O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq himoyachisi Oleg Sobirov JCH-2026da «oq bo‘rilar»ning ishtiroki haqida fikr bildirdi.
Markaziy Osiyo uchun katta yutuq
— Uchinchi o‘rinni egallash uchun imkoniyat har doim bor. Ilk ikki uchrashuvga baho beradigan bo‘lsak, bu O‘zbekistonning jahon chempionatidagi debyut tajribasi. Jamoa yosh, tarkib ko‘p jihatdan yangilangan. Hozircha biz raqiblardan tezlik va jismoniy qudrat borasida ortdamiz.
Portugaliyaga qarshi bahsda (0:5) Yevropa top-jamoalaridan biriga qarshi o‘ynadik. Portugaliyaliklar qaror qabul qilish va fikrlashda bizdan bir necha soniya oldin harakat qilayotgani yaqqol ko‘rindi. Birinchi marta bo‘layotgan ishlardan qo‘rqish kerak emas.
Bu mag‘lubiyatlarda ham Markaziy Osiyo uchun katta ijobiy tomon bor. O‘zbekiston terma jamoasi imkoni yo‘qdek tuyulgan narsa ham mumkinligini isbotladi. Hozir qo‘shni davlatlarning barchasi jamoamiz uchun muxlislik qilmoqda. Hech kim terma jamoani tanqid qilayotgani yo‘q, chunki hamma vaziyatni yaxshi tushunadi. Albatta, boshqacha natija kutilgan edi, ammo hammasi hali oldinda. Inshoolloh, keyingi jahon chempionatiga jamoa ancha katta tajriba bilan boradi va vaziyat boshqacha bo‘ladi, — dedi Sobirov.
Kongo DRga qarshi o‘yin haqida
— Kongo kuchli, jismoniy baquvvat va harakatchan jamoa. Ular bilan teng kurashish mumkin. Agar guruhdagi dastlabki ikki raqib jahon chempionatlarida ko‘p ishtirok etgan tajribali terma jamoalar bo‘lsa, Kongo bilan o‘ynasa bo‘ladi va ularni mag‘lub etish qo‘limizdan keladi. Ular zaif emas, lekin saviya jihatidan ham bizdan ustun emas. Ha, ular o‘z kuchini jismoniy tayyorgarlik va chidamkorlikdan oladi. Bashorat qilishni yoqtirmayman, ammo O‘zbekiston bu o‘yinda yaxshi natija bilan guruh bosqichini yakunlashini juda istayman, — dedi u.
Kapadze va Kannavaro masalasi
— Timur Kapadze terma jamoada qolganida nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Agar u Fabio Kannavaro bilan bir shtabda ishlaganida, balki bu jamoaga yanada ko‘proq foyda keltirgan bo‘lardi. Timur tilni ham, futbolchilar mentalitetini ham yaxshi biladi va ba’zi nozik jihatlarni yetkazib bera olardi.
Ammo tasavvur qiling, agar O‘zbekiston Kolumbiyani mag‘lub etganida, hozir hamma Kannavaroni ideal tanlov deb aytardi. Shuning uchun «agar» bilan fikr yuritish to‘g‘ri emas. Hozirgi holatdan kelib chiqish kerak. Kannavaro jamoaga ko‘p narsa olib kirdi. Kapadze esa o‘z yo‘lini tanladi, bu uning shaxsiy qarori. Eng yomoni — «u qolganida nima bo‘lardi?» degan fikrlarga berilishdir, — dedi Sobirov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi JCH-2026 guruh bosqichida Kolumbiyaga 1:3 va Portugaliyaga 0:5 hisoblarida mag‘lub bo‘lgan.
Ikki turdan keyin K guruhidagi holat quyidagicha:
1. Kolumbiya — 6 ochko
2. Portugaliya — 4 ochko
3. Kongo DR — 1 ochko
4. O‘zbekiston — 0 ochko
Guruh bosqichining so‘nggi turida O‘zbekiston Kongo DRga qarshi maydonga tushadi, Portugaliya esa Kolumbiya bilan bahs olib boradi.
Ma’lumot uchun, Oleg Sobirov 2010 yilda Qostanayning «Tobol» klubi safida Qozog‘iston chempioni bo‘lgan hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida to‘qqizta uchrashuvda ishtirok etgan.













