O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionatidagi omadsiz ishtiroki qisman bosh murabbiy Fabio Kannavaroning noto‘g‘ri taktik qarorlari bilan bog‘liq. Bu haqda terma jamoaning sobiq ustozi Valeriy Nepomnyashchiy RIA Novosti nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Turnir debyutantlari bo‘lgan O‘zbekiston guruh bosqichida Kolumbiya (1:3), Portugaliya (0:5) va Kongo DR (1:3) terma jamoalariga imkoniyatni boy berdi. Kannavaro O‘zbekiston terma jamoasiga 2025-yilning oktyabr oyida bosh murabbiy etib tayinlangan, biroq jamoa Jahon chempionati yo‘llanmasini Temur Kapadze qo‘l ostida qo‘lga kiritgan edi.
“Balki bu haqda gapirishim unchalik o‘rinli emasdir, lekin men jamoani Temur Kapadze boshqarishi kerak edi, deb hisoblayman. Nazarimda, Kannavaro futbolchilarning darajasini to‘g‘ri baholay olmadi va o‘yinlar uchun to‘g‘ri taktika tanlamadi. U futbolchilarni o‘z g‘oyasiga moslashtirishga urinmasdan, ularning eng yaxshi xislatlaridan foydalanishi kerak edi. Yigitlar bilan uzoq vaqt ishlagan Kapadze esa ularning imkoniyatlarini yaxshiroq biladi. Birinchi o‘yinda jamoa bir oz o‘zini yo‘qotib qo‘ydi va juda ehtiyotkor o‘ynadi, ikkinchi o‘yinda esa, aksincha, juda ochiq va tavakkaliga harakat qildi”, deydi Nepomnyashchiy.
Mutaxassis O‘zbekiston terma jamoasining o‘yin uslubi borasida o‘z e’tirozlarini ham bildirib o‘tdi:
“Uchinchi o‘yinda nimadir o‘xshagandek bo‘ldi, biroq raqib ham unchalik kuchli emasdi. Men juda xafa bo‘ldim, chunki O‘zbekiston terma jamoasi uchinchi o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqsa kerak, deb o‘ylagandim. Ammo o‘xshamadi. Biz bilgan futbolchilar o‘zlarini yetarlicha ko‘rsata olishdi. Lekin bunday tarkib bilan himoyada o‘ynash va qarshi hujumga qochib ketish mumkin bo‘lgan vaziyatlarni poylash kerak edi. Axir ularda bu imkoniyatlardan foydalana oladigan o‘yinchilar bor-ku. Portugaliya yoki Kolumbiya bilan tengma-teng o‘ynashga urinish butunlay noto‘g‘ri edi”.
Ma’lumot o‘rnida, mutaxassis Valeriy Nepomnyashchiy 2006-yilda O‘zbekiston milliy terma jamoasida ishlagan.













