Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Pol Pogba: «Men faqat «Yuve»da o‘ynash haqida o‘ylayapman»

Pol Pogba: «Men faqat «Yuve»da o‘ynash haqida o‘ylayapman»

Baho:
+ | -

«Sakkizoyoq» futbolga qaytmoqchi va u o‘tmishni ortda qoldirib, noldan boshlash uchun Eyfel minorasidan bir necha daqiqa uzoqlikda joylashgan hashamatli «Parij» mehmonxonasini tanladi.

Pol Pogba La Gazzetta dello Sport uchun intervyu berib, unda o‘tgan yilgi barcha tafsilotlarni, doping ortidan yuzaga kelgan diskvalifikasiyasini (18 oyga qisqartirildi, kelasi yilning mart oyida tugaydi) va «Yuventus» bilan munosabatlari haqida gapirdi. O‘tmish, hozirgi va kelajak: endi 31 yoshli fransuz yana tabassum qila oladi, u imkon qadar tezroq maydonga qaytishni xohlaydi.

- Uzoq tanaffusdan ke­yin qanday Pogbani kutishimiz kerak?

- Yangi Pogba bo‘ladi: ochroq, dono va kuchliroq. Bu yil men faqat shaxsiy murabbiylar bilan mashq qildim va 2025 yilda normal holatga qaytishga tayyorman. Menda faqat bitta istak bor: futbol o‘ynashni boshlash.

- So‘nggi oylarda o‘zingizni qanday his qildingiz: «Yuventus»dan ko‘proq qo‘llab-quvvatlashmi yoki aksincha?

- Muxlislarning sevgisi hech qachon kam bo‘lmagan. Huquqiy muammolar tufayli men jamoa bilan aloqa qila olmadim. Ko‘plab sobiq va hozirgi jamoadoshlarim doimo qo‘llab-quvvatlab kelishgan. Kuadrado har kuni menga qo‘ng‘iroq qildi va doimo kuldirdi. Dibala ko‘plab xabarlar yubordi. Va Vlaxovich, Makkenni, Vea, Kin... men ular ko‘pchilik bo‘lishini kutmagandim, chunki har biri kundalik hayotda o‘z muammolariga ega.

- Mart oyida maydonga qaytishingiz mumkin: Motta bilan bu haqda gaplashdingizmi?

- U bilan ko‘rishish va gaplashish imkoniyatiga ega bo‘lmadim, lekin hammasining o‘z vaqti bor. O‘ylaymanki, men mashg‘ulotlarga va «Yuve» uchun o‘ynashga tayyorman. Endi men «Yuve» o‘yinchisiman.

- Agar Tyago sizga qo‘ng‘iroq qilsa, unga «Yuventus»da yana bir imkoniyatga ega bo‘lish uchun nima deysiz?

- Bu haqda gapirishim shart emas, chunki savollarga maydon javob beradi va Motta nima bo‘layotganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan narsasi bilan baholaydi. Suhbatlar yaxshi, lekin men o‘ynashni xohlayman: «Yuve» va Fransiya terma jamoasida eng yaxshi bo‘lishni xohlayman.

- Sizga tegishli 10-raqam Yildizga berildi: bunga qanday munosabatda bo‘lasiz?

- Bu mening raqamim emas, bu «Yuve» raqami! 2016 yilda Manchesterga qaytganimda ham 10-raqam meniki, deb turib olganim yo‘q. Kenanga uning iste’dodi borligini, uni yaxshi ko‘rishimni va bu libosda o‘ynashga loyiqligini aytdim. Birinchi mashg‘ulotlarimda u boshqacha bo‘lganini angladim. Men darhol aytdim: Yildiz asosiy jamoada o‘ynashi kerak. Umuman olganda, «10» meniki emas, u har doim «Yuve»ga tegishli bo‘ladi. Klub hozirgi kun haqida o‘ylab to‘g‘ri ish qildi, chunki men 4 yilga diskvalifikasiya qilindim.

- O‘tgan yilni eslab, boshqa o‘yinchilar bilan bo‘lgani kabi tushkunlikka tushishdan qo‘rqmadingizmi?

- Bu juda qiyin yil edi, men har kuni stadion va «Kontinassa» oldida o‘tkazgan, bolalarni maktabga olib borgan, «Yuventus» bilan mashq qila olmagan yoki o‘ynay olmaganimdan eng ko‘p azob chekardim. O‘zimni qafasdagi sherdek his qildim. Bir vaziyatda hatto oilam bilan Italiyani tark etmoqchi ham edim, chunki bu holat yuragimga juda ko‘p zarar yetkazdi.

- Bir necha oy o‘tgach va butun voqeadan so‘ng, siz o‘sha qo‘shimcha uchun jazolanganingizning sababini tushundingizmi?

- Ko‘pgina o‘yinchilar singari, menda ham shaxsiy oshpaz, murabbiy va fizioterapevt bor, Manchesterda ham shunday bo‘lgan. Bu mening yorliqlarni o‘qiy olmasligimdan emas, balki qo‘shimcha rivojlanishni klubdan bo‘lmasa ham, o‘z sohasidagi mutaxassis menga bergan. Boshqa bunday qilmayman, albatta.

