Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Terma jamoasini o‘zgartirgan futbolchilar

Terma jamoasini o‘zgartirgan futbolchilar

Baho:
+ | -

Uzoq yillik faoliyati davomida futbolchilar bir nechta klublarda to‘p surishlari mumkin.

Terma jamoalarni o‘zgartirish - nisbatan kam ro‘y beradigan hodisa. Lekin oz bo‘lsada, bor. Shuningdek, musofirlikning o‘ziga yarasha sabablari ham yo‘q emas, albatta. Hikoyamiz milliy jamoasini o‘zgartirgan afsonalar va erishgan natijalari haqida.

Uilfrid ZAXA

Bu futbolchi hozir Kot-D'Ivuar terma jamoasi tarkibida AMK turnirining eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilayotgan bo‘lishi mumkin edi. Uni milliy terma jamoaga taklif etish rejasidan voz kechgan murabbiylar shtabi afsuslangan bo‘lsa, ajabmas. Axir Zaxa Ivuar termasi manfaatini ko‘zlab, Angliyani rad etgandi. To‘g‘ri, Uilfrid inglizlarning yoshlar jamoasida to‘p surdi, keyin Roy Xojsonning asosiy jamoasida Belgiya va Shvesiya terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushdi. Biroq 2016 yilda Kot-D~Ivuar fuqarosi FIFAdan o‘z milliy jamoasida o‘ynashga ruxsat oldi. «Uch sherlar» bosh murabbiyi Garet Sautgeyt uni olib qolishga uringan bo‘lsada, Zaxa ivuarliklar safiga qo‘shildi. Lekin yorqin o‘yinlar ko‘rsata olmadi.

Alfredo DI STEFANO

Futbol olamining buyuk namoyandalaridan biri bo‘lgan futbolchi asosan klub miqyosidagi faoliyati bilan tanilgan. 1956-60 yillarda u «Real» bilan qatorasiga 5 mavsumda YECHK turnirida g‘olib chiqqan. Lekin terma jamoadagi natijalari bilan maqtana olmaydi. Argentinada tavallud topgan Di Stefano milliy jamoa tarkibidagi 6ta o‘yinda 6ta gol urgandi. Keyin o‘sha paytda FIFAga a’zo bo‘lmagan Kolumbiya safida o‘ynagani uchun diskvalifikasiya bilan jazolangandi. Shundan keyin Alfredo 1956 yilda Ispaniya fuqaroligini qabul qilgan va terma jamoa libosida 31 marta maydonga tushib, 23ta golni rasmiylashtirgan. Lekin jahon chempionatida maydonga tushirilmagani sababli, 1962 yilda terma jamoadagi faoliyatiga nuqta qo‘ygan.

Ferens PUSHKASH

Vengriyalik afsona milliy terma jamoani JCH-1954 finaliga olib chiqqandi. 2 yildan keyin Pushkash bir qator futbolchilar bilan til biriktirib, xalqaro turnega yo‘l olgandi. Keyin 2 yillik diskvalifikasiya muddatini o‘tagach, «Real» bilan shartnoma imzolagan va Ispaniya terma jamoa­si safida 4 marta maydonga tushgan. Qizig‘i, o‘sha uchrashuvlarning 3tasini JCH-1962da o‘tkazgandi. Hujumchi o‘z vataniga 1981 yilda qaytgan.

Deklan RAYS

«Arsenal» yarim himoyachisi Londonda tug‘ilgan bo‘lsada, bobosi va buvisi irlandiyalik bo‘lganlari uchun avval yoshlar terma jamoasida to‘p surgan, keyin asosiy jamoada 3 marta maydonga tushgandi. Biroq 2019 yilda u «uch sherlar» taklifini qabul qilib, hozir faoliyatini davom ettirmoqda.

Mishel PLATINI

Fransiyalik futbol afsonasini tanimaydigan muxlis bo‘lmasa kerak. Mishel milliy terma jamoa sharafini 1976 yildan 1987 yilgacha himoya qilib, 72ta uchrashuvda 41ta gol urgan. Lekin uning faoliyatida ko‘pchilik bilmaydigan voqea ham bor. 1988 yilda Quvayt amiri Platinidan amirlik terma jamoasi bilan xayrlashuv uchrashuvi o‘tkazishni iltimos qilgan, Mishel rozilik bildirgan va Quvaytning SSSR terma jamoasiga qarshi bellashuvida ishtirok etgandi.

