FIFA prezidenti Janni Infantino AQSH terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogunning vaqtincha to‘xtatilgan diskvalifikasiyasi yuzasidan bayonot berdi. Bu qaror futbolchiga 7 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan JCH-2026 1/8 finalida Belgiyaga qarshi bahsda ishtirok etish imkonini beradi.
Infantino FIFA Intizom qo‘mitasining qarori atrofidagi muhokamalarga munosabat bildirib, tashkilotning sud organlari mustaqil faoliyat yuritishini ta’kidladi.
«Folarin Balogun diskvalifikasiyasi bo‘yicha FIFA mustaqil Intizom qo‘mitasi qarori yuzasidan jamoatchilik fikrlari bilan tanishdim va FIFA boshqaruvining asosiy tamoyilini yana bir bor ta’kidlamoqchiman.
FIFAning sud organlari mustaqildir. Ular avtonom tarzda ishlaydi, FIFA Intizom kodeksiga amal qiladi va har bir ish bo‘yicha qarorni amaldagi qoidalar hamda aniq holatlardan kelib chiqib qabul qiladi. Ularning mustaqilligi futbolga bo‘lgan ishonch va uning yaxlitligini ta’minlaydi va bu har doim hurmat qilinishi kerak.
Ha, men muntazam ravishda jahon chempionatiga oid masalalarni AQSH prezidenti bilan muhokama qilaman. Bu masala bo‘yicha menga prezident Donald Tramp ham qo‘ng‘iroq qildi. Shuningdek, turli davlat rahbarlari, hukumat amaldorlari, futbol jamoatchiligi va biznes vakillari ham turli mavzularda murojaat qiladi. Suhbat davomida men bu ish FIFAning mustaqil sud organlari tomonidan ko‘rib chiqilayotganini va belgilangan tartibda vakolatli idoralar tomonidan hal etilishini tushuntirdim. FIFA tizimi aynan shunday ishlaydi va men har doim shu tamoyilga amal qilaman.
Men Intizom qo‘mitasi qarorlari e’lon qilingach, ular bilan tanishaman. Ba’zan ular meni hayratga soladi. Ba’zan rozi bo‘laman, ba’zan esa yo‘q.
Ammo men har doim ushbu qarorlar va ularni qabul qiluvchi mustaqil organlarning avtonomiyasini hurmat qilaman. Qaror bizga yoqadimi yoki yo‘qmi — bu muhim emas. Mustaqil institutlar va qonun ustuvorligiga hurmat musobaqalarimiz shaffofligi hamda FIFA nufuzini himoya qiladi», — dedi Infantino.
Uning so‘zlarini jurnalist Ben Jeykobs X ijtimoiy tarmog‘ida keltirdi.













