Madridning «Atletiko» klubi va Ispaniya terma jamoasi yarim himoyachisi Aleks Baena Madridning «Real» klubi yarim himoyachisi Federiko Valverde bilan sodir bo‘lgan mushtlashuvdan keyin faoliyatida yuzaga kelgan qiyinchiliklar haqida gapirib berdi.
Mojaro 2023 yilda yuz bergan edi. O‘shanda Baena uchrashuvlardan birida urugvaylik futbolchini haqorat qilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Keyinchalik Valverde futbolchini avtoturargohda kutib olib, uning yuziga zarba bergan. Ispaniyalik futbolchi polisiyaga ariza yozgan, biroq keyinchalik ushbu da’vo rad etilgan.
«Eng yomoni, yaqinlarimga ham xabarlar kela boshlagani bo‘ldi. Ularga tahdidlar yozishar, tun yarmida qo‘ng‘iroq qilib, o‘ldirish bilan qo‘rqitishardi. To‘g‘risini aytsam, ular uchun o‘zimdan ko‘ra ko‘proq qayg‘urdim... Agar psixolog bo‘lmaganida, katta ehtimol bilan bugun men bu yerda bo‘lmasdim», — deya yarim himoyachining so‘zlarini keltiradi Mundo Deportivo nashri.
Ayni damda Aleks Baena JCH-2026da ishtirok etish uchun Ispaniya terma jamoasi ixtiyorida bo‘lib turibdi. Jamoa 1/16 final bosqichi doirasida Avstriya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.













