Sergey Chigodayev boshqaruvidagi O‘zbekiston U-17 terma jamoasi 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi 2026-yilgi Osiyo Kubogida ishtirok etmoqda. 1-tur doirasida Avstraliya Hindiston ustidan yirik — 4:0 hisobida g‘alabaga erishdi va “D” guruhida 1-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston, Avstraliya va Hindiston bilan bir guruhdan o‘rin olgan KXDR U-17 terma jamoasi Osiyo kubogi musobaqasida ishtirok eta olmasligi ma’lum bo‘ldi. Shu sababli, O‘zbekiston U-17 terma jamoasi guruh bosqichidagi ishtirokini 10 may kuni Hindistonga qarshi 2-tur o‘yini bilan boshlaydi. Ushbu bahsdagi g‘alaba jamoaga 2026-yilgi U-17 Jahon chempionati yo‘llanmasini taqdim etadi.
3-tur uchrashuvi 13 may kuni Avstraliyaga qarshi bo‘lib o‘tadi. Guruhda 1 va 2-o‘rinni egallagan jamoalar pley-off bosqichi va 2026 yil Qatar mezbonlik qiladigan U-17 Jahon chempionati “chiptasi”ga ega bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, mazkur musobaqa Osiyo futbol konfederasiyasi tomonidan 21-marta tashkil etilmoqda. O‘zbekiston mazkur turnirning amaldagi g‘olibi hisoblanadi. 2025 yil aprel oyida Saudiya Arabistonining Jidda va Toif shaharlarida o‘tkazilgan qit’a chempionatida Islombek Ismoilov boshqaruvidagi O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi o‘tkazilgan 6 ta uchrashuvning barchasida g‘alaba qozonib, bosh sovringa ega chiqqan edi.
Turnirda eng yaxshi natija ko‘rsatgan sakkizta jamoa OFK vakili sifatida Qatar mezbonlik qiladigan 2026-yilgi 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. Musobaqa 5–22 may kunlari Saudiya Arabistonining Jidda shahrida o‘tkaziladi.













