«Barselona» Xulian Alvares transferi uchun hal qiluvchi haftaga kirdi. Kataloniya klubi hujumchidan «Atletiko» rahbariyatini muzokara boshlashga ko‘ndirishini kutmoqda.
Yaqin kunlarda Alvares va madridliklar prezidenti Migel Anxel Xil Marin o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Oldin bir necha marta kechiktirilgan ushbu muloqotda argentinalik futbolchi «Barselona»ga o‘tish imkoniyatini muhokama qilmoqchi.
Marca'ning yozishicha, Alvares klub prezidentidan avval berilgan va’daga amal qilishni so‘raydi. Unga ko‘ra, hujumchi istak bildirgan taqdirda, «Atletiko» uning yozda ketishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak.
«Barselona» esa jarayonni ortiqcha cho‘zishni istamayapti va shu haftaning o‘zida aniq javob kutmoqda. Agar «Atletiko» muzokaralarga rozi bo‘lsa, kataloniyaliklar rasmiy taklif ustida ish boshlaydi. Rad javobi berilsa, klub Alvares masalasini yopib, boshqa hujumchiga o‘tadi.
Muqobil nomzodlar sifatida quyidagi futbolchilar tilga olinmoqda:
- Lautaro Martines;
- Mikel Oyarsabal;
- Luis Suares;
- Viktor Dyokeresh.
Biroq hozircha ularning hech biri bo‘yicha aniq harakat amalga oshirilmagan. Sport direktori Deku va bosh murabbiy Hansi Flik Alvaresning qarorini kutmoqda.
Yana bir variant — yangi markaziy hujumchi xarid qilmaslik. Bunday holatda Lamin Yamal, Dani Olmo, Rafinya, Karim Adeyemi yoki Entoni Gordondan «soxta to‘qqizlik» sifatida foydalanilishi mumkin.
Alvares hozirda «Barselona»ning yozgi transferlar oynasidagi asosiy maqsadi bo‘lib turibdi. Rodri va Joau Kanseluning transferlari yakuniy bosqichga kirgan, Ferran Torres sotuvidan esa 50 mln yevro ishlab olingani aytilmoqda.













