Braziliya terma jamoasi ustozi lavozimida ishlayotgan italiyalik mutaxassis Karlo Anchelotti Misr milliy jamoasiga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvida hujumchi Endrik ko‘rsatgan o‘yin haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Ushbu bahsda hujumchi gollardan biriga mualliflik qildi va «selesao» 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
«Endrik — pozisiyani to‘g‘ri tanlay oladigan kuchli futbolchi. U vaziyatlardan unumli foydalanishni biladi. Terma jamoa uchun u juda muhim o‘yinchi, shu zaylda davom etishi kerak. Shuningdek, biz uchun Kunya ham muhim ahamiyatga ega. To‘g‘ri, u hujumni yakunlashda Endrikdek kuchli bo‘lmasligi mumkin, ammo o‘yinni shakllantirishda juda faol», — deya Anchelottining so‘zlarini keltiradi Globo.
Jahon chempionati – 2026 guruh bosqichida Braziliya terma jamoasi Marokash, Shotlandiya va Gaiti jamoalariga qarshi maydonga tushadi.













