Kirish Ro'yxatdan o'tish

O‘zbekiston kubogi finali chiptalari 1 oktyabr — dam olish kunida vodiyning uch shahrida sotuvga chiqadi

O‘zbekiston kubogi finali chiptalari 1 oktyabr — dam olish kunida vodiyning uch shahrida sotuvga chiqadi

Baho:
+ | -

5 oktyabr kuni Farg‘onada bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston kubogining final uchrashuvi uchun chiptalar muxlislarga qulaylik yaratish maqsadida 1 oktyabr kuni sotuvga chiqariladi. Ular Farg‘onadagi "Istiqlol", Namangandagi "Markaziy" hamda Andijondagi "Bobur arena" kassalarida sotiladi.

Avvalroq Liga "Andijon" va "Navbahor" klubi rahbarlari hamda muxlislari bilan uchrashuv o‘tkazgan bo‘lib, mazkur masala qanday tartibga solinishi borasida kelishuvga erishgandi. Unga ko‘ra, "Istiqlol" stadionining 10, 11, 12, 13, 14, 15, 16, 17, 18, 19, 20-sektorlari "Andijon" muxlislari uchun ajratiladi. "Navbahor" muxlislari esa 22, 23, 24, 25, 26, 27, 28, 29, 30, 31, 32-sektorlardan joy olishi mumkin. Har ikki klub muxlislari chiptalarni o‘z arenalari kassalariga jonli navbatga turish orqali sotib olishlari mumkin. Navbatda turgan har qanday shaxs ko‘pi bilan 4 dona chipta xarid qilishi mumkin bo‘ladi.

Chipta savdosi masalasida Liga iTicket bilan hamkorlik qiladi. "Istiqlol" stadionidagi sharoit hamda bellashuvga bo‘lgan qiziqishning katta ekanligidan kelib chiqib, elektron chiptalar savdosi yo‘lga qo‘yilmaydi. Bunda qalbaki chiptalar savdosining oldini olish masalasiga ham e’tibor qaratiladi. Chipta maxsus qog‘ozlarda chop etilgan va himoya belgisiga ega bo‘lib, futbol muxlislariga ularni faqat kassa orqali sotib olish, begona shaxslar qo‘lidan xarid qilmaslik tavsiya etiladi. iTicket muxlislarning stadion turniketlaridagi harakatlarini tartibga solish masalasida Milliy gvardiya hamda Ichki ishlar organlari vakillari bilan hamkorlikda faoliyat olib boradi. Bunda qalbaki chiptalarni aniqlash uslubidan foydalaniladi hamda ularga qarshi choralar ko‘riladi. Kelishuvga ko‘ra, muxlislarning turniketlar tomon harakatlari maxsus to‘siqlar bilan tartibga solinadi.

Avvalroq xabar berilganidek, 2024 yilgi futbol mavsumi uchun chiqarilgan akkreditasiyalar bilan stadionga kirish imkoniyati mavjud emas. Liga final o‘yinida ishlaydigan texnik xodimlar hamda OAV vakillarini faqatgina final uchun chiqarilgan maxsus akkreditasiyalar bilan ta’minlaydi. Shuningdek, chiptalar savdosida sun’iylik va ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘ymaslik maqsadida klublar rasmiylari hamda Liga vakillari iTicket xizmatchilariga bevosita ko‘maklashadi.

Chipta xarid qilgan andijonlik futbol muxlislaridan 5 oktyabr kuni "Istiqlol" stadionining Islom Karimov nomli Farg‘ona kichik halqa yo‘liga tutashgan hududdagi 2-kirish darvozasi orqali, namanganlik ishqibozlardan esa stadionning "Umid nihollari" ko‘chasiga tutashgan hududdagi 1-kirish darvozasi orqali finalga tashrif buyurishi so‘raladi. Bunda nafaqat turniketlar, balki mashinalar uchun avtoturargoh ham alohida bo‘ladi. Muxlislar sektorlarga kirishda soat ko‘rsatkichlariga teskari yo‘nalishda, stadionni tark etishda esa soat ko‘rsatkichlari yo‘nalishida harakatlanadi.

Stadionning 5-SIP sektori uchun chipta narxi 200 ming so‘mni tashkil etadi. Mazkur sektor uchun chiptalarning aksar qismi Liga tomonidan homiy va hamkor tashkilotlarga taqdim etiladi. 3, 4, 6, 7-sektorlar 150 ming so‘mdan, 19, 20, 22, 23-sektorlar 100 ming so‘mdan, qolgan barcha sektorlar 75 ming so‘mdan sotuvga chiqariladi. Bunga qadar "Istiqlol" stadioniga kirish uchun chiqarilgan yillik abonementlar bilan final bellashuvini tomosha qilish imkoniyati mavjud emas.

Manba: pfl.uz
Kiritildi: 03:35, 29.09.2024.
O'qildi: 2662 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.