Ispaniyaning «Betis» klubi hujumchisi Antoni Braziliya terma jamoasining 2026 yilgi Jahon chempionati uchun yakuniy qaydnomasiga kiritilmaganiga munosabat bildirdi. Musobaqa shu yilning iyun-iyul oylarida Kanada, Meksika va AQSH yashil maydonlarida bo‘lib o‘tadi.
Futbolchi bosh murabbiy Karlo Anchelottining ushbu qaroridan xafa bo‘lganini tan oldi, biroq milliy terma jamoaga qaytish uchun mehnat qilishda davom etishini ta’kidladi.
«Terma jamoa bilan Jahon chempionatida ishtirok eta olmasligimdan xafaman, lekin ichim xotirjam va shu vaqtgacha erishgan barcha yutuqlarim bilan faxrlanaman. Men xuddi doimgidek ishlashda davom etaman, chunki bu orzu hali ham tirik», - deb yozdi Antoni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.
Braziliyalik vinger, shuningdek, turnirga yo‘l olayotgan jamoadoshlarini qo‘llab-quvvatladi:
«Endi Braziliya sharafini himoya qilib, oltinchi bor JCH kubogini qo‘lga kiritish uchun kurashadigan do‘stlarimga muxlislik qilish vaqti keldi. Men ularni shu yerdan turib qo‘llab-quvvatlayman».
Joriy mavsumda futbolchi barcha musobaqalarda 45 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 14 ta gol va 10 ta golli uzatmani yozdirib qo‘yishga ulgurdi.













