Kirish Ro'yxatdan o'tish
21/12 00:45 Verona 0-1 Milan
21/12 01:00 Jirona 3-0 Valyadolid
21/12 17:30 Aston Villa - Manchester Siti
21/12 18:00 Xetafe - Malyorka
21/12 19:00 Torino - Bolonya
21/12 20:00 Brentford - Nottingem Forest
21/12 20:00 Ipsvich - Nyukasl
21/12 20:00 Vest Xem - Brayton
21/12 20:15 Selta - Real Sosyedad
21/12 22:00 Jenoa - Napoli
21/12 22:30 Kristal Pelas - Arsenal
21/12 22:30 Osasuna - Atletik Bilbao
22/12 00:45 Lechche - Lasio
22/12 01:00 Barselona - Atletiko
22/12 16:30 Roma - Parma
22/12 18:00 Valensiya - Alaves
22/12 19:00 Fulhem - Sautgempton
22/12 19:00 Lester - Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted - Bornmut
22/12 19:00 Everton - Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya - Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid - Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem - Liverpul
22/12 22:00 Atalanta - Empoli
22/12 22:30 Leganes - Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas - Espanyol

O‘tkir Yusupov: "Qaytsam, faqat "Navbahor"ga qaytaman"

O‘tkir Yusupov: "Qaytsam, faqat "Navbahor"ga qaytaman"

Baho:
+ | -

Faoliyatining asosiy qismini "Navbahor"da o‘tkazib, muxlislar yoqimtoyiga aylanib ulgurgan darvozabon O‘tkir Yusupov davralar oralig‘ida Eronning "Fulad" jamoasi a’zosiga aylanganidan yaxshi xabardorsiz.

Biz forslar yurtida ham o‘zining nimalarga qodirligini isbotlashga ulgurgan milliy terma jamoamizning asosiy posboni bilan bog‘lanib, ko‘plab savollarimizga javob oldik.

- Eshitishimizga qaraganda Farg‘onaning "Neftchi" jamoasiga o‘tayotgan ekansiz?

- Yo‘g‘e, buning umuman iloji yo‘q. Chunki "Fulad" bilan 2 yillik shartnomam bor. Qolaversa, Namangan viloyati hokimi Shavkat Shokirjonovichga mabodo ortga qaytib, o‘zimizning jamoalarda to‘p surishga to‘g‘ri kelsa, faqat "Navbahor"ga qaytaman deb so‘z berib qo‘yganman. To‘g‘risi, yana "lochinlar" safida o‘ynash niyatim bor. "Neftchi"ga o‘tayotganim haqidagi xabarlar esa asossiz.

- "Navbahor"dagi faoliyatingiz davomida esda qolarli va eng alamli kunlarni eslay olasizmi?

- Eng alam qilgani jamoadan ketganim bo‘lsa kerak. Hazil. Albatta yurakka og‘ir botadigan o‘yinlar ko‘p bo‘ldi. Eng alamlisi - 2022 yili O‘zbekiston kubogi finalida "Nasaf"ga yutqazib qo‘ygan o‘yinimiz deb o‘ylayman. Shuningdek, o‘sha yili chempionlik poygasida peshqadamdan bor yo‘g‘i bir ochko ortda qolib ketgandik. G‘oliblik uchun yetishmagan bir ochko bizni butun mavsum davomida qilgan sa’y-harakatlarimizni nolga tushirib qo‘ygandi. "Nav-bahor"ning so‘nggi yillardagi eng kuchli tarkibi yig‘ilandi o‘shanda.

- Kelasi mavsumdan o‘z strategiyalarini o‘zgartirgan "Navbahor"ga katta ehtimol bilan Sergey Lushan bosh murabbiylik qiladi. Jamoaga befarq bo‘lmagan futbolchi sifatida bunga munosabatingiz qanday?

- To‘g‘risini aytsam, Lushan bilan birga ishlamaganman va uning murabbiylik sohasida qanday salohiyatga ega ekanligi borasida menda to‘liq tushuncha yo‘q. Ammo bilishimcha, bu mutaxassis yoshlar bilan yaxshi ishlab, natija qila oladi. Uni "Bunyodkor"dagi faoliyatidan xulosa qilish mumkinki, yoshlarni uchrashuvlarga munosib tayyorlay oladi. Agar Lushan haqiqatdan ham kelasi yili nisbatan yoshargan "Nav-bahor"ni boshqarishi aniq bo‘lsa, mana ko‘rasiz, Namanganda raqobatbardosh jamoa shakllanadi.

