Kolumbiya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Nestor Lorenso O‘zbekistonga qarshi kechgan Jahon chempionati guruh bosqichining 1-tur uchrashuvidan (3:1) so‘ng matbuot anjumanida ishtirok etdi. Mutaxassis o‘yin qiyin kechganini ta’kidlab, raqibning himoyadagi harakatlariga baho berdi.
Lorenso O‘zbekiston terma jamoasining tartibli o‘yin ko‘rsatganini alohida e’tirof etdi:
“Oson bo‘lmasligi aniq edi. Biz hisobdagi farqni yanada yirikroq qilishimiz mumkin edi, biroq raqib juda yaxshi harakat qildi — tartibli va himoyada zich o‘ynashdi. Bu esa bizga hujumda qiyinchilik tug‘dirdi”.
Shuningdek, murabbiy o‘z jamoasining kamchiliklari va ikkinchi bo‘limda kiritilgan o‘zgarishlar o‘z samarasini bergani haqida to‘xtalib o‘tdi:
“Kuchni behuda sarflamaslik kerak. Vaziyatlardan unumli foydalana olmadik va to‘p nazoratini ushlab turishda qiynaldik. Nazarimda, jamoaga yangi kuchlar kiritish kerak edi va buni amalga oshirganimizdan so‘ng o‘yinimiz ancha yaxshilandi. Luis Dias, Daniel Munoz va Jaminton Kampazlarning gol urgani bizni quvontiradi. Bu keyingi o‘yinlar oldidan bizga katta ishonch bag‘ishlaydi. Biz deyarli markaziy himoyachilarimizni maydon markazigacha chiqarib o‘ynadik. Haqqoniy g‘alabaga erishdik va bu bizga xotirjamlik bag‘ishlaydi”, deydi kolumbiyaliklar ustozi.
Ma’lumot uchun, guruhdagi navbatdagi 2-tur uchrashuvlarida 23 iyun kuni Portugaliya terma jamoasi O‘zbekiston milliy jamoasiga qarshi maydonga tushsa, 24 iyunda Kongo DR va Kolumbiya o‘zaro kuch sinashadi. Hal qiluvchi 3-tur bahslari esa 28 iyun kuniga belgilangan bo‘lib, unda Portugaliya Kolumbiya bilan, Kongo DR esa O‘zbekiston terma jamoasi bilan bahs olib boradi.













