘ichisiz ham «Milan» libosida o‘ynash juda yoqimli»

Rafael Leau: «Sardorlik bog‘ichisiz ham «Milan» libosida o‘ynash juda yoqimli»

Baho:
+ | -

«Milan» klubi vingeri Rafael Leau Milan TV telekanali mehmoni bo‘ldi. Unda potugaliyalik yulduz asosan «Milan»dagi 5 yillik sayohati haqida gapirdi.

— Rafael, «Milan»ga kelganingizga ham 5 yil bo‘lib qoldi. Bu yerdagi ilk kunlaringiz haqida nimalar deya olasiz?
— Bu yerga birinchi kelganimda, oson bo‘lmagan: barcha qobiliyatlarim, fazilatlarim va iste’dodimni darhol namoyish eta olmadim. Bugun esa ko‘proq tajribaga egaman va jamoamga ko‘p narsalarni bera olishimni bilaman.

— Ha, bugungi kunda asosiy bosim aynan sizga yuklanmoqda...
— Menimcha, bu bosim yoki mas’uliyat masalasi emas, balki sheriklaringizni va ular mendan maydonda nimani kutayotganlarini bilish istagi. Bu maydonga chiqish va o‘yinni o‘zgartirish uchun qo‘shimcha motivasiyadir. Bu o‘zimni eng yaxshi tomondan ko‘rsatishga majbur qiladi.

— Sardorlik bog‘ichini taqqaningizda o‘zingizni qanday his qildingiz?
— «Nyukasl» bilan o‘yin arafasida qiyin lahzani boshdan kechirdik. O‘yindan oldingi uchrashuvda murabbiy shunday dedi: «Bugun Teo yo‘q, Kalabriya yo‘q, Rafa sardor bo‘ladi». Men buni bir marta sodir bo‘ladi, deb umid qilgandim va shunday ham bo‘ldi. O‘shanda barcha-barchaning — murabbiyning, jamoadoshlarimning ishonchini his qildim. Uchrashuvdan keyin hamma men uchun xursand bo‘ldi. Bu esa g‘ururlanishim uchun sabab bo‘ldi, chunki bu yerda uzoq vaqtdan beri o‘ynab kelyapman. Bu klub zo‘r o‘yinchi bo‘lishimga yordam berdi. Sardorlik bog‘ichisiz ham «Milan» libosida o‘ynash juda yoqimli, ammo umid qilamanki, hali sardor bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘laman.

— «Milan» muxlislari ham sizni boshqacha sevishadi...
— Bu yerga kelganimda, hech kim men haqimda gapirmasdi, bugun esa barchaning sevimlisiman. Tifoziga rahmat, ular menga bosim o‘tkazdilar, ijobiy bosim o‘tkazdilar. Ular menga kuch berishdi. Ularsiz men bugungi o‘yinchiga aylanmasdim.

— O‘zingizni qanday o‘yinchi, deb bilasiz?
— Men xudbin o‘yinchi emasman, gol ura olaman, lekin agar jamoadoshim mendan ko‘ra qulayroq pozisiyada bo‘lsa, albatta, to‘pni unga uzataman. Faraz qilaylik, men o‘yinda dublni rasmiylashtirib ulgurganman va raqib darvozaboni bilan yakkama-yakka holatga chiqdim, shu paytda gol urmagan jamoadoshim yon tomonda paydo bo‘ldi va men unga pas berishni afzal ko‘raman. Shu ma’noda Mbappe, Messi, Xoland va Ronaldu boshqa darajadalar. Qayd etgan statistikalari ular haqida gapirib turibdi. Men ham shularni o‘rganib olsam, ularning darajasiga chiqa olaman.

