Xosep Gvardiola va Yurgen Klopp kabi ikki buyuk murabbiy qo‘l ostida ishlagan mutaxassis Pep Linders ushbu ikki murabbiyning ish uslubini solishtirdi. Niderlandiyalik murabbiy uzoq yillar davomida Kloppga «Liverpul»da yordam bergan bo‘lsa, o‘tgan mavsumni Gvardiolaning murabbiylar shtabida o‘tkazdi.
Ispaniyalik mutaxassisning «Manchester Siti»dan ketishi ma’lum bo‘lgach, Linders ham klubni tark etishi oydinlashdi. U Daily Mail nashriga bergan intervyusida Gvardiola va Kloppning umumiy jihatlarini ta’kidlab o‘tdi:
«Gvardiola bilan biz ertalabdan kechgacha tinim bilmay ishlardik. U har bir o‘yinga xuddi jarroh yurak operasiyasiga tayyorgarlik ko‘rayotgandek katta mas’uliyat bilan yondashadi. U uchun har bir detalning to‘g‘ri ishlashiga ishonch hosil qilish muhim. Gvardiola ham, Klopp kabi o‘z futbolchilarini chin dildan sevadi — aynan shu fazilat top-murabbiylarni boshqalardan ajratib turadi», — deydi Linders.
Ma’lumot o‘rnida, Xosep Gvardiola 10 yillik faoliyatidan so‘ng «Manchester Siti»ni tark etdi. Ushbu davr mobaynida jamoa 20 ta yirik sovrinni qo‘lga kiritdi.