- Nimadan ko‘proq afsuslanasiz: 2016 yilda «Yuve»ni tark etishmi, 2022 yilda qaytishmi yoki zarur bo‘lganda operasiyadan bosh tortganingizdanmi?

- Men o‘z xohishim bilan operasiyadan voz kechishga qaror qilmadim, katta klubda hech kim individual qaror qabul qilmaydi. Biz bu yo‘lni birgalikda tanladik va shifokorlar unga amal qilish mumkinligi haqida gapirishdi. Men hech narsadan afsuslanmayman, bu hayot.

- Keling, kelajak haqida gaplashaylik. Skudetto: uni kim yutadi?

- Umid qilamanki, «Yuve» g‘alaba qozonadi.

- Konte haqida biror qiziqarli voqeani aytib bering?

- Antonio taktik jihatdan juda kuchli, bir marta «Parma»ga qarshi o‘yinda ko‘rsatmalar berib, Kyelliniga «ichkariga» pas berishni aytdi. Faqat bu jamoani raqib ham eshitdi, shundan so‘ng biz gol o‘tkazib yubordik. Konte menda katta taassurot qoldirdi, o‘sha paytda u xatosi tufayli gol o‘tkazib yuborganimiz uchun uzr so‘radi.

- Allegri haqida nima deysiz?

- U har doim bitta ko‘ylakni almashtirishda ushlab turishi kerak edi, men unga doimo maslahat berardim. U «Yuve»ni tark etgach, biz xayrlashuv kechki ovqatini uyushtirdik va hisobni u to‘ladi. Men Maksni har qanday klubda ko‘rishni istardim, garchi uning agenti bo‘lmasam ham.

- Kelajakda Italiyaning boshqa klubi uchun o‘ynashingiz mumkinmi?

- Bugungi kunda bu mumkin emas, men o‘zimni boshqa libosda ko‘rmayapman. Hozir bor e’tiborim «Yuve» libosida maydonga qaytishdir.

- Yaqin do‘stingiz Evra sizning «Marsel»ga o‘tishingizni bashorat qildi: Rabyo yoniga borasizmi?

- Pet amaki vaziyatimni yaxshi biladi, u buni hazil tariqasida aytdi, chunki u Benatia bilan yaqin do‘st va «Velodrom»da o‘ynagan. Rabyoning «Marsel»ga tushib qolganiga hayron bo‘lmayman, lekin uning Angliyaga ketishini kutgandim.

- 2016 yilda «Yuventus»ni tark etayotib, siz jamoadoshlaringiz va klub xodimlariga hashamatli soatlar sovg‘a qilgandingiz. Agar bu lahza yan takrorlansa, siz yana shunday qilasizmi?

- Bugun men «Yuve»dan ketish va xayrlashish haqida o‘ylashni xohlamayman. «Byankoneri»dagi birinchi tajribamda men unvonlarni qo‘lga kiritdim va Fransiya terma jamoasida o‘ynadim, unda men yosh edim. Soat masalasida, bunday imo-ishorani chin yurakdan qilishni xohlayotganimni his qildim. Bundan eng ko‘p ombor ishchilari hayratlanishdi.

- O‘tmishda Gvardiola taklifini rad etganingiz rostmi?

- Ha.

- Fransiya terma jamoasi bilan navbatdagi jahon chempionati haqida o‘ylaysizmi, bu borada Desham siz uchun eshikni ochdimi?

- Jahon chempionatiga borish orzusi bor, ammo Desham hech kimga hech narsa va’da qilmaydi. Men bunga o‘zim erishishim kerak: u menga ishlashni maslahat berdi.

- Konte, Allegri yoki Mourinyo?

- Men uchalasi bilan, hatto Mourinyo bilan ham ishlashni yaxshi ko‘rardim.

- Chempionlar Ligasida kim g‘olib chiqadi?

- Umid qilamanki, «Yuve». Bizda barcha jamoalar singari taxminan 1 foiz imkoniyat bor.

- Mart oyida sizni «Yuventus»da yana ko‘rishimiz ehtimoli 1 foizdan yuqorimi yoki past?

- Bularning barchasi nafaqat menga, balki «Yuve» rejalariga va qanday mashq qilishimga ham bog‘liq. Men boshqalar bilan teng bo‘lishni xohlayman, Tyago Motta jamoasi bilan hamnafas bo‘lishni xohlayman: haqiqat shundaki, men «Yuve» o‘yinchisiman va «Yuve»da o‘ynashga tayyorlanaman.

DARVOQE...

«Yuventus» texnik direktori Kristiano Juntoli jamoa yarim himoyachisi Pol Pogbaning kelajagi haqida: «Pogba ajoyib o‘yinchi edi, ammo hozirda boshqa rejalarimiz bor. Biz turli futbolchilarga sarmoya kiritdik va endilikda jamoamiz to‘liq tarkibda». Eslatib o‘tamiz, Pogba 29 fevralda antipoding qoidalarini buzganligi uchun 4 yilga diskvalifikasiya qilingandi. Uning organizmida testosteronning yuqori tarkibi aniqlangan. Yaqinda fransuzning diskvalifikasiyasi 18 oygacha qisqardi va u kelasi yilning mart oyidayoq maydonga qaytishi mumkin.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 09:00, 27.10.2024.
O'qildi: 723 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.