Madridning «Atletiko» klubi o‘z hujumchisi Xulian Alvaresni qanday summa evaziga sotishga tayyor ekanligi ma’lum bo‘ldi.
The Mirror nashrining ta’kidlashicha, «matraschilar» barcha qiziqish bildirayotgan klublarga, jumladan Londonning «Arsenal» jamoasiga ham Alvares faqat uning shartnomasida ko‘rsatilgan 500 million yevrolik tovon puli to‘liq faollashtirilgan taqdirdagina klubni tark etishini ma’lum qilgan.
«Atletiko» prezidenti Enrike Sereso Alvaresni jamoada saqlab qolish fikrida qat’iy turibdi va uning keyingi mavsumda ham klubda qolishini kutmoqda. Yaqindagina ushbu funksioner argentinalik yulduzni «Real Madrid» klubiga 150 million yevroga sotishdan bosh tortgan va bu vaziyatda ham shartnomadagi tovon puli miqdorini ro‘kach qilgan edi.
Ortda qolgan 2025/26 yilgi mavsumda Alvares barcha musobaqalarda jami 49 ta o‘yinda maydonga tushib, 20 ta gol urdi va 9 ta golli uzatmani amalga oshirdi.













