Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Ctatistika: «Ajdaholar» - muvaffaqiyat kaliti

Ctatistika: «Ajdaholar» - muvaffaqiyat kaliti

Baho:
+ | -

Ha, YECHLda «Portu»ni musobaqadan chiqarib yuborgan jamoa hech bo‘lmaganda, nufuzli turnirning finaliga yetib borishgan.

 Joriy mavsumda Portudan kichik hisobdagi mag‘lubiyat bilan qaytgan «Arsenal» «Emireyts»da yirikroq hisobda g‘alaba qozonib, keyin finalgacha yetib borsa, buni isbotlagan bo‘ladi.

«Ajdaholar» darvozaboni Diogu Koshta Arteta jamoasiga qarshi duelda g‘olib chiqish imkoniyati yo‘q emasligini ta’kidlagandi: «Albatta, «Arsenal»da ham zaif jihatlar yo‘q emas. Lekin biz qanday uslubda o‘ynashimizni aytmayman. Agar ular YECHLda g‘oliblikka da’vogar bo‘lsalar, bizga o‘z salohiyatlarini namoyish etishlari kerak».

«To‘pchilar»ning tajribali muxlislari jamoaning YECHL g‘olibligi mavzusiga ehtiyotkorlik bilan yondashadilar. Chunki suyukli klublari o‘z tarixida atigi bir marta finalga yetib borgani va tarkibida Ronaldinyo va Xenrik Larssondek afsonalari bo‘lgan «Barselona»ni yenga olmaganliklarini yaxshi biladilar. Lekin umid va ijodiy ishtiyoq barhayot. Shuningdek, so‘nggi yillarda yuzaga kelgan an’ana ham «Arsenal» foydasiga ishlashiga shubha yo‘q.

2017 yil bahori - «Yuventus» «ajdaholar» to‘sig‘idan o‘tdi

YECHLda qur’a muhim ahamiyatga ega. «Portu» bilan orani ochiq qilish cheki «keksa sinyora»ga pley-off bosqichining dastlabki raundida tushdi. Bu borada omad turinliklar tomonida bo‘ldi. Ular «PSJ», «Real», «Bavariya» yoki «Manchester Siti»ga duch kelishlari mumkin edi. Taqdir esa ularga o‘z guruhida 1-o‘rinni «Lester»ga boy bergan «Portu»ni ro‘para qildi. Safarda Allegri shogirdlari mezbonlar vakili Telles maydondan chetlatilganidan keyin 2ta gol urishga muvaffaq bo‘ldilar. Turinda esa Dibalaning golidan keyin xotirjam to‘p surishdi. Qizig‘i, Telles javob uchrashuvida ham qizil kartochka oldi. Keyin «Yuve» «Barselona» to‘sig‘idan o‘tdi, yarim finalda Mbappening «Monako»sidan ustun keldi, finalda sovrinni «Real»ga boy berdi.

2018 yil bahori -  «Liverpul» «Portu»ni mahv etdi

Eslatib o‘tamiz, 2007 yildan beri YECHL finali orzu bo‘lib qolayotgandi. Qo‘shimchasiga, chempion ham bo‘lmagan, Klopp davrida YEL Kubogini «Sevilya»ga hadya qilgandi. Garchi van Deyk 1 yanvarda kelgan bo‘lsada, uning tashrifi jamoaga qanchalik samara keltirishini hech kim tasavvur qilolmasdi. Biroq «Portu»ga duch kelgan palla YECHL g‘olibligiga tashna bo‘lgan «qizillar»ga qandaydir ishonch, xotirjamlik bag‘ishladi. Klopp shogirdlari raqib darvozasiga 5ta javobsiz gol urishdi, keyin «Manchester Siti»ni, uning ortidan Alissondek qo‘riqchisi bo‘lgan «Roma»ni tiz cho‘ktirishdi. Faqat finalda kutilmagan omadsizlik ro‘y berdi - Ramos Kariusga jarohat yetkazdi, Benzema kiperning xatosi tufayli gol urdi, keyin Beyl 2 marta darvozani zabt etdi.

2019 yil bahori -  «Liverpul» yana zafar quchdi

Bu safar «Portu»ga qarshi bellashuv Klopp jamoasiga shunchaki, navbatdagi finalni emas, balki nufuzli turnir g‘olibligini ham tuhfa etdi. Boz ustiga, «qizillar» tanish raqiblariga qarshi maydonga tushishdan avval, 1-raundda «Bavariya»dek dahshatli da’vogarni tomoshabinga aylantirishdi, keyin «Roma»ni musobaqadan chetlatgan «ajdaholar» bilan kuch sinashishdi. Zaif jamoa­ning chorak finalga chiqishi - o‘ta kamyob holat. Biroq Klopp Konseysau jamoasini puxta o‘rganib chiqqandi. «Enfild»­dagi bahsda Keyta va Firminoning aniq zarbalari ishonchli g‘alabani ta’minladi, «Dragau»da esa muxlislar mezbonlarning yirik (1:4) mag‘lubiyatiga guvoh bo‘ldilar. Qizig‘i, «Liverpul»ning hujumchilar uchligi - Mane, Saloh va Firmino bittadan gol urishdi, van Deyk so‘nggi nuqtani qo‘ydi. Hozir «Real»da to‘p surayotgan Eder Militaoning aniq zarbasi esa shunchaki, yupanch goli bo‘ldi. Keyin «Liverpul» «Barselona»ga qarshi yarim finalning javob uchrashuvida 0:3 hisobini g‘alabaga aylantirib, tarixiy kambekni qayd etdi. Madriddagi «Tottenxem»ga qarshi hal qiluvchi bahs esa «qizillar»ni shohsupaga olib chiqdi.