- "Navbahor"ning Kubok finalidagi mag‘lubiyatining asosiy sababi nimada bo‘ldi deb o‘ylaysiz?

- O‘sha uchrashuv vaqtida "Fulad" safida bo‘lajak o‘yinga tayyorgarlik ko‘rayotgan edim. Tefonimni darvoza ortiga qo‘yib imkon qadar bahsni tomosha qilishga harakat qildim. O‘zim ko‘rolmagan vaziyatlarni esa jamoamizning darvozabonlar murabbiyidan so‘rab turdim. "Navbahor" gol urgan pallada xursand bo‘lib, buni nishonladik. To‘p o‘tkazib yuborsa asabiylashdim, xullas, jamoa bilan qalban birga bo‘ldim. Afsus, nasib qilmagan ekan, bu yil ham omad kulib boqmadi. Aslida Namanganda klub rivoji uchun so‘nggi yillarda misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirildi. Buni ja-moaning har bir a’zosi juda yaxshi his qiladi. Men amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan rahbariyatga bir necha bor murojaat qilib, klub rivoji uchun nimaiki qilinayotgan bo‘lsa futbolchi va murabbiylarni bir joyga to‘plab, bir yoqadan bosh chiqarib, bamaslahat ish yuritish kerakligini tushuntirdim. Biroq, baribir "Navbahor"dagi ayrim tizimlar noto‘g‘ri ishlashda davom etaverdi. Menimcha, yo‘l qo‘yilgan ana shu xato va kamchiliklar tufayli jamoa chempionlikka erisha olmadi.

- Shundayku-ya, lekin o‘tkazib yuborilgan gollarda Quvvatovni ayblayotganlar ham talaygina...

- Quvvatov nihoyatda kuchli darvozabon. Men aynan Sanjar akaga havas qilib futbolga kirib kelganman. Savolingizga kelsak, darvozabon bo‘lganim uchun bu pozisiya egalarining xatolarini tahlil qilib berolmayman. Chunki xuddi shunday vaziyat vaqti kelib mening boshimga tushishi ham mumkin. Futbolda hech kim xato va kamchiliklardan kafolatlanmagan.

- Nima bo‘lganda ham mavsumni "Navbahor"da yakunlab qo‘ysangiz bo‘larmidi...

- Ochig‘i, har bir futbolchi singari menda ham xorijda to‘p surish niyati yo‘q emasdi. Yashirmayman, so‘nggi 3 yil menda bunday imkoniyat yetarlicha bo‘ldi, ammo har safar "Nav-bahor" rahbarlari va mu-rabbiylari bilan maslahatlashgan holda jamoada qolishga qaror qildim. Agar bu yilgi mavsum so‘nggida Namangandan ketadigan bo‘lsam xorij chempionatlariga yo‘l ololmasdim. Chunki, u paytda boshqa kuchli chempionatlarda yangi mavsum boshlangan va ular o‘z saflariga darvozabon chaqirib bo‘lishardi. Odatda hech bir jamoa mavsum o‘rtasida yangi kiperlarni transfer qilmaydi. Shuning uchun Eronda chempionat boshlanishidan oldin "Fulad" chorlovini qabul qildim. To‘g‘ri tushuning menda qaytib bunday imkoniyat bo‘lmasligi ham mumkin edi. Ular "Navbahor"-ga kerakli summani to‘lab berishdi va o‘ylaymanki barchasi ko‘ngildagidek ro‘y berdi.

- Yangi muhit va o‘zgacha mentalitetga ko‘nikish qanday kechyapti?

- Boshida til masalasida biroz qiynaldim. Shukurki, hozir hammasi yaxshi. Qolaversa, bu yerda ismimni talaffuz qilishga qiynalishgani bois O‘tkir emas Yusufga aylanganman. "Navbahor"dan ketgach jamoada kuzatilayotgan voqe’liklarni ko‘rib yuragim achishdi. Barchasiga ko‘z yumib yana Namanganga qaytish haqida ham o‘yladim. Hattoki, bu masalada jamoa vise-prezidenti Otabek Samatov bilan ham gaplashdim. Aslida "Fulad"da o‘zimni qulay his qilishim uchun kerakli hamma sharoitlar yaratib berilgan, biroq odam ko‘p yillar non-tuzini yegan joydan birdaniga uzoqlashib ketishga qiynalarkan baribir.