Diyego KOSTA

O‘z uyida bo‘lib o‘tgan 2014 yil mudiali arafasida Braziliya terma jamoasining e’tiborini qozona olmagan hujumchi Ispaniya taklifini qabul qildi. Vaholanki, 2013 yilda Diyego «pentakampeonlar» safida 2ta uchrashuv o‘tkazgandi. To‘g‘ri, ispanlar jamoasida muvaffaqiyatga erisha olmadi, lekin 24ta o‘yinda 10ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

Inyaki UILYAMS

Ispaniya yoshlar terma jamoasining a’zosi Yevro-2016 turniri arafasida asosiy jamoaning Bosniya va Gersegovinaga qarshi bellashuvida maydonga tushgandi. Biroq shundan keyin uni chaqirishmadi. JCH-2022da Inyaki ota-onasining yurti bo‘lmish Gana terma jamoasiga yo‘l oldi. Uning ukasi Niko esa o‘sha turnirda Ispaniya tarkibida to‘p surdi.

Amir RRAHMANI

Bu himoyachi 2014 va 2015 yilda 2 marta Albaniya terma jamoasi safida maydonga tushgandi. Keyin UYEFA va FIFA tomonidan tan olingan Kosovo bayrog‘i ostiga o‘tdi. Gap shundaki, Amir Prishtina shahrida tug‘ilgan va yurtiga qaytish huquqiga ega edi. Yangi terma jamoada u yetakchilar safidan joy oldi.

Tiago MOTTA

2003 yilda Braziliyada tug‘ilgan Motta «Barselona»da to‘p surayotgan davrida 2 marta milliy terma jamoa safida maydonga tushdi. O‘shanda ummon orti vakillarini KONKAKAF Oltin Kubogi turniriga taklif etishgandi. Lekin braziliyaliklar Italiya fuqaroligiga ega bo‘lgan yarim himoyachini chaqirmay qo‘yishdi. Motta esa FIFAning ijozati bilan «Skuadra Adzurra» a’zoligini qabul qildi va 30ta uchrashuvda maydonga tushdi.

Denzel DUMFRIS

Mazkur qanot himoyachisi hozirda Niderlandiya terma jamoasining ajralmas qismiga aylangan. Lekin avvalroq ekzotik davlat sharafini himoya qilishga ulgurgandi. Rotterdam shahrida dunyo yuzini ko‘rgan futbolchi 2014 yilda Aruba terma jamoasi bilan Guamga qarshi 2ta uchrashuvda maydonga tushgan. 2016 yilda esa Niderlandiyaga o‘tib, avval yoshlar jamoasida, keyin asosiy jamoada to‘p sura boshladi. Denzel ota tomondan Aruba, ona tomondan esa Surinam terma jamoalarida to‘p surish huquqiga ega.

Joffri KONDOGBIA

2013-2015 yillar oralig‘ida yarim himoyachi Fransiya terma jamoasining 5ta o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etgandi. Keyinchalik fransuzlardan chorlov bo‘lmagach, terma jamoani almashtirish taraddudini ko‘ra boshladi. Joffri Fransiyada tug‘ilgan bo‘lsada, ota-onasi MAR fuqarolari edilar. Futbolchi bu imkoniyatdan foydalanib, 2018 yilda shu mamlakat terma jamoasida debyutini nishonladi.

Ussem AUAR

Bolalik chog‘larida Fransiyaning turli yosh toifasidagi o‘smirlar terma jamoalarida samarali to‘p surgan yarim himoyachi 2020 yilda «uch ranglilar» asosiy jamoasidan taklif olgandi. Biroq tez orada murabbiylar shtabi bilan kelisha olmay qoldi. Shu sababli ishsiz qolgan Ussem 2023 yilda ota-onasining vatani hisoblangan Jazoir sari yo‘l olishga qaror qildi va fransuzlar tarkibida maydonga tushganidan afsusda ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:50, 25.02.2024.
O'qildi: 1934 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.