«Liverpul»ning sobiq himoyachisi Deyan Lovren Muhammad Salohning shu yozda ingliz klubini tark etishga qaror qilgani sababini tushuntirib berdi. Uning ta’kidlashicha, muammo «qizillar»ning sobiq bosh murabbiyi Arne Slotda bo‘lgan.
«Menimcha, Salohning rahbariyat bilan munosabatlari yomon bo‘lmagan. Hamma gap bir kishi — Arne Slotda edi. Ularning munosabatlari murakkab edi. Saloh Klopp bilan juda yaxshi chiqishardi, doim ham hamma narsa ideal bo‘lmagandir, lekin ular bir-biriga ishonishardi. Muhammad maydonda bor kuchini berardi, Klopp esa unga ishonch bag‘ishlardi. Biroq Slot bilan hammasi buning teskarisi bo‘ldi», – deya Lovrenning so‘zlarini keltiradi winwin nashri.
Eslatib o‘tamiz, Arne Slot 2025/26 yilgi mavsum yakunidan so‘ng «Liverpul»dan bo‘shatilgan edi. «Qizillar»ning yangi murabbiyi etib Andoni Iraola tayinlandi.













