Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Jarlik yoqasidagi nomdor jamoa

Jarlik yoqasidagi nomdor jamoa

Baho:
+ | -

Hozirda «Shalke» klubi ulkan muammolar girdobida: o‘tgan mavsumda jamoa oxirgi 5 yil ichida ikkinchi marta 2-Bundesligaga tushib ketgandi.

Joriy mavsumda yanada pastroqqa sho‘ng‘ishga yaqin turibdi - autsayderlar guruhidan atigi 3 ochko ko‘proq to‘plagan holda 14-o‘rinda bormoqda. Mabodo klub 2-ligadagi o‘rnini saqlay olmasa, moliyaviy muammolar tufayli faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lishi mumkin. Mazkur halokatga bir qator xatoliklar shodasi sabab bo‘ldi, koronavirus pandemiyasi esa «Shalke»ni tiklana olmaydigan holatga tushirib qo‘ydi.

Murabbiylar tizimidagi boshboshdoqlik va  strategik beqarorlik

2010-yillarda «Shalke»ning ishlari risoladagidek edi: jamoa muntazam ravishda Bundesliga toplari safida yurgan va YECHLda ishtirok etardi. Biroq 2014/15 yillar mavsumida jamoaga «ko‘z tegdi» - turnir jadvalida 6-o‘ringa tushib qoldi, Germaniya Kubogi turnirini dastlabki bosqichda tark etdi, YECHL yo‘llanmasidan, keyin bosh murabbiyidan judo bo‘ldi. Keyingi mavsumda ham sezilarli siljish bo‘lmadi: 5-o‘rin, YECHL o‘rniga YEL. 2016 yil yozida «Shalke»da qayta qurish jarayoni boshlandi: sport direktori lavozimiga «Mayns»da Klopp bilan, keyin Tuxel bilan ishlagan Kristian Xaydel tayinlandi. Bosh murabbiy lavozimi esa Markus Vaynsirlga topshirildi. Garchi klub transfer bozorida shov-shuv ko‘targan bo‘lsada, natija pasayib ketdi - 10-o‘rin va murabbiy iste’fosi.

2017 yil yozida murabbiylikka kelgan Domeniko Tedesko «Shalke»ga toza havo bag‘ishlagandek bo‘ldi: uning rahbarligida jamoa 2-o‘rinni egalladi va 4 yil ichida ilk bor YECHL yo‘llanmasiga ega bo‘ldi. Biroq keyingi mavsumda muammolar yana bosh ko‘tardi: jamoa YECHLning 1/8 finalida «Siti»dan 7ta javobsiz gol qabul qildi, ichki chempionatda boshi mag‘lubiyatdan chiqmay qolgach, 2019 yil martida Tedesko iste’foga chiqarildi. Undan sal avvalroq sport direktori ham klubni tark etgandi. Biroq barcha chora-tadbirlar «Shalke»ni halokatdan qutqara olmadi - mavsumni jamoa 14-pog‘onada yakunladi.

David Vagner rahbarligidagi 2019/20 yillar mavsumida «Shalke»dagi parchalanish davom etdi: 1-davrani yaxshi o‘tkazgan jamoa 2-davrada 16 o‘yindan iborat g‘alabasiz seriyani qayd etib, marraga 12-o‘rinda yetib keldi. Klubning barbod bo‘lishiga chidamagan muxlislar e’tirozi kuchayib ketdi, ular klub nazorat kengashining raisi Klemens Tyonnisning iste’foga chiqarilishini talab qildilar. Isyon o‘z samarasini berdi - 2020 yil iyunida Tyonnis 26 yillik faoliyatidan keyin klubni tark etdi.

Biroq bu o‘zgarish ham vaziyatni o‘nglay olmadi: yangi mavsumda «Shalke» o‘ta salbiy natijalarni qayd etdi. Birinchidan, jamoa bilan 5 nafar turli murabbiylar shug‘ullanishdi. Tabiiyki, bu jamoaning o‘yin saviyasiga ta’sir etdi. Ikkinchidan, past saviyadagi o‘yinlar tufayli jamoa bir qator antirekord­larni o‘rnatdi: Bundesligada g‘alaba uchun 3 ochko berish boshlanganidan keyingi davr ichidagi eng yomon natijani qayd etdi, 18ta uchrashuvda birorta gol ura olmadi, o‘z maydonida 11 marta mag‘lubiyatga uchradi, 13 marta yirik hisobdagi mag‘lubiyatni tan oldi, yakunda Ikkinchi ligaga tushib ketdi. Mana shu jamoa­dagi yemirilishning boshlanishi edi.

2011 yildan hozirga qadar «Shalke»da 14 nafar murabbiy faoliyat yuritdi. Ular orasida Tedesko boshqa kasbdoshlaridan uzoqroq - 1 yilu 278 kun ishladi. Muntazam ravishda qo‘lma,qo‘l bo‘lgan jamoaning natijalari tabiiyki, pasayib ketdi. Bu klub daromadining pasayishiga olib keldi: YECHLda ishtirok etmasdan kun ko‘rish qiyin ekanligi menejerlar o‘ylaganlaridan qiyinroq ekanligi oydinlashdi. Darvoqe, menejerlar o‘rtasidagi qo‘nimsizlik ham «Shalke»ga salbiy ta’sir etdi - puxta strategiyaga asoslangan rivojlanish o‘rnini xatolarga to‘lib-toshgan boshqaruvdagi tartibsizlik egalladi. Bu esa klubni birinchi bor Bundesligani tark etishga olib keldi, tez orada omadsizlik yana takrorlandi.