— Nima uchun aynan 10-raqamni tanladingiz?
— 7-raqamni olish imkoniyatim bor edi, men uni yaxshi ko‘raman, lekin u allaqachon Adlida edi. Jiru 9, Pulishich esa 11-raqamlarni band etishdi va men «10»ni tanladim. Menga bu raqam yoqadi. Bolaligimda unda Zeedorf kabi muhim futbolchilar o‘ynashgan. Mening kumirim Ronaldu va u 7-raqamda o‘ynaydi, lekin 10-raqamni maxsus o‘yinchilar kiyishadi, bundaylar o‘z jamoalarini oldinga boshlaydilar va men buni to‘g‘ri qaror deb o‘yladim.

— «Monsa» bilan o‘yinda Yan-Karlo Shimich gol urganida boshqacha xursand bo‘ldingiz...
— Men «Sporting» maktabidan keldim, u esa yoshlar sektori bosqichidan «Milan»ga qo‘shildi. Ha, u gol urganida, barchamiz aql bovar qilmas his-tuyg‘ularni boshdan kechirdik. O‘shanda go‘yoki o‘zim «Milan» uchun birinchi golimni urgandek tuyuldi. U juda yaxshi yigit, maslahatlarga quloq soladi va har kuni borini berib ishlaydi. Menimcha, uning yoshida «San-Siro»da o‘ynash va gol urish imkoniyati hammada ham bo‘lavermaydi. U boshqalardan ko‘ra ko‘proq narsaga ega, xuddi Kamarda kabi. Bu yoshda ishlash kerak va agar imkoningiz bo‘lsa, undan maksimal foydalanishingiz kerak. Osin bo‘lmaydi, lekin siz maqsaddan atigi bir qadam uzoqdasiz.

— Zlatan Ibrahimovichning qaytgani jamoaga qanday foyda beradi?
— Yaxshi o‘ynasam, u hech narsa demasdi, lekin yomon pas berganimda yoki kam ishlaganimda, u albatta tanbeh berardi. Bu to‘g‘ri bosim, chunki u mening ham jamoadoshim, ham murabbiyim edi. U har doim yaxshi ko‘rganlari bilan muloqot qiladi. Va maslahatlari menga yordam berdi. Uning qaytishi bizga yanada ko‘proq yordam beradi, chunki hammamiz unga yaqinmiz. Birinchi kelganida, jamoa tanazzulga yuz tutgandi va u bizga g‘alaba mentalitetini olib keldi. U bilan har bir o‘yin finaldek bo‘ldi. Men uchun eng muhim omil — bu uning mentalitetidir.

— Barchaga ma’lumki, siz musiqa yo‘nalishida ham ter to‘kasiz. Qiziqish qayerdan paydo bo‘lgan?
— Otam qo‘shiqchi, amakim esa DJ edi, shuning uchun musiqa doim hamrohim bo‘lgan. Fransiyada o‘ynaganimda onam va otam doim men bilan birga bo‘lishgan, shuning uchun musiqa doimo kompaniyam bo‘lib kelgan. Karantin davrida bir oy uyda qamalib qolganimizda qo‘shiq aytishga harakat qila boshladim. Ertalab video qo‘ng‘iroq orqali mashq qildik va tushdan keyin qiladigan ishim yo‘q edi. Shunday qilib, men o‘zimga: «bir nechta narsalarni sotib olaman va nima bo‘lishini ko‘raman», dedim. Bu to‘g‘ri qaror edi, chunki odatda kamgap insonman. Hayotim, qiyin daqiqalar, oilam haqida biror narsa yozishni boshladim. Musiqa — bu mening sevimli mashg‘ulotlarimdan biri, o‘zimni ifoda etish usuli: futbolda o‘zimni tabassum bilan, musiqada — boshqalarni eshitadigan so‘zlar bilan ifoda etaman. Men uchun futbol — bu tabassum bilan maydonga chiqish, har bir daqiqadan maksimal darajada foydalanish, «San-Siro»da o‘ynash va «Milan» libosida gol urish demakdir.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:55, 15.01.2024.
O'qildi: 862 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.