2021 yil bahori - «Chelsi» «Portu»ni «sindirdi»

2020 yilda «Portu» YECHLning pley-off bosqichiga chiqa olmagan. Sababi, guruh bosqichidan avval uni «Krasnodar» musobaqa bilan xayrlashishga majbur etgandi. Lekin bir mavsumdan keyin «ajdaholar» yana top,klublar ro‘yxatidan joy olishdi. Konseysau jamoasi o‘z guruhida «Manchester Siti»dan 3 ochkoga ortda qolgan holda 2-o‘rinni band etishdi. U yog‘iga «Portu» safarda urilgan gollar evaziga «Yuventus»dan ustun keldi. Lekin chorak finalda «Chelsi»ni yenga olmadi. Tuxelning jamoasi pley-off bosqichining favoriti bo‘lmasada, «Atletiko»ni mahv etgan, Ngolo Kante va sheriklarining shiddati evaziga «Portu»ni umumiy 2:1 hisobida yengdi Keyin yarim finalda «Real»ni to‘xtatib, hal qiluvchi bahs­da yaqqol favorit bo‘lmish «Manchester Siti»dan sovrinni tortib oldi. O‘sha davrda Gvardiola jamoasiga sermahsul Xoland yetishmagandi.

2023 yil bahori - «Inter» «Portu»dan cho‘chimadi

Ayni pallada «ajdaholar» to‘sig‘idan o‘tib, finalgacha yetib kelgan jamoalar 2 marta raqiblaridan ustun kelib, 3 marta mag‘lubiyatni tan olishgan. Lekin o‘tgan yili Simone Inzagi rahbarligida «neradzurri» «Manchester Siti»ga qarshi bahsda overtaymlarga yaqin kelgandi. Darvozabon Ederson o‘yinga qo‘shilib, jamoadoshlariga yordam berishiga to‘g‘ri keldi. Pley-off bosqichida kamerunlik posbon Onana ham ochilib, Milanda Manchesterdagidan ishonchliroq o‘ynadi. Biroq «Inter» xuddi «Chelsi» kabi finalga chiqish uchun asosiy da’vogar emasdi. Qur’ada omad Italiya klubi tomonida bo‘ldi - guruhdan 2-o‘rin bilan chiqqan jamoa «Portu»ga duch keldi. Ke­yin Inzagi shogirdlari «Benfika» va «Milan» to‘siqlarini bartaraf etishdi. Bu yoqda esa «Siti» final yo‘lida «Bavariya» va «Real» qarshiligini sindirishga majbur bo‘ldi. Qaysi yo‘l mashaqqatliroq ekanligi yaqqol ko‘rinib turibdi.

2024 yil bahori - «Arsenal» Sporting»ni unutmagan

Nafaqat dindorlar, futbolchilar ham o‘ta irimchi bo‘lishadi. YECHL nimchorak finalining dastlabki bellashuvida raqiblari darvozasini ishg‘ol etgan Arnautovich («Inter») va Malen («Borussiya Dortmund») goldan keyin cho‘qinib olishdi. Marko ilohiy kuchlarga minnatdorchilik bildirgan bo‘lsa, Malen pressing tufayli qadrdon jamoasi bo‘lmish «PSV» darvozasiga yo‘llagan noaniq zarbalari uchun uzr so‘radi. Arteta, «to‘pchilar»ning barcha a’zolari va minglab muxlislar ham o‘z e’tiqodlari va taomillariga egalar. Inson miyasi o‘xshash voqealarni ilib oladi, «Portu»dan o‘tgan jamoaning finalga yetib borishi - so‘nggi mavsumlarda YECHLda kuzatilayotgan eng ajib hodisalardan biri ekanligiga shubha yo‘q.

Agar badavlat «Arsenal» qadrdon shahridagi «Uembli» stadionida maydonga tushishga muvaffaq bo‘lsa, «Portu» 7 mavsum davomida 6-finalchiga omad keltirgan bo‘ladi. Yoki finalda «Portu»ning o‘zini ko‘ramizmi? Yoki u «to‘pchilar»ni yengib, bo‘lajak g‘olibga duch keladimi? Yaqin kunlar ichida buni bilib olamiz. Arteta esa xotirjamlikka berilmasligi, bo‘shashmasligi lozim. Axir uning jamoasi o‘tgan mavsumda Portugaliyaning «Sporting»idan yengilib, YEL turnirini barvaqt tark etgandi.

S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:33, 07.03.2024.
O'qildi: 760 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.