Xalqaro futbol assosiasiyalari federasiyasi (FIFA) Eron milliy terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati uchun mashg‘ulot bazasini AQSHdan Meksikaga ko‘chirganini tasdiqladi.
Eron dastlab AQSHning Arizona shtatidagi Tuson shahrida joylashishi kerak edi, ammo jamoa yangi baza sifatida chegara hududidagi Tixuana shahrini tanladi. Lagerning ko‘chirilishi viza bilan bog‘liq murakkabliklardan qochish imkonini beradi, shuningdek jamoa Meksikaga Iran Air reyslari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvoz qila oladi.
Eron terma jamoasi guruh bosqichidagi dastlabki ikki uchrashuvini Los-Anjelesda o‘tkazadi: 15 iyun kuni jamoa Yangi Zelandiyaga qarshi maydonga tushsa, 21 iyunda Belgiya bilan bahs olib boradi. Shundan so‘ng Eron 26 iyun kuni Sietl shahrida Misrga qarshi o‘ynaydi.
2026 yilgi Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi.













