Kanadaning Vankuver shahrida Osiyo futbol konfederasiyasining 36-Kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda OFK Ijroiya qo‘mitasining Markaziy Osiyo mintaqasi vakili, O‘FA birinchi vise-prezidenti Ravshan Irmatov boshchiligidagi O‘zbekiston futbol assosiasiyasi delegasiyasi ham ishtirok etdi.
Tadbirda FIFA Prezidenti Janni Infantino hamda OFK Prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifa Osiyo futbolida katta o‘zgarishlarga boy bo‘lgan yil yakunlari haqida to‘xtalib, qit’a futbolining rivojida birlik va hamjihatlik muhim omil bo‘lib qolayotganini ta’kidlab o‘tishdi.
OFK Prezidenti 2026 yilgi FIFA Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan a’zo assosiasiyalarni, xususan, ilk bor mundial ishtirokchisiga aylangan O‘zbekistonni ham alohida tabriklab o‘tdi. Ushbu tarixiy voqelik Osiyoda futbol yangi bosqichga chiqib borayotganidan dalolat berishini qayd etdi.
Kongress davomida keyingi yili Saudiya Arabistoni maydonlarida bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogi musobaqasi haqida so‘z borib, yanvar oyida Osiyo futbolida haqiqiy bayram bo‘lishiga ishonch bildirildi. Shuningdek, kun tartibiga muvofiq, tashkilotning 2025 yil yakunlari bo‘yicha moliyaviy va auditorlik hisobotlari tasdiqlandi.













