«Inter» vise-prezidenti Xavyer Dzanetti Fabrisio Romanoga bergan intervyusida Lautaro Martinesning jamoaga kelishi tafsilotlari va futbolchining o‘sishi haqida so‘zlab berdi.
Dzanettining ta’kidlashicha, «Inter» Lautaroga Argentinadayoq e’tibor qaratgan va imkoniyatdan foydalanib, uni zudlik bilan qo‘lga kiritishga harakat qilgan.
«Pyero Auzilio bilan birgalikda transfer ustida ishlashni boshladik, keyin Pyero Argentinaga uchib ketdi», — deya esladi Dzanetti.
Vise-prezident yosh futbolchilarni sotib olishda ularning kelajakdagi salohiyati muhimligini ta’kidladi:
-
«Janubiy Amerikadan yosh o‘yinchini olganingizda, u hozir kim ekani haqida emas, 4-5 yildan keyin nimalarga qodirligi haqida o‘ylaysiz».
-
«To‘g‘risini aytsam, biz uning hozirgi darajasiga yetishini taxmin qilgandik, lekin u kutganimizdan ham ortiqroq natija ko‘rsatdi».
Dzanetti Lautaroning klubga sadoqatini alohida qayd etdi: «Birovning omma oldida "men klubda abadiy qolaman" deb aytishini har doim ham uchratavermaysiz. U argentinalik sifatida menga yaqin bo‘lishi bilan birga, ulkan qadriyatga ega va hech kim uning mahoratini shubha ostiga olmaydi».
Ma’lumot uchun: Lautaro Martines 2025/26 yilgi mavsumda «Inter» safida barcha turnirlarda 41 ta o‘yinda maydonga tushib, 22 ta gol va 6 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.













