Madridning «Real» klubi markaziy himoyachisi Raul Asensio jamoa yangi bosh murabbiy Joze Mourinyo qo‘l ostida katta muvaffaqiyatlarga erisha oladi deb hisoblaydi.
Portugaliyalik mutaxassisning tayinlangani haqida iyun oyi boshida e’lon qilingan edi. U iste’foga chiqqan Alvaro Arbeloaning o‘rnini egallaydi.
«Yangi mavsumda La Ligada g‘olib chiqa olamizmi? Ha, albatta! O‘z vaqtida uning qo‘l ostida «Real» ochko yig‘ish bo‘yicha rekord o‘rnatgan edi. Biz sovrin uchun kurashamiz.
Bolaligimda Mourinyo jamoani qanday o‘zgartirganini kuzatganman. U futbolchilarga xarakter va kuchli ishtiyoqni singdira olgan. Joze bilan ish boshlashni intiqlik bilan kutyapman», — dedi Asensio ElDesmarque nashriga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, Joze Mourinyo o‘zining dastlabki murabbiylik davrida, 2010 yildan 2013 yilgacha «qaymoqranglilar»ni boshqargan edi.