Noto‘g‘ri transfer  qarorlari

«Shalke»dagi vaziyatni biron-bir hayotiy voqeaga taqqoslasak, u chorrahada qayta-qayta takrorlanadigan noto‘g‘ri burilishni eslatadi. 2016 yilda jamoaga kelgan Xaydel bahosi arzonroq bo‘lgan futbolchilarni tanlashda usta bo‘lsada, qimmatbaho transferlarda xatoga yo‘l qo‘yardi. Hanuzgacha klubning rekord xaridi bo‘lib turgan Embolo jamoaga sariq chaqalik manfaat keltirmay turib jarohat oldi. Bentolib injiq tabiatli futbolchi bo‘lgani uchun jamoadoshlari bilan til topisha olmadi. Matondo noyob iqtidor sohibi, lekin unga barqarorlik yetishmaydi. Rudi esa shunchaki, Tedeskoning uslubiga moslasha olmadi. Oqibatda, ana shu xatoliklar «Shalke» uchun qimmatga tushdi. Agar jamoaning omadsiz xaridlardan forig‘ bo‘lish yo‘lidagi oldi, sotdilarini hisoblasak, 100 mln. yevroga yaqinlashib qoladi. Ularga sarflangan xarajatlar esa 140 million! Demak, nomaqbul transferlar klubga 240 mln. kamomad keltirdi.

Bundan tashqari, «Shalke» moliyaviy imkoniyatlariga mos kelmaydigan o‘yinchilarni xarid qildi, o‘zining asosiy o‘yinchilarini esa sotib yubordi - shunchaki, yangi shartnomalar bo‘yicha kelisha olmagani sababli.

2016 yilda klub akademiyasining tarbiyalanuvchisi Joel Matip 23 yoshida jamoani tark etdi: vaholanki, u jamoa safida 258ta uchrashuv o‘tkazgan va 20 mln. yevroga baholangandi. Biroq «Liverpul»ga erkin agent maqomida o‘tib ketdi. Bir yildan keyin Koloshinas shu usulda «Arsenal»ga ketdi. O‘z vaqtida Germaniyaning noyob iqtidorlaridan biri bo‘lgan 20 millionli Maks Mayer 2018 yilda «Kristal Pelas» a’zosiga aylandi, Leon Goreskani esa «Bavariya» ilib ketdi.

Koronavirus pandemiyasi va moliyaviy jarlik

Uzoq muddatga cho‘zilgan uquvsiz boshqaruv oqibatida xonavayron bo‘lgan «Shalke»ni koronavirus butunlay yiqitdi. Tomoshabinlarsiz o‘tgan har bir uchrashuvda klub 2 mln. yevroga yaqin mablag‘dan mahrum bo‘ldi. Boz ustiga homiylik va marketingdan keladigan daromad ham pasayib ketdi. 2020 yildagi tushum 275 mln.dan 175 mln.ga tushib qoldi. Maoshlar esa atigi 13 foizga qisqartirildi. Natijada byudjetdagi tanqislik 18 mln.dan 71 mln.ga ko‘tarildi. Bundan tashqari, muxlislarning qaytishidan umidvor bo‘lgan mutasaddilar olishgan 35 mln. yevrolik kredit o‘z vaqtida qaytarilmadi. Chunki pandemiya davri cho‘zilib ketdi. Oxir-oqibat, qarz miqdori 2021 yilda 183,5 mln.ga yetdi. Bu chinakam halokat edi.

2020/21 yillar mavsumida jamoa elitani tark etgach, rahbariyat Kristina Ryul-Xammersni moliyaviy direktor lavozimiga tayinladi. Yangi mutaxassis ishni keng qamrovli iqtisod rejimini e’lon qilish bilan boshladi. To‘lov vedomostlari hajmi qisqartirildi, kibersport jamoasining lisenziyalari sotuvga chiqarildi va qarz obligasiyalari chop etildi. Qisqa vaqt ichida klub g‘aznasi 8,9 mln. yevroga ega bo‘ldi. Biroq endi boshqa muammo bosh ko‘tardi: 2022 yilda jamoa asosiy homiysi - «Gazprom» bilan hamkorlikni to‘xtatdi. Rossiya kompaniyasi har yili 20 mln. yevro daromad keltirardi. Shu sababli, klub qarzlari 3,5 mln.ga kamaydi, xolos. Ryul-Xammersning fikricha, klubning elitaga qaytishi homiylarning ko‘payishiga va qarzlardan xalos bo‘lishga yordam berardi. Lekin «Shalke» o‘tgan mavsumda yana 2-ligaga tushib ketdi.

Aynan hozir klub o‘ta murakkab vaziyatda - u 3-ligaga tushib ketish xavfi ostida. Zimmasidagi 179 «limon»li qarz esa u yerda lisenziya olish imkoniyatini yo‘qqa chiqaradi. U holda, klub faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ladi. Agar bu halokat ro‘y bersa, malakatning nomdor jamoalaridan biri bo‘lgan «Shalke» noshudlarcha qabul qilingan qarorlar, murabbiylar qo‘nimsizligi va samarasiz moliyaviy boshqaruv qurboniga aylanadi.

A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 22:45, 08.03.2024.
O'qildi: 1799 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.