Taniqli insayder Djeyms Pirsning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, “Liverpul” himoyachisi Jo Gomes katta ehtimol bilan kelasi mavsumni ham Mersisayd klubi safida o‘tkazadi.
Yaqindagina “Enfild”dagi o‘zining 11-mavsumini yakunlagan Gomes ayni paytda jamoa tarkibida eng uzoq vaqtdan beri to‘p surayotgan futbolchi hisoblanadi. Uning amaldagi shartnomasi tugashiga yana bir yil vaqt qolgan.
29 yoshli futbolchiga avvalgi transfer oynalarida ham boshqa klublar tomonidan jiddiy qiziqishlar bo‘lgan edi, biroq u har safar “Liverpul”da qolishni afzal ko‘rgan. Jo Gomes shartnomasining so‘nggi yilini ham jamoada o‘tkazishi kutilmoqda, ammo undan keyingi uzoq muddatli kelajagi hozircha noma’lum bo‘lib turibdi.
Gomesning tez-tez jarohat olishga moyilligiga qaramay, tarkibda qolishi jamoa himoya chizig‘idagi raqobatni saqlab qolish uchun muhim. Ayniqsa, “Liverpul”da besh yil davomida to‘p surgan Ibraima Konatening shu yozda erkin agent sifatida ketishi kutilayotgan bir paytda, Gomesning tajribasi klub uchun qo‘l kelishi aytilmoqda.













