«Real»ning sobiq yarim himoyachisi Xames Rodriges Ispaniyada soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash ishi bo‘yicha o‘tkazilgan sudda g‘olib chiqdi, deb xabar bermoqda El Mundo.
Ispaniya soliq polisiyasi hozirda «Minnesota» klubida to‘p surayotgan kolumbiyalik futbolchini 2014 yilda, ya’ni «Monako»dan «Real»ga o‘tgan vaqtida soliqlarni to‘lamaganda ayblagan edi. Xames o‘sha davrda mamlakatning soliq rezidenti bo‘lmaganini, chunki 2014 yil 22 iyulda Madrid klubiga o‘tishi e’lon qilingunga qadar Monako hududida yashaganini va transfergacha Ispaniya bilan hech qanday aloqasi bo‘lmaganini ta’kidlab kelgan.
Barcha taqdim etilgan hujjatlarga qaramay, soliq organlari Xamesning dalillarini rad etishgan edi. Ular o‘z qarorlarini 2014 yilda futbolchi Ispaniyada sezilarli darajada ko‘p daromad topgani («Real»dan 4,3 mln yevro va imij huquqlari uchun 11 mln yevro, «Monako»dan esa 2,2 mln yevro) bilan asoslashgan.
Biroq sud Xames 2014 yil davomida kamida 202 kun Monakoda yashaganini «inkor etib bo‘lmas darajada isbotlagan» degan xulosaga keldi va futbolchi himoyasining barcha dalillarini qabul qildi. Markaziy iqtisodiy ma’muriy sudning (TEAC) 2020 yil 27 oktyabrdagi Xamesga qarshi chiqargan qarori va u bilan bog‘liq barcha jarimalar bekor qilindi. Endi Ispaniya g‘aznachiligi Xames Rodrigesga 3 million yevrodan ortiq mablag‘ni qaytarib berishga majbur bo‘ladi.













