Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining yarim final bahslari yakunlandi.
Musobaqada ayollar va erkaklar o‘rtasida 10 tadan vazn toifasida janglar tashkil etildi. Yarim finalga 11 nafar o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalari yetib kelgan edi.
Bugungi kunning dastlabki jangida Nigina O‘ktamova (-57 kg) hindistonlik Jasminga qarshi ringga ko‘tarildi. Teng kurashlar ostida o‘tgan yarim final bahsida hakamlar qaroriga ko‘ra g‘alaba hindistonlik sportchiga berildi — 2:3.
-75 kg vazn toifasida Javohir Abdurahimov ham yarim final jangida ishtirok etdi. U hindistonlik Akashga qarshi bahs olib borib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Butun jang davomida tezkorligini namoyish etgan O‘zbekiston terma jamoasi vakili 4:1 hisobida g‘alaba qozonib, finalga yo‘l oldi.
-85 kg vazn toifasida O‘zbekiston terma jamoasi vakili Jasurbek Yo‘ldoshev yarim finalda hindistonlik Lokeshga qarshi ringga chiqdi. Qiziqarli kechgan jangda bokschi har tomonlama ustunlikni qo‘lga kiritib, 5:0 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi.
-80 kg vazn toifasida Fazliddin Erkinboyev final yo‘llanmasi uchun janubiy koreyalik Kim Minseongga qarshi jang o‘tkazishi kerak edi. Biroq raqib jangdan bosh tortgani sababli Erkinboyev g‘olib deb topildi.
-60 kg vazn toifasida O‘zbekiston terma jamoasi vakili Abdurahmon Mahmudjonov yarim finalda qozog‘istonlik Orazbek Assilkulovga qarshi ringga ko‘tarildi. Qiziqarli va murosasiz kechgan bahsda Mahmudjonov 2:3 hisobida imkoniyatni boy berib, musobaqani bronza medali bilan yakunladi.
Kun doirasidagi so‘nggi yarim final jangida -92 kg vazn toifasida Halimjon Mamasoliyev qozog‘istonlik Tog‘ambay Sagindik bilan bahs olib bordi. Bokschi 4:1 hisobida g‘alaba qozonib, final bosqichiga yo‘l oldi.
Shuningdek, 6 aprel kungi dastur doirasida -80 kg vazn toifasidagi Ruxshona Parpiyeva to‘g‘ridan-to‘g‘ri final bosqichiga yo‘l olgan bo‘lsa, -75 kg vaznda Aziza Zokirova hamda -65 kg vazn toifasida Abdulloh Madaminov oltin medal uchun ringga ko‘tarilish imkoniyatini qo‘lga kiritgan edi.
Final, ayollar:
-75 kg: Aziza Zokirova (O‘zbekiston) – Bao Szi (Xitoy)
-80 kg: Ruxshona Parpiyeva (O‘zbekiston) – Nadejda Ryabes (Qozog‘iston)
Final, erkaklar:
-65 kg: Abdulloh Madaminov (O‘zbekiston) – Bundjong Sinsiri (Tailand)
-75 kg: Javohir Abdurahimov (O‘zbekiston) – Sabirjan Akkalikov (Qozog‘iston)
-80 kg: Fazliddin Erkinboyev (O‘zbekiston) – Husayn Ishaish (Iordaniya)
-85 kg: Jasurbek Yo‘ldoshev (O‘zbekiston) – Nurbek Oralbay (Qozog‘iston)
-90 kg: Halimjon Mamasoliyev (O‘zbekiston) – Parviz Karimov (Tojikiston)
20 ta vazn toifasida to‘liq tarkibda ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasining 4 nafar bokschisi bronza medaliga ega bo‘ldi, yetti nafar charm qo‘lqop ustasi oltin medal uchun bahs olib boradi.