- Eronga o‘sish va o‘ziga xos raqobatga kirishish uchun ketganingizni bilamiz. Xo‘sh, ayni damda barchasi kutganingizdekmi?

- To‘g‘ri ta’kidladingiz. "Nav-bahor"dagi faoliyatimning oxirgi yili o‘yinimda biroz pasayish kuzatilayotgandi. Hamkasbim Eldor Suyunov menga kerakli maslahatlarini berar ekan, buning sababini jamoada menga raqobatchi yo‘qligi bilan izohlagandi. Albatta, uning fikrida jon bor: futbolda raqobat juda muhim, ayniqsa darvozabonlar uchun. Eronda esa barchasi ko‘ngildagidek. Legionerga aylangach istaysizmi-yo‘qmi, o‘zingizni nimalarga qodirligingizni ko‘rsatishdan tashqari mahalliy futbolchilardan bir bosh ustun o‘yin namoyish etishingiz kerak.

- Oktyabr oyida Toshkentda Eronga qarshi uchrashuvda penaltini qaytargandingiz. Bu vaziyatni "Fulad" matbuot kotibi to‘g‘ri ma’noda yoritgani tufayli ishdan bo‘shatilgandi. Eronga qaytgach u bilan ko‘rishish imkoni bo‘ldimi?

- Jamoaga qaytgach u bilan ko‘rishish imkoni bo‘lmadi. Ammo klubdagilar "seni deb ishdan haydaldi", deya yaxshigina hazillashishdi.

- Milliy terma jamoamiz saralashning 3-bosqichiga o‘tgach, faqatgina bir taym yorqin o‘yin o‘tkazayotganday...

- Ehtimol, bu hal qiluvchi bosqich bo‘lgani uchun biroz ehtiyotkorroq o‘ynayotgandirmiz. Ayni damda biz uchun eng keraklisi natija. Bu bos-qichda qo‘lga kiritiladigan har bir ochko oltinga teng. Men to‘la ishonch bilan ayta olamanki, tarkibimizdagi har bir futbolchi vatinimiz sha’ni uchun maydonda bor kuch-salohiyatini ishga solmoqda. Muxlislar bizni doimgiday qo‘llab-quvvatlashda davom etishsa, Insha Alloh azaliy orzuimiz - jahon chempionatiga yo‘llanma olamiz.

- Umuman olganda JCHga chiqish imkoniyatlarimiz va Srechko Katanesga bildirilayotgan e’tirozlar haqida qanday fikrdasiz?

- JCHga yo‘llanma olish imkoniyatimiz hali ham yaxshi deb hisoblayman. Guruhda bizga potensial raqobatchi hisoblangan BAA qolgan 4ta tur uchrashuvining 3tasini safarda o‘tkazadi. O‘z uyidagi yagona uchrashuvda esa bizga qarshi maydonga tushadi. Ungacha nasib qilsa, Toshkentda Qirg‘izistonni yengib, Erondan ijobiy natija bilan qayta olsak, Dubaydagi uchrashuvda mundial yo‘llanmasini hal qilamiz. Katanes masalasiga kelsak, uning ish uslubi va o‘yinlarda qo‘llayotgan strategiyasi terma jamoaga nomzod barcha futbolchilarga ma’qul kelmoqda. To‘g‘risi, oldingi sikllarda muxlislar bosimi ostida avvaliga Ektor Kuper, keyingisida Vadim Abramov iste’foga chiqarildi. Agar bu safar Katanesga ham chiqish eshiklari ko‘rsatiladigan bo‘lsa futbolimiz yana 4 yil orqaga ketishi aniq.

- Superligada siz qo‘riqlayotgan darvozani ilk bor kim ishg‘ol qilganini eslay olasizmi?

- Igor Taran penaltidan gol kiritgan edi.

Xurshid YUSUPOV suhbatlashdi.

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:10, 20.12.2024.
O'qildi: 822 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